Jahon | 21:09 / 25.01.2019
11738
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Trampning sobiq maslahatchisi hibsga olindi  

Photo: AP

Floridada 25 yanvarda Donald Trampning sobiq maslahatchisi va saylov kampaniyasi tashkilotchilaridan biri Rojyer Stoun hibsga olindi. Bu haqda maxsus prokuror Robert Myuller ma'lum qildi. 

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Stounga 7 ta band bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Tergov xulosasiga ko‘ra, u 5 marta soxta ko‘rsatmalar bergan, kongress vakillar palatasining razvedka qo‘mitasi tergov olib borishiga g‘ov bo‘lgan va boshqa guvohlarga bosim o‘tkazishga harakat qilgan.

2018 yil oktyabrda The Wall Street Journal Myuller jamoasi vakillari Stounni WikiLeaks portali bilan aloqadorlik bo‘yicha so‘roq qilganini ma'lum qilgan. WSJ’ning ta'kidlashicha, Stoun Trampning saylovlar bo‘yicha raqibi Xillari Klintonga kompromat izlashga harakat qilgan va shu tariqa Klintonning elektron pochtasi buzib kirilgani haqidagi ma'lumotni oshkor qilgan bo‘lishi mumkin.

Keyinroq WikiLeaks vakillari portal asoschisi Julian Assanj Stoun bilan aloqalarga ega emasligini aytishgan.

Stoun Tramp shtabini 2015 yil avgustda – saylovlar o‘tkazilishidan ancha oldin tark etgan, biroq AQSh matbuoti shundan keyin ham uni Trampning “yaqin siyosiy maslahatchisi” va ittifoqdoshi deb atashda davom etgan. O‘z vaqtida Stoun AQShning sobiq prezidentlari Richard Nikson va Ronald Reyganning maslahatchisi bo‘lgan. 

Mavzuga oid