Jamiyat | 10:50 / 05.02.2019
28318
8 daqiqa o‘qiladi

«Hayot yo‘q mahalla!» - Urganch tumanidagi «dunyodan uzilgan» mahalla muammolari

Yo‘llarning holati – fuqarolarning mahalliy hokimiyat ishi haqidagi fikrlarini shakllantiradigan muhim omildir. Millionlab odamlar har kuni shu yo‘llarni bosib o‘tadi, ishga, yumushga boradi. Agar yo‘llarning holati yaxshi bo‘lsa, odamlarning og‘iri yengillashadi, uzog‘i yaqinlashadi, turmush sharoiti yaxshilanadi, turli qulayliklardan bahramand bo‘lishadi. Agar yomon bo‘lsa-chi? Yo‘llarning rasvoligi natijasida og‘iri yanada og‘irlashayotgan, oddiy qulayliklardan mosuvo bo‘layotgan aholining kayfiyati qanday bo‘lishi mumkin?

Kun.uz tahririyatiga kelgan murojaatlardan biri aynan shu mazmunda bo‘ldi. Unda Xorazm viloyati Urganch tumani Amudaryo mahallasidagi yo‘llarning ahvoli juda yomonligi, natijada aholining muammolari ko‘payib borayotgani haqida yozilgan edi.

Murojaat asosida mahallaga borib, vaziyatni o‘rgandik, aholi bilan suhbatlashib, muammolari to‘g‘risida ma'lumotlar oldik.

Urganch tumani G‘alaba qishlog‘idagi Amudaryo mahallasida 200dan ortiq xonadonda 1500dan ortiq kishi istiqomat qiladi. Mahallani viloyat markazi Urganch shahridan 3 kilometr masofa, Navro‘z shaharchasidan esa atigi bitta zahkash ajratib turadi. Mahalliy taksi haydovchilari orasida u «Hayot yo‘q mahalla», ya'ni «dunyodan uzilgan mahalla» nomi bilan mashhur. Yo‘llarining rasvoligi tufayli «dunyodan uzilib qolishi», elektr energiyasi ta'minotidagi tez-tez uzilishlar, aholining oddiy maishiy qulayliklardan mahrum ekani shunday nomga sabab bo‘lgan.

Mahallaga qo‘shni bo‘lgan Navro‘z shaharchasi bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, aholi uchun mavjud sharoitlarda juda katta farq borligini ko‘rish, go‘yo bu mahalla tuman uchun «yot, o‘gay» bo‘lib qolgandek tasavvurga borish mumkin.

Amudaryo mahallasida yo‘l yo‘q desa ham bo‘ladi. Agar tuproq tortilgan, yozda chang-to‘zon bo‘lib yotadigan, qishda botqoqqa aylanadigan so‘qmoqlarni yo‘l deb hisoblash mumkin bo‘lsa, bor. Mahalla yo‘llari aynan shunday.

«Yomg‘ir yoki qor yog‘ishi bilan mahallamiz yo‘llari o‘tib bo‘lmas darajaga kelib qoladi, chunki tosh yotqizilmagan, asfalt qilinmagan. Yozda esa chang-to‘zon ostida qolamiz. Yanvar oyida kuchli yog‘ingarchilik bo‘ldi, natijada, yo‘llarning rasvosi chiqdi. Farzandimni maktabga yuborganimda, yo‘lda loyga yiqilib, kiyimlarini bulg‘ab, 3 marta uyga qaytib keldi. Har safar kiyimini almashtirib, maktabga qaytarib yuborganman», - dedi shu mahallada istiqomat qiluvchi Sharofat Norboyeva.

«Bu mahallaga taksida kelolmaysiz. Mahalla manzilini eshitgan taksi haydovchisi yoki rad qiladi yoki ikki-uch barobar ko‘p yo‘lkira so‘raydi. Bunday rasvo yo‘llarda kim ham transport vositasini boshqarishni istaydi?! Loyga botib qolishi, chuqurchaga tushib, biror joyi buzilib, ishdan chiqishi hech gap emas. Hatto tez yordam mashinasi ham bu mahallaga kelmaydi. Chunki, loyga botib qoladigan bo‘lsa, chiqib ketolmaslikdan qo‘rqadi. Tez yordam chaqirsak, «asfalt yo‘lga chiqib turinglar» deyishadi. Kasal bilan loy ichidan 1 kilometr yo‘l bosib, asfalt yo‘lga chiqishimiz kerak ekan, aks holda kelmaydi», - deydi shu mahallada yashovchi Dilbar Masharipova.

Mahallada elektr energiyasi simyog‘ochlari mavjud emas. Aholining o‘zi qo‘lbola simyog‘ochlarni yasab, bir amallab o‘rnatib olishgan.

«Mahallamizda elektr energiyasi simyog‘ochlari o‘rnatilmagan. 20 yil oldin bu uylar qurilganida, o‘zimiz yog‘och va xodalardan qo‘lbola simyog‘och yasab, uyimizga sim tortganmiz. Ahvol hamon shundayligicha qolmoqda. Agar qattiq shamol tursa, bu qo‘lbola simyog‘ochlar sinib, simlar uzilib, odamlarning, ko‘chada yurgan bolalarning ustiga tushmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Shunday xavfli sharoitda yashab bo‘ladimi?.

Bundan tashqari, mahallamizda o‘rnatilgan transformator juda eskiligi tufayli, yomg‘ir yoki qor yog‘sa, ichiga suv kirib, 2-3 kunlab elektr energiyasidan uzilib qolamiz», - dedi shu mahallada yashovchi Rahimboy Yusupov.

Mahallada chiqindi yig‘iladigan joy yo‘q, odamlar duch kelgan joyga chiqindi tashlashga majbur. Yig‘ilib qolgan chiqindi hech qachon olib ketilmagan.

«Mahallamizda chiqindi tashlaydigan maxsus joy mavjud emas. Aholi chiqindini duch kelgan joyga tashlashga majbur. Chiqindini yig‘adigan maxsus mashinalar bu yerga hech qachon kelmagan. Nega ekanini bilmayman, balki yo‘llar yomonligidandir. Chiqindi to‘planmasligi uchun odamlar uni yoqib yuborishga majbur. Endi bundan chiqadigan hidni tasavvur qilavering. Yoqib yubormaslikning iloji ham yo‘q, aks holda antisanitariya holati yomonlashib, mahalla chiqindixonaga aylanib qoladi», - dedi shu mahallada istiqomat qiluvchi Yo‘ldosh Ismoilov.

Mahalla aholisini poliklinika va mahalla fuqarolar yig‘inini uzoqligi bilan bog‘liq muammolar ham qiynab qo‘ygan.

«Mahallamizga tutash bo‘lgan Navro‘z shaharchasida oilaviy poliklinika bor. Oraliq masofa yarim kilometr. Ammo u yerda bizga xizmat ko‘rsatishmaydi, o‘z poliklinikangizga borasiz deyishadi. Mahallamiz poliklinikasi esa o‘n kilometr uzoqlikda bo‘lgan G‘alaba qishlog‘ida joylashgan. Bu bizga juda noqulay. Axir yonginamizda 3-son oilaviy poliklinika mavjud bo‘lsa, nega uning xizmatidan foydalana olmaymiz?

Mahalla fuqarolar yig‘ini ham bizdan 10 kilometr uzoqlikdagi G‘alaba qishlog‘ida joylashgan. Rais kimliginiyam bilmaymiz, bu yerga umuman kelmagan. Natijada, ko‘plab maishiy muammolarimiz hal bo‘lmay yotibdi. Agar mahalla fuqarolar yig‘ini o‘zimizda bo‘lsa, balki bunday ovoragarchiliklar bo‘lmasmidi...», - dedi Gulbahor Masharipova.

Mahallaga ichimlik suvi quvuri yotqizilmagan. Aholi o‘z kuchi bilan, o‘z bilganicha qo‘shni mahalla quvuriga ulanib, ichimlik suvidan foydalanmoqda.

Mahalla aholisi bu muammolar yuzasidan tuman va viloyat hokimligiga murojaat qilishganini, ammo natija bo‘lmaganini aytishdi.

«O‘tgan yili bu muammolar bo‘yicha tuman hokimligiga murojaat qilgan edik. Aprel oyida yo‘llarni tuzatib berishni va'da qilishdi. Ammo, oradan 9 oy o‘tgan bo‘lsa-da, hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi», - dedi Sharofat Norboyeva.

Murojaatni o‘rganish jarayonida «Hayot yo‘q mahalla» degan ibora bu yerga nisbatan bejiz ishlatilmasligi, aholining muammolari hal qilinmay, yillar davomida o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, quruq va'dalar berilganiga guvoh bo‘ldik. Bunga qo‘shimcha qilib, «o‘gay va yot, unutilgan mahalla» degan iborani ham bemalol qo‘llash mumkin. Zero mavjud vaziyat aynan shuni ko‘rsatib turibdi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid