O‘zbekiston | 12:48 / 25.01.2019
21339
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank inkassatsiya xizmatlarini xususiy sektor bilan bo‘lishishga tayyorlanmoqda

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan «Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida» qaror qabul qilindi va u Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.​

Amaldagi tartibga ko‘ra, bankning naqd pul va boshqa qimmatliklarini tashish hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning naqd pul tushumlarini inkassatsiya qilish, shuningdek, bank yoki boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlari bilan tuzilgan shartnomaga asosan ularning vakili tomonidan qabul qilib olingan qimmatliklarni kuzatib borish ishlari Respublika inkassatsiya xizmatining bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, yuqorida ta'kidlangan banddagi «Respublika inkassatsiya xizmatining bo‘linmalari tomonidan» degan so‘zlar chiqarib tashlandi.  

Shuningdek, qarorda «naqd pul va boshqa qimmatliklarni banklar o‘rtasida yoki hududlararo tashish shartnomaga asosan inkassatsiya xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi» kabi o‘zgartishlar bilan to‘ldirilmoqda.

Avvalgi tartibga ko‘ra, inkassatsiya xizmatining tabel quroli biriktirilgan har bir xodimi xizmat vazifasini bajarish vaqtida sog‘lig‘iga ziyon yetkazilishi ehtimoli borligi sababli, hayoti va sog‘lig‘i qonunchilikda belgilangan tartibda sug‘urta qilinishi va Naqd pul tushumini va bank qimmatliklarini tashish, inkassatsiya qilishda ishlatiladigan inkassatsiya xizmatining maxsus avtotransport vositalari, shuningdek, inkassatsiya xizmati xodimlari tomonidan inkassatsiya qilinayotgan naqd pul mablag‘lari va chet el valutalari yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarardan yoki uning yo‘qotilishidan sug‘urta qilinishi belgilangan edi.

Inkassatsiya qilishga doir yo‘riqnomaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda inkassator bo‘lish uchun tegishli nazorat organlari tekshiruvidan o‘tgan va muddatli harbiy xizmatni o‘tagan shaxslar (zaxiradagi ofitserlar) uch oygacha bo‘lgan sinov muddati bilan ishga qabul qilinadi degan talab ham bekor bo‘ldi.

Mavzuga oid