Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Maduro qamoqda 18 kishilik umumiy kamerada o‘tirgani aytildi
U bo‘sh vaqtida televizor ko‘radi, ingliz tilini o‘rganadi, ko‘p kitob o‘qiydi.
2026 yil yanvarda AQShga olib ketilgan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro bir kishilik kamerada emas, balki Nyu-Yorkdagi Metropolitan Detention Center tergov hibsxonasidagi 18 kishilik umumiy kamerada saqlanmoqda. Bu haqda uning o‘g‘li Nikolas Maduro Gerra Der Spiegel nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Yigitning so‘zlariga ko‘ra, dastlab otasi yolg‘iz o‘tirgan, ammo Pasxa arafasida uni umumiy kameraga o‘tkazishgan. Katta Maduro qamoqxonada muloqotda muammo sezmaydi – kameradoshlarining yarmi ispan tilida gaplashadi. Shuningdek, u har kuni uyiga qo‘ng‘iroq qilish imkoniyatiga ega. «Uni boshqa ishga o‘tkazishganidan beri har kuni kechqurun soat yettilarda qo‘ng‘iroq qiladi», deb tushuntirdi Maduro Gerra.
O‘g‘lining aytishicha, otasi bo‘sh vaqtida televizor ko‘radi, ingliz tilini o‘rganadi, Injilni, shuningdek, Amazon orqali yuboriladigan kitoblarni ko‘p o‘qiydi: Venesuela Konstitutsiyasi, Simon Bolivar asarlari, metafizika, Shekspir va Esxil asarlari. Maduro 20 yoshli nabirasi (u san’at fakultetida o‘qiydi) o‘rganayotgan adabiyotga ham qiziqadi.
Oilaning asosiy tashvishi — ovqatlanish. «Otam doim to‘g‘ri ovqatlanardi: ko‘p sabzavot, oz shakar. Hozir u asosan uglevodlar, chuqur qayta ishlangan mahsulotlar va juda ko‘p tuz iste’mol qilyapti», dedi Maduro Gerra. Bundan tashqari, hibsga olish paytida amerikalik askarlar Maduroning tizzasini shikastlagan, ammo hozir og‘riq unchalik kuchli emas, dedi yigit.
2026 yil yanvar oyi boshida AQSh Venesuelada harbiy operatsiya o‘tkazdi: atigi 2 soat-u 20 daqiqa ichida Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores maxsus kuchlar tomonidan qo‘lga olinib, Amerikaga olib ketildi. Ularga narkoterrorizm, noqonuniy qurol saqlash va giyohvand moddalar kontrabandasi bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Mavzuga oid
09:40
AQSh Senati Eronga qarshi urushni tugatish tarafdori
09:10
AQSh Kubaga nisbatan sanksion bosimni kuchaytirmoqda
22:21 / 23.06.2026
Tramp Eronning muzlatilgan mablag‘lari faqat oziq-ovqat va dori-darmonga sarflanishini aytdi
09:45 / 23.06.2026