O‘zbekiston | 23:10 / 01.02.2019
7691
5 daqiqa o‘qiladi

Oilalarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan hamkorlik memorandumi imzolandi

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu Memorandum quyidagi yo‘nalishdagi ishlarni birgalikda amalga oshirishni nazarda tutadi:

·      sohaga doir O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari hamda umumdavlat dasturlarida belgilangan vazifalarning ijrosini hamkorlikda ta'minlash, bu borada qo‘shma rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

·      xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarning, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarning manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish;

·      jinoyatchilikka moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal qilish, mahalla faollaridan murabbiylar biriktirish orqali sog‘lom hayotga qaytarish shuningdek, ularning bandligini ta'minlash, tadbirkorlikka jalb etish, tibbiy, psixologik va moddiy yordamlar ko‘rsatilishini tashkil etish;

·      notinch oilalardagi notinchlik sabablarini chuqur tahlil qilish va ulardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oila turmush farovonligini yaxshilash, farzandlari o‘rtasida tarbiyaviy ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq choralarni belgilash va amalga oshirish.

·      oilaviy ajrimlarni oldini olish maqsadida, nikohni bekor qilish uchun berilgan arizalar asosidagi oilalarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari qoshidagi yarashtirish komissiyalari bilan hamkorlikda o‘rganish hamda muammolarni hal qilish orqali, oilani saqlab qolish choralarini ko‘rish.

·      ota-onalarning sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashdagi o‘rni va rolini, oilalar mustahkamligini ta'minlashdagi mas'uliyatini oshirish, “O‘z bolangni o‘zing asra” tamoyilini amaliy harakatga aylantirish;

·      Xotin-qizlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat Fondi mablag‘laridan foydalanishda og‘ir ijtimoiy sharoitga tushib qolgan, uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash, maslahat, tibbiy va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan ayollar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik qilish;

·      Fuqarolar yig‘inlarining Yarashtirish komissiyalari, shuningdek, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislarni oilaviy nizolar va ajrashishlar to‘g‘risida erta ogohlantirish yuzasidan faoliyatini takomillashtirish;

·      Fuqarolar yig‘inlari huzurida faoliyat ko‘rsatayotgan yarashtirish komissiyalari raislari ish faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida “Oila” markazi hududiy boshqarmalari huzurida tashkil etilgan o‘quv kurslarida malaka oshirishlarini hamda yarashtirish komissiyalari a'zolari uchun seminarlar tashkil etish va o‘tkazish;

·      ota-onalarning oilada sog‘lom muhitni yaratish va farzand tarbiyasidagi rolini oshirish, oilaviy va qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarning o‘zaro hurmat, mehr-oqibat tamoyillariga asoslanishiga erishish, “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona”, “Qo‘shning tinch-sen tinch” kabi umummilliy tarbiya tamoyillarining ahamiyatini aholi ongiga singdirish, “O‘z bolangni o‘zing asra” tamoyilini amaliy harakatga aylantirishga qaratilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, targ‘ibot ishlarini hamkorlikda tashkil etish va o‘tkazish,mazkur tadbirlarda aholining keng ishtirokini ta'minlash;

·      mahallalarda aholi o‘rtasida oila ma'naviyati va ma'rifati, nikoh va oila huquqi, shuningdek, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari, oilaviy tadbirlar ma'rifati to‘g‘risida targ‘ibot tadbirlarini hamkorlikda amalga oshirish.

Tomonlar ushbu Memorandumda nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun sarflanadigan xarajatlarni o‘z mablag‘lari, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiradi. Hamkorlik faoliyati yuzasidan alohida holatlarda esa o‘zaro moliyaviy ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha kelishib olishdi.

Mavzuga oid