Jahon | 14:19 / 08.02.2019
7307
3 daqiqa o‘qiladi

Sooronbay Jeenbekov ShHT bosh kotibi Vladimir Norovni qabul qildi

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 7 fevral kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Vladimir Norovni qabul qildi. Bu haqda Qirg‘iziston rahbarining matbuot xizmati xabar bergan.

Jeenbekov Vladimir Norovni ShHT bosh kotibi lavozimiga tayinlangani bilan tabriklab, unga mas'uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Uning qayd etishicha, Qirg‘iziston tomoni ShHTdagi raislik doirasida faol ish olib bormoqda, muzokaralar bo‘lib o‘tdi va ko‘plab tegishli tuzilmalar bilan masalalar muhokama qilindi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

«2019 yil iyun oyida Bishkekda bo‘lib o‘tadigan ShHTga a'zo davlatlar rahbarlarining sammitiga qadar biz barcha tegishli tadbirlarni o‘tkazamiz, oliy darajadagi mehmonlarni qabul qilishga tayyorlanamiz. Bugun ShHTga a'zo davlatlar rahbarlarining yig‘ilishida imzolanishi rejalashtirilgan yakuniy hujjatlar ishlab chiqilmoqda. Ishonchim komilki, birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan yig‘ilishning asosiy qismini sifat jihatidan to‘ldirib, ShHTga a'zo davlatlar xalqlarining farovonligi yo‘lida katta muvaffaqiyatlarga erishamiz va bu tadbirni yuksak saviyada o‘tkazamiz», - deya ta'kidlab o‘tdi Sooronbay Jeenbekov.

Vladimir Norov ShHT bosh kotibi sifatidagi birinchi tashrifi Qirg‘izistonga - bu yil ShHTga raislik qilayotgan mamlakatga amalga oshirilgani ramziy ma'noga ega ekanini ta'kidladi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

«Men lavozimga kirishganimdan buyon asosiy ustuvor vazifalardan biri sifatida ShHT sammitini, shuningdek, uning doirasidagi tegishli tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazishni belgilab oldim. Biz Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri va xavfsizlik kengashi kotibi, ShHTning yoshlar kengashi va biznes kengashi rahbari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdik. Ushbu uchrashuvlarda Cammit oldidan hal qilinishi kerak bo‘lgan barcha masalalarni batafsil muhokama qildik. Avvalo - bu tayyorlanadigan hujjatlar to‘plami», – dedi Vladimir Norov. 

Sooronbay Jeenbekov va Vladimir Norov siyosat, xavfsizlik, madaniy-gumanitar aloqalar sohasidagi hamkorlik bir qatorda, ShHT doirasida iqtisodiy salohiyatni faollashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid