Sport | 20:07 / 24.01.2019
8097
4 daqiqa o‘qiladi

Osiyo Kubogi. Yaponiya Vetnamni penaltidan urilgan gol evaziga mag‘lub etdi

Osiyo Kubogi chorak finali doirasidagi ilk o‘yin yakuniga yetdi. Dubay shahridagi «Al Maktoum Stadium»da o‘z tarixida ilk marotaba saralashdan o‘tib, Osiyo Kubogi final bosqichiga chiqqan Vetnam turnirning eng ko‘p karra chempioni Yaponiyaga qarshi maydonga chiqdi.

Birinchi bo‘limning dastlabki daqiqalaridayoq Vetnam tasodif tufayli chorak finalga yetib kelmaganini isbotladi: o‘yin kutilmaganda yaponlarning emas, vetnamliklarning tashabbusga ega bo‘lishi bilan boshlandi. Jamoa kuchli raqibga qarshi ochiq o‘yin va keskin futbol taklif eta oldi, qarshi hujumlaridagi o‘tkirlik butun taym davomida Yaponiya muxlislarini xavotirda ushlab turdi. Birinchi gol, garchi o‘yindan tashqari holat tufayli inobatga olinmagan bo‘lsa-da, aynan Vetnam tomonidan kiritildi. Bo‘lim o‘rtalarida Yaponiyaning ham bir goli bekor qilindi: bosh hakam VAR`ga murojaat qilib, burchak zarbadan so‘ng Maya Yoshida to‘pni qo‘li bilan o‘ynagan, deb topdi.

Umuman, dastlabki 45 daqiqalikda garchi Yaponiya 70 foizlik to‘p nazoratiga erishgan bo‘lsa-da, bu bilan raqibdan ustunlikka erisha olgani yo‘q: zarbalar bo‘yicha hisob 6:4, aniq zarbalar bo‘yicha 3:2 – har ikkala ko‘rsatkich ham Vetnam foydasiga.

Ikkinchi bo‘lim Yaponiyaning yaqqol ustunligi bilan boshlandi va bu tez orada hisobda ham aks etdi. 56-daqiqada Osiyo Kubogidagi eng yosh futbolchilardan biri – Ritsu Doan Vetnam jarima maydoniga kirishi bilan yiqitildi. Hakam yana bir bor videotakrorga murojaat qilib, qaroriga o‘zgartish kiritdi va penalti belgiladi. Shunday bo‘lsa-da, takroriy lavhada Tien Dung Bui avval to‘pga zarba berganini, shundan keyingina raqib o‘yinchisi bilan kontakt bo‘lganini ko‘rish mumkin. 11 metrlik zarbani Doanning o‘zi amalga oshirdi: Vetnam darvozaboni to‘p yo‘nalishini aniq topdi, lekin qandaydir santimetrlar unga yetishmadi – 20 yoshli hujumkor yarimhimoyachi turnirdagi ikkinchi golini urdi. 

Garchi goldan keyin ustunlik Yaponiya tomoniga o‘tgan va yaponlar ketma-ket xavfli hujumlar uyushtira boshlagan bo‘lsa-da, bo‘lim oxiriga qadar Vetnamda ham gol urish uchun kamida uchta juda qulay vaziyat bo‘lganini ta'kidlash kerak. Shunga qaramay, hisob o‘zgarmay qoldi va Yaponiya keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Shu tariqa, Vetnam debyutdagi yurishini mag‘rur tarzda to‘xtatdi. Eslatib o‘tamiz, janubiy koreyalik Park Hangseo qo‘l ostidagi jamoa guruh bosqichidan uchinchi o‘rin egasi sifatida, deyarli teng ko‘rsatkichlarga ega Livanni sariq kartochkalarining kamligi evaziga ortda qoldirib, pley-offga chiqqan edi. Vetnamliklar nimchorak finalda Iordaniyani musobaqadan chiqarib yuborishdi: bugungi o‘yin bo‘lib o‘tgan stadionda kechgan o‘sha bahsning asosiy vaqti 1:1 hisobi bilan tugagan, penaltilar seriyasida omad Vetnamga kulib boqqan edi.

Yaponiya terma jamoasi yarim finaldagi raqibini Xitoy-Eron uchrashuvidan so‘ng bilib oladi. Bu o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 21:00da Abu-Dabida start oladi.

Osiyo Kubogi, chorak final
VeTNAM – YaPONIYa – 0:1 (0:0)
Gol: Ritsu Doan (57, pen.)

Mavzuga oid