Sport | 08:43 / 25.01.2019
6373
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: «Monako» Anrini bo‘shatdi va Jardim bilan kelishib oldi 

Foto: Getty Images

«Monako» bosh murabbiyi Terri Anri birinchi jamoa bilan ishlashdan chetlatildi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bergan.

«Monako» bugungi kundan birinchi jamoa murabbiyi Terri Anri o‘z vazifalarini bajarishdan chetlatilishi haqida ma'lum qiladi. Bu yakuniy qaror qabul qilinmagunga qadar yuz beradi. Frank Passi juma kuni birinchi jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazadi», - deyiladi «Monako» matbuot xizmati xabarida.

24 yanvar kuni Anri birinchi jamoaning bir nechta futbolchisini chetlatgani haqida xabar berdi. Mutaxassisning ma'lum qilishicha, «chetlatilgan o‘yinchilar soni barchasining nomini aytish uchun juda katta». Shuningdek, uning ta'kidlashicha, «faqat o‘z kelajagi haqida o‘ylaydigan» futbolchilar chetlatildi.

«Monako» Terri Anrini aslida ishdan bo‘shatib bo‘lgan. Uning chetlatilishi bilan bog‘liq voqea faqat rasmiy xarakterga ega, deb xabar qilmoqda BBC jurnalisti Devid Ornsteyn «Tvitter»da.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, yaqin vaqt ichida fransiyalik mutaxassis bayonot bilan chiqadi. Shu bilan birga, «Monako» sobiq bosh murabbiy Leonardu Jardim bilan klubga qaytish haqida kelishib olgan.

Avvalroq, portugaliyalik monegasklar murabbiyi lavozimiga 48 soat ichida qaytishi mumkinligi, jamoa esa u bilan muzokara boshlagani xabar berilgandi. 44 yoshli Jardim «Monako» bilan 2014 yildan beri ishlagan. Uning rahbarligi ostida klub 2016/17 yilgi mavsumda Fransiya chempioniga aylandi. 2018 yil 11 oktyabrda mutaxassis qoniqarsiz natijalar tufayli iste'foga chiqarildi.

13 oktyabr kuni Anri Jardimning o‘rnini egalladi, ammo u bilan birga klub Fransiya chempionati 12 o‘yinida faqat ikki g‘alabani qo‘lga kiritib, Chempionlar ligasi guruhida so‘nggi o‘rinni egalladi va Fransiya Kubogidan chiqib ketdi.

Mavzuga oid