Sport | 14:21 / 04.02.2019
58424
15 daqiqa o‘qiladi

Janob Kuperga uch savol

Har qanday musobaqa yoki natijadan keyin murabbiylarga nisbatan keskin fikr qo‘llash noto‘g‘ri. Xuddiki, har qanday bosh murabbiy turnirdan keyin tepaga otilishi kerak. U pastga tushayotganda «ilib olish» yoki «ilib olmaslik» ham murabbiyning o‘sha natijasiga bog‘liq. Ya'ni, yo ko‘klarga ko‘tarib maqtash yoki iste'foga chiqarish kerak.

Men bunday fikrlarga qo‘shilmayman. Lekin murabbiyning ishidan qoniqish unga nisbatan umuman savollar yoki tanqidiy fikrlar yo‘qligini anglatmaydi. Quyida, Ektor Kuperga bir qator savollar bilan murojaat qilamiz.

Jismoniy tayyorgarlik borasidagi muammo qanday yechiladi?

Biz asosan klublar o‘rtasidagi musobaqalarni ko‘proq tomosha qilamiz, murabbiylar ham klublarda ko‘proq faoliyat olib borishadi. Lekin menimcha, futbol rivojidagi muhim trendlar, uslublar, sxemalar ko‘proq terma jamoalar ishtirokidagi turnirlarda ilk bor yuzaga chiqadi.

Buning sababi ham bor. Terma jamoa murabbiylari o‘z ixtiyorlaridagi cheklangan, mavjud ijrochilar bilan natijaga erishishga majbur. Ko‘pincha, bu ijrochilar bir millat, bir maktab vakillari bo‘lganliklaridan, optimal uslub topish ehtiyoji paydo bo‘ladi. Top-klub murabbiyning falsafasiga mos ijrochilarni sotib olib berishi mumkin, ammo hatto Braziliya terma jamoasini boshqarsangiz ham, murabbiy sifatida ixtiyoringizdagi futbolchilarning salohiyati, ustunlik va kamchiliklari bilan hisoblashishga majbursiz.

Xullas, Ektor Kuper to‘p bilan va to‘psiz juda ko‘p harakat qilishga asoslangan, qanotlarda tezkorlik muhim ahamiyat kasb etadigan o‘z futbolini qurmoqchi. Savol tug‘iladi, xo‘sh, bizning futbolimiz vakillari mana shunday yuklamalarga, shu rejimga tayyor bo‘la oladimi?

Aytaylik, Yaponiya terma jamoasi safida Yevropada to‘p suradigan 14 nafar futbolchi bor ekan. Ularning jismoniy tayyorgarligi, maydondagi ko‘nikmalari Yaponiyaning Osiyo maydonlaridagi o‘yinlari uchun doim tayyor bo‘ladi. Chunki, o‘sha futbolchilar har hafta Yevropadagi chempionatlarda undan ham yuqoriroq tempda futbol o‘ynab yurgan bo‘lishadi. Bizda esa bunday imkoniyat yo‘q. Ertaga jahon chempionati saralashida Eron bilan o‘ynasak, tarkibimizdagi aksariyat futbolchilar Eron darajasidagi qarshilikka emas, «Metallurg» yoki «Qo‘qon»ga qarshi o‘yinlarda maydonga tushib yurgan bo‘lishadi. Bu sabab, aslida, turnirdan keyin Kuperni oqlash uchun xizmat qilishi mumkin bo‘lsa-da, turnir oldidan, murabbiy bu faktorlarni ham o‘z rejalari markaziga qo‘yib olishi shart bo‘ladi.

Misol uchun, Osiyo Kubogida biz birinchi bo‘limlarni ikkinchi bo‘limlarga qaraganda yaxshiroq o‘tkazdik. To‘g‘ri, Ummon bilan tablodagi hisob ta'siri, Turkmaniston bilan ham birinchi bo‘limda hammasi hal qilingandi. Yaponiya bilan o‘yinni jiddiy olmasak ham bo‘ladi. Ammo Avstraliyani eslang. Biz faqat birinchi va to‘rtinchi bo‘limda raqib bilan tengma-teng o‘ynagandik. Ya'ni, har ikki jamoa jismonan hali charchamagan va ikki jamoa ham charchab bo‘lgan bo‘limlarda. Taktik tomondan, vazifalarning taqsimlanishi, reja bo‘yicha hammasi to‘g‘ri tanlanganidan dalolat qiladi bu, lekin murabbiy o‘z rejasini futbolchilarning jismoniy holatidan ham kelib chiqib qo‘yishi kerak, to‘g‘rimi?

Osiyo Kubogi oldidan milliy terma jamoamiz Turkiyada 14 kun davomida birga bo‘ldi va bilishimcha, jismoniy tayyorgarlik va tiklanishlarga ko‘p e'tibor qaratildi. Shu holatda ham biz jismoniy jihatdan Yaponiya va Avstraliyaga mos bo‘lolmadik, xo‘sh, jahon chempionati saralashi paytida biz ana shunday yig‘inlarga ega bo‘lmaymiz-ku? Bu muammoni qanday qilib yechmoqchimiz? Son Xin Min yoki Muto ertaga Angliyadan kelib, indinga terma jamoa murabbiyining yuklamalariga tayyor holda bo‘ladi, bizdachi? Superligadagi yuklamalarga o‘rganib qolgan futbolchi, 3-4 kunda Kuperga moslasha oladimi?

Bu biz ertaga tushib qoladigan muammoli holatlardan biri va bu uchun murabbiyni aybdor qilmoqchi emasman. Lekin terma jamoa uslubi, o‘ynash prinsiplari va maydonda futbolchilarga beriladigan vazifalarda bu faktor ham hisobga olinishi kerak. Ertaga muhim o‘yinlarda ham futbolchilarimiz charchab qolib, «ha to‘g‘ri-da, biznikilarning jismoniy tayyorgarligi yaxshi emas, nimayam qilardik» degan bahona o‘tmaydi. Yuqorida aytganimdek, aynan o‘sha holatdagi o‘sha futbolchilarga mos taktika ishlab chiqish va mavjud sharoitlar asosida ishlash har qanday terma jamoa murabbiyiga qo‘yilgan talabdir.

Tarkibni aniqlash borasidagi xatolar

Ikkinchidan, e'tibor bergan bo‘lsangiz, Ektor Kuperning Osiyo Kubogi oldidan o‘zi uchun belgilab olgan optimal tarkibi bilan to‘rtinchi hal qiluvchi o‘yin oldidan bu boradagi fikrlari qirq foizga farq qildi. Ma'lum bo‘lishicha, o‘ng qanot himoyasida Hoshimov Shorahmedovdan, o‘ng qanot vingeri sifatida Hamdamov Rashidovdan, hujumchi sifatida Shomurodov Bikmayevdan yaxshiroq ekan. Krimets va To‘xtaxo‘jayev rokirovkasini mayli, Yegorning jarohati bilan bog‘laymiz, ammo masalan, Ikrom Aliboyev qanotda emas, markazda foydaliroq ekanini ham biz faqat uchinchi o‘yinning ikkinchi bo‘limida «bilib qoldik». Avstraliya bilan o‘yinda esa, Ikrom Masharipov o‘rniga emas, aynan markazga, Sidiqovning o‘rniga tushdi.

Bu holatga birinchi sabab sifatida albatta, o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘lmagani aytildi. Qisman, to‘g‘ri. Balki jiddiyroq o‘rtoqlik o‘yinida, murabbiy yuqoridagi farqlar oldinroq yuzaga chiqishi va biz Ummon bilan yanada yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin edi, balki. Ammo o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘lmagani muammo emasligini Ektor Kuperning o‘zi aytdi va jamoasi turnirga butunlay tayyor ekanini bildirdi. Aslida bunday bo‘lib chiqmagani, albatta, Ektor Kuperning hisob-kitoblarida xatoliklar bo‘lganini ko‘rsatadi.

To‘g‘ri, turnir davomida tarkib o‘zgarib borishi va ba'zi futbolchilarning musobaqa davomida kashf etib borilishi tabiiy holat. Masalan, JCh-90 to‘purari bo‘lgan Salvatore Skilachchi 1-turda Avstriya terma jamoasi bilan o‘yinda zaxiradan chiqib, gol urgan va keyingi o‘yinlarda asosiy tarkibda tusha boshlagandi. Yoki yaqinda o‘tgan jahon chempionatini olaylik. Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham 1-turda hujumda Usmon Dembele – Grizmann – Mbappe uchligini tushirdi. Ammo keyinchalik, Olive Jiru variantida to‘xtaldi. Yarim himoyada esa, Tolisso o‘rnini keyinchalik, optimal tarkibda Matyudi egalladi. Yakunda, Fransiya – chempion.

Ammo bu holatlarni terma jamoamizdagi vaziyatda taqqoslash qiyin. Qaysidir ma'noda, Shomurodovni Skilachchi holatiga o‘xshatish mumkindir. Chunki aytaylik, Bikmayev Superligani juda yuqori saviyada tamomladi, Qatar va Shimoliya Koreyaga qarshi o‘yinlarda chiroyli gollar urdi, Bikmayevning birinchi variant ekani balki turnir oldidan, biz uchunam u qadar kutilmagan bo‘lmagandi. Lekin bizda faqat bir pozitsiya futbolchining kutilmaganda «charaqlashi» bilan emas, har bir pozitsiyada nomzodlar o‘zgarib bormoqda.

Fransiyadagi holat ham biroz farqli. Dembelening Jiruga almashtirilishi kadrlar bilan bog‘liq almashuv emas. Avvaliga Mbappe – Dembele bilan tezkor qanotlar va Grizmann aldamchi to‘qqizlik rolida, Desham ancha kengroq zonalarda o‘ynamoqchi bo‘ldi. Keyin esa, Jiru oldinga chiqarilgan yaqqol hujumchi sifatida himoyachilarga bosim qilib, sal orqaroqda, «yarim qanotlarda» to‘p surgan Mbappe va Grizmannga ochiq zonalar yarata boshladi. Ya'ni, Dembele va Jiruning maydondagi vazifalari tubdan farq qilardi. Shunchaki, Desham turnir davomida «B-taktika»ga o‘tib, o‘ynay boshladi. Muhimi, har ikki taktika Fransiya terma jamoasi ishlangan va maromiga yetkazilgan, har ikki taktikaning ham o‘z ijrochilari mavjud. Bu ikki xil taktikada Grizmann yoki Pogbaning ham vazifalari o‘zgaradi, Tolissoning Matyudiga almashtirilishi ham shunday.

O‘zbekiston tarkibidagi o‘zgarishlar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Mavjud pozitsiyalarda nomzodlar o‘zgardi xolos, ularning maydondagi vazifalari ham, terma jamoamizning o‘yin uslubi, taktikasi, sxemasi ham o‘zgarishsiz qoldi. Demak, bu o‘zgarishlarning yagona sababi, faqat ba'zi futbolchilarning ishonchni oqlamagani va boshqa ba'zi futbolchilar haqidagi xulosalar haqiqatdan uzoq bo‘lib chiqqani.  

Tarkib qanday yoshartiriladi?

Uchinchi mavzu, faqat bilvosita Osiyo Kubogi bilan bog‘liq. Kuni kecha O‘FA vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning Osiyo Kubogi va terma jamoamiz kelajagi haqidagi fikrlari nashr etildi.

 «O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogida mazmunli o‘yin namoyish qildi. Garchi asosiy maqsadimiz bo‘lgan Osiyo Kubogi g‘olibligi qo‘lga kiritilmagan bo‘lsa-da, futbolchilarimiz maydonda Vatan sha'ni uchun bor kuchlari bilan harakat qilishdi, astoydil kurashishdi. Ayniqsa, terma jamoa tarkibidagi yosh futbolchilarning o‘yini meni quvontirdi. Ulardagi shijoat, g‘alabaga chanqoqlik, raqibdan cho‘chimaslik, oxirigacha kurashish xususiyatlari kelajakka umid bilan qarashimizga sabab bo‘la oladi.

 Statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, terma jamoamiz mazkur musobaqada jami 7ta gol kiritdi. Shulardan 6ta golni 25 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar kiritgani ham e'tiborga molik. Eldor Shomurodov 23 yosh, Jaloliddin Masharipov 25 yosh, Javohir Sidiqov, Otabek Shukurov, Doston Hamdamov 22 yosh. Nasib qilsa, bular hali ko‘p yillar davomida terma jamoamiz tarkibida yuqori saviyada to‘p surishga qodir futbolchilar. Yoshi katta futbolchilarimizga ham katta rahmat aytmoqchiman. Ular o‘z tajribalari bilan terma jamoamizga ko‘p foyda keltirishdi. Lekin endi terma jamoani yoshartirish vaqti keldi. Oldimizda jahon chempionati saralashi turibdi. Mazkur musobaqaga yoshartirilgan tarkib bilan yo‘l olamiz»,dedi Umid Ahmadjonov.

Albatta, yoshlarning ishonchli o‘yinlari natijasida kelajakka optimistik nazar tashlash tabiiy, ammo yoshartirilgan tarkib bo‘lishi kerakligi haqida fikr bildirish, ayniqsa, bu bosh murabbiy emas, rahbariyat tomonidan yangrasa, qanchalik to‘g‘ri?

Butun dunyodagi barcha terma jamoa murabbiylari, deyarli hamma, terma jamoada yoshidan qat'i nazar eng yaxshi futbolchilar to‘p surish kerak, degan aqidaga amal qilishadi. Xususan, terma jamoamizning asosiy tarkibida to‘p surgan Anzur Ismoilov, Odil Ahmedov va ayniqsa, Ignatiy Nesterovning mehnati boshqalardan kam bo‘lmadi va bemalol aytish mumkinki, ular yaqin yillarda ham terma jamoamizga foyda keltirishlari mumkin.

Bu mening shaxsiy fikrim, har kimning ham bu borada shaxsiy fikri bor, masala bunda emas. Ahmadjonovning fikrlari Kuper bilan maslahatlashgan holda aytildimi? Osiyo Kubogidan so‘ng, ba'zi yoshi katta futbolchilardan voz kechish fikri unda paydo bo‘ldimi yoki endi rahbariyat Kuperga yoshlarga ishonch bildirish majburiyatini qo‘yadimi?

Agar birinchi variant bo‘lsa, har qanday professional murabbiy sifatida vaziyatga bu tarzda yechim izlash noto‘g‘ri ekanini Kuper bilishi kerak. Murabbiy konkret qaysi futbolchidan norozi bo‘lganini ochiq aytishi va uni jalb qilmaslik mas'uliyati ostida ishlashga rozi bo‘lishi kerak. Xuddi Vitaliy Denisov bilan bo‘lganidek. Bu haqida faqat rahbariyatga hisobot berish va ularning yordamida, aytaylik, Odil Ahmedovdan voz kechishni «yoshlarga e'tibor berish» siyosati bilan «suvash» juda xato strategiya bo‘ladi. Tasavvur qiling, faqat bir ikki futbolchidan «qutulish» qarori «yoshlarparvarlik» bilan izohlanishi mamlakatda to‘p surayotgan juda ko‘p yoshi katta futbolchilarga bo‘lgan munosabatni yoki ularning futbolga munosabatini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Aytaylik, Nosir Otaqo‘ziyev o‘ttiz besh yoshdan keyin kuchayib ketib, Ibrahimovichga o‘xshash gollar urishni boshlasa nima bo‘ladi? Uni terma jamoaga jalb qila olmay qolamizmi keyin?

Agar ikkinchi variant bo‘lsa, bu ham noto‘g‘ri. Bosh murabbiyga rahbariyat tomonidan tarkibni tanlash strategiyasi bo‘yicha ko‘rsatmalar berishi yaxshi emas. Bunday munozaralar hali Kuper tayinlanmasidan ilgari bo‘ladi, terma jamoani yoshartirish, aytaylik, besh yildan keyingi turnirga tayyorlash uchun yoshlarni o‘ynatadigan murabbiy izlanayotganini, Kuperdan kutilayotgan asosiy talablar va istaklar, cheklovlar muhokama qilinadi. Murabbiy bunga rozi bo‘lsa, qabul qiladi, aks holda taklifga rozi bo‘lmaydi. Lekin ishlab turgan murabbiyga bunday talablar qo‘yish to‘g‘ri emas.

Tarkibni yoshartirish siyosati gap-so‘z bilan yoki qaysidir yoshi katta futbolchidan faqat shu sabab bilan voz kechish bilan hal qilinmaydi. Bu amalda masalan, yosh futbolchilarga yana e'tibor qaratish, muhim o‘yinlarda qo‘rqmasdan ularni sinab ko‘rish orqali bo‘ladi, shunday amaliy qarorlar orqali, yosh futbolchilarga murabbiyning yoki federatsiyaning munosabati namoyon qilinadi. Shunchaki, taqiq yoki ko‘rsatma orqali terma jamoa nomzodlarini qisqartirib yuborish, balki hozir hamma kutib turgan qaror bo‘lgandir, chiroyli va aqlli siyosat ko‘rinishi mumkin – «ana qarang, Qatar yoshlarga e'tibor berdi va chempion bo‘ldi, biz ham shunday qilamiz» qabilida, lekin kelajakda, muhim pallalarda zararimizga ishlaydi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid