Jahon | 22:31 / 30.01.2019
26488
10 daqiqa o‘qiladi

«Geosiyosiy yolg‘izlik». Venesuela taqdirini kim hal etadi? 

2019 yil Venesuela ichki siyosatida kuchli tarqoqlik bilan boshlandi. Hukumat islohotini muqarrar qilib qo‘ygan siyosiy inqiroz ildizi 4-5 yil avval boshlangan qahatchilikka borib taqaladi. G‘arb nashrlari mamlakatda boshlangan xatarli mujdalar haqida ko‘p va xo‘p yozg‘irdi. Aslida, Venesuela hukumatidagilarning inqirozlar borasida tajribasi katta: 2002 yilda ham mamlakatning sobiq prezidenti Ugo Chaves 48 soatga lavozimidan chetlashtirilgandi. Uning vorisi – Nikolas Maduro shunday sinovlarni boshdan kechirmoqda. 

O‘z yetakchisiga ega muxolifat to‘g‘ridan-to‘g‘ri, shikoyatga o‘rin qoldirmay, kuchli agressiya bilan amaldagi parlamentariyga talab qo‘ymoqda. Voqealar rivoji jadallashib ketyapti: 2019 yilning 5-kuni partiya boshqaruvini rotatsiya tartibida qabul qilib olgan Xuan Guaydo o‘zini «muvaqqat prezident» sifatida tanishtirdi. Maduroga tish qayragan, xalqaro munosabatda Venesuela bilan chiqisholmay turgan davlatlar Guaydo hokimiyatini tan olishni boshladi. 

Maduroni ham himoya qiladigan tarafkashlar chiqdi. Ularning fikricha, Venesuelada yuz berayotgan hodisalar hukumat uzurpatsiyasidan (hokimiyatni kuch bilan egallab olish) boshqa narsa emas. Mamlakat hokimiyat ag‘darilishi, legitim prezidentlikka tajovuz yuz bermoqda. Guaydoni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlar esa Venesuelada hokimiyat demokratik tranzit orqali boshqa qo‘lga o‘tganini aytishyapti. Bir narsa aniqki – mamlakat ichki inqirozning cho‘qqisiga erishdi va beqarorlikning so‘nggi fazasi butun dunyoga namoyon bo‘lyapti.

 Inqirozning muxtasar tarixi

Ayni jarayonlarning mohiyatiga tushunish uchun moziyga qaytib ish tutamiz. Venesuela tashqi siyosatda uzoq yillardan beri ayrim gigant davlatlar bilan kelisholmaydi. Bu fakt. Ammo hozirgi voqealar 2015 yilda yuz bergan hodisalar ta'sirida rivojlanib ketdi. Ya'ni parlament saylovida Maduroga muxolifat bo‘lganlar 167ta deputatlik o‘rnining 109tasini egalladi. Milliy Assambleyadagi xaos davlat rahbariga xush kelmadi, shundan buyon u qonun ijodkorlarining tashabbuslariga veto qo‘yib keladi. Davlat amalda «qo‘l» boshqaruviga o‘tgandi. Asosan prezident qarorlariga asosan ish tutish boshlandi. Maduro biryoqlama dekretlarni imzolab, Venesueladagi «favqulodda holat» muddatini uzaytirib turdi.   

Norozi deputatlar vaziyatni bir urinishda o‘zgartirib yuborish ham mumkin edi. Buning uchun  ular parlamentda haqiqiy ko‘pchilikka tayanishi talab etildi. Yakdil qarorlar uchun umumiy deputatlarning 3/4 qismi qo‘llab-quvvatlashi kerak. Shunday qilib, deputatlar organik qonunlar – Konstitutsiya darajasidagi, kezi kelsa, unga ham o‘zgartish kiritish maqomidagi hujjatlarni qabul qilish huquqiga ega bo‘lishi mumkin edi.  

Parlament ham yo‘lini topdi: 2017 yil iyul oyida mahalliy qabila vakillarining parlamentga qabul qilinishi – inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi. Tabiiyki, Maduro ularni, qabila vakillari esa Maduroni yoqtirmasdi. Hukumat parlament jilovini tortib qo‘yish ilinjida Oliy sud «qo‘li» bilan Milliy Assambleya faoliyatini «qayta ko‘rib chiqish»ga qaror qildi. Tez orada parlamentning har qanday qarorlari huquqiy kuchga ega bo‘lmasligi ayon bo‘ldi. 

Parlament ham bo‘shashmadi: deputatlar davlat rahbarini vazifasini bajarishga layoqatsiz, deb topdi va favqulodda saylovlar o‘tkazishga kelishib olishdi. Milliy Assambleya bilan «yaxshilikcha» yo «yomonlikcha» til topisholmagan prezident o‘ziga mos va xos, muqobil parlament tuzishni o‘ylab qoldi. Yangi parlamenti – Konstitutsion milliy assambleyaga saylovlar 2017 yil o‘rtalarida bo‘lib o‘tdi. Vaziyat biroz yumshadi, Maduro foydasiga barqarorlashdi. Shunday «ko‘tarinki ruhda», 2018 yil may kunlari prezidentlik saylovi ham o‘tkazildi. Muxolifat mot bo‘lgan, shekilli, ularning ovozi ham chiqmay qoldi. O‘rtaga tushgan jimlikni Guaydo buzdi. 

Muvaqqat prezident. Bu nega 23 yanvar kuni yuz berdi?

Venesuela solnomasida bu raqam alohida ahamiyatga ega: aynan shu kuni 1958 yilgi hokimiyat ag‘darilishi tufayli diktator, general Peres Ximenes amaldan ketdi. Guaydo 23-kunni bejiz tanlamadi, u aynan tarixni eslatib qo‘ymoqchi, Venesuela xalqi qachonlardir hurlik ilinjida ko‘chalarni to‘ldirganini eslatmoqchi.

Hukumatga qarshi yangrayotgan shiorlarni Karakasning, deyarli, hamma ko‘chasida uchratish mumkin. Lotin amerikaliklarga xos «tovalar yurishi» o‘rniga xalq ancha g‘azabnok kayfiyatini yashirib o‘tirmayapti. Ular zo‘rlik ishlatyapti, do‘kon oynalarini sindirib, talon-torojga yo‘l qo‘ymoqda. Shu bilan birga Maduroga qarshi manifest marshi ham davom etyapti. Mahalliy politsiya namoyishchilarning kuchi bir nuqtada birlashib qolmasligiga harakat qilmoqda. Aks holda begunoh kishilar qoni to‘kilishi mumkin. 

Maduro oldida turgan jiddiy xavfni ikki ko‘rinishda tasvirlash mumkin. Birinchidan, poytaxtdan tashqari avj olayotgan, jumladan Suliya, Bolivar, Monagas va boshqa shaharlardagi namoyishchilar Karakasga oqib kelmasligi kerak. Ikkinchidan, muxolifatning o‘zi ikki oqimda rivojlanib, sobiq «chavist» tarafdorlari – ijtimoiy himoyaga muhtoj xalq so‘l qanot bilan kuchlarini birlashtirmasligi lozim. Agar bular yuz bersa, Manro effekti, ya'ni «portlash» yuz beradi va namoyishchilar to‘kis nazoratdan chiqib ketadi.

Yuqorida ta'kidlanganidek, maishiy oziq-ovqat mahsulotlarining taqchilligi xalqning g‘azabini qo‘zg‘agandi. Shuningdek, naqd pulning muomaladan yo‘qolib borishi va aql bovar qilmas inflatsiya – «pul asfiksiyasi», elektroenergiyadagi muntazam uzilishlar, oqibatda ishlamay qolayotgan metro vagonlari – oddiy uy bekasini ham ko‘chaga chiqishga undadi. 

Armiya kimni tanlaydi? 

Venesuela taqdirini hal qiluvchi kuch, mening nazarimda, shubhasiz armiya hisoblanadi. Aniqrog‘i, namoyishchilarning taqdiri armiya kimni tanlashiga bog‘liq. Armiya qay tarafga boqsa, Venesuela o‘sha yo‘lga yurishi tayin. Umuman olib qaraganda, Bolivar inqilobida ham armiya hal qiluvchi kuch bo‘lib xizmat qilgandi. Shundan buyon, harbiy bir qator ijtimoiy imtiyoz va sharoitlardan foydalanadi. Hatto mamlakat iqtisodiyotining asosini tashkil etuvchi PDVSA neft qazib chiqarish milliy korporatsiyasi ham armiya generali Manuel Kevedo nazoratiga berilgan. Muxolifatga bu hech qachon yoqmagan. 

Amaldagi Mudofaa vaziri Lopes Podrino Maduro hokimiyatini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Aslida ham oxirgi 10 yillikda armiya faqat Maduro tarafida turdi. 2007 yilda Mudofaa sobiq vaziri Raul Baduelgina Chaves tashabbusiga qarshi chiqib, konstitutsiya islohotlarini ochiqchasiga tanqid qilgandi. Shundan so‘ng, u lavozimidan bo‘shatilgan va uning o‘zi muxolifat tarafiga o‘tgan. Ammo 2018 yilda Maduro joniga qasd qilgan o‘rtamiyona harbiylarning isyoni ham xatarli mujdalardan darak beradi. Gap shundaki, armiyaning ichida ham kelishmovchiliklar mavjud. Hozircha u bizga ko‘rinmayapti. 

Geosiyosiy yolg‘iz Venesuela

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, Venesueladagi kurashni ichki vaziyatni to‘la anglagan holda tushunish qiyin. Inqiroz tashqi omil ta'sirida ham shakllanib boryapti. 2016-2017 yillarda mintaqa «so‘l hokimiyatchilari» prezidentlik saylovlarida «o‘ngchilar»ga yutqazdi. Masalan, Honduras va Paragvayda «yumshoq yoki qattiq» shakldagi davlat to‘ntarishi bilan, Argentina va Braziliyada saylov yo‘li bilan «so‘l» oqim vakillari hokimiyatdan ketdi. So‘nggi paytlarda Lotin Amerikasi siyosatida Suramexit termini ommalashdi. Bu – Brexit'ga qofiyadosh va aynan «chiqish» ma'nosida. Lekin o‘z-o‘zidan chiqib ketish, qadriyatlaridan voz kechishni anglatadi. Masalan, Ekvador 2004 yili Kuba va Venesuela tashabbusi bilan tuzilgan ALBA – Bolivar ittifoqidan chiqishini e'lon qildi. O‘tgan yili Janubiy Amerika ittifoqi (UNASUR) tarkibidan chiqish istagini bildirgan davlatlar ham kam bo‘lmadi. 2017 yilda esa Venesuelaga qarshi kayfiyatda bo‘lgan davlatlar – Lima guruhi tuzildi. Aynan shu guruh tarkibidagi 14ta davlat Guaydo hokimiyatini qo‘llab-quvvatlovchi tashqi kuch massasini tashkil etadi. Agar ularning bir mintaqada va Venesuela atrofida joylashganini inobatga olsak, Turkiya, Xitoy yo Rossiyaning bayonotlaridan ko‘ra, Janubiy Amerikadagi davlatlarning ovozi o‘tkir bo‘lishi mumkinligini sezish qiyin emas.

Amaldagi mamlakat parlamentining vakolati 2021 yilda yakuniga yetadi. Unga qadar, balki Nassim Tolibning «qora oqqushlari» Venesuela osmoni uzra paydo bo‘lar yo casus belli uchun shart-sharoit yetilib qolar, xalqaro harbiy inqirozlar eskalatsiyasi paydo bo‘lar. Chunki Kolumbiya va Venesuela umumiy chegarasini qo‘riqlayotgan harbiylarning norozilik kayfiyati har qanday harf ostidagi rejaning ishga tushib ketishiga izn beradi. Shunga qaramay, ichki, ommadan yashirin omillar ham vaziyatni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Baribir, Venesuela osmonida «bulutlar» suzaveradi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid