Davlat xizmatlar agentligi muammoga tushunarsiz munosabat bildirdi
Turmushdagi nikohni rasmiylashtirishning imkoniyatini topolmagan oila sarson bo‘layotgani haqida Kun.uz'da ma'lum qilingandi. Maqolada ta'kidlangan FXDYo mudirasi Nargiza Karimova nomidan tayyorlangan munosabat Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati tomonidan tarqatildi.
Karimovaning ta'kidlashicha, fuqaro Gulnora Fayziyeva 1984 yilda tug‘ilgan, ammo uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat mavjud emas. Aynan mana shu to‘qnashuv nuqtasi avvalgi maqolada ham ta'kidlangandi. Ammo Nargiza Karimova shaxsiy hujjatlari bo‘lmagan kishining ma'lumotlarini qayerdan keltirib, munosabat tayyorlagan? Demak, u qayerdadir yozilgan.
To‘rt nafar farzandni voyaga yetkazayotgan onaning fuqaroligi ne sababdan yo‘qligi, fuqarolik pasportini olish uchun yelib-yugurayotgani bayon etilgan. Uning qo‘lida IIB ma'lumotnomasi bor. FXDYo mudirasi ta'kidlaganidek, agar ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmaganda bolaning tug‘ilganligini qayd etish tibbiyot muassasasining ma'lumotnomasi bilan amalga oshirish imkoniyati mavjud bo‘lsa, nega Karimova bu ishni qilmayapti?
FXDYo mudirasiga ko‘ra, Fayziyeva farzandlarining tug‘ilishini qayd etish masalasida shaxsan o‘zi Toshkent tumani FHDYo bo‘limiga umuman murojaat etmagan. Axir bolalarning otasi sizning ostonangizga bosh urib kelyapti, zaruriyat bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i istalgan paytda yetaklab kelishini ta'kidlamoqda-ku. Bu ham bolalarga guvohnoma bermaslikka vaj bo‘la oladimi?
N.Karimova tomonidan Fayziyevaga bolalarning tug‘ilishini qayd etish uchun tuman vasiylik va xomiylik organiga murojaat etish bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan. Ammo tuman vasiylik va homiylik organi ham tartibni o‘z bilganicha o‘rnatib, Fayziyevaning ishi unga qarashli emasligini aytsa, to‘rt bolaga baribir guvohnoma berilmay qolaveradimi?
FXDYo mudirasiga ko‘ra, Mamarafiqovning ushbu 4 nafar bolaga nisbatan otalikni belgilash masalasi yuzasidan esa sudga murojaat qilish lozim. Ammo FXDYo bu masalada Mamarafiqovning murojaatini na rad etadi, na qoniqtiradi. Ishni sudda ko‘rish uchun asos va vaj keltirish kerakmi?
Davlat xizmatlari agentligi rasman tarqatayotgan munosabatdan bir narsani anglash mumkin — hech kim bolalarning manfaatidan kelib chiqib, ish tutmoqchi emas. E'lon qilingan munosabat esa ana shu harakatsizlikning so‘zdagi ifodasi bo‘ladi.
Mavzuga oid
07:30 / 15.03.2024
O‘zbekistonda ikki oyda qancha nikoh qayd etilgani aytildi
18:21 / 05.01.2024
O‘zbekistonda 2023 yili eng ko‘p qo‘yilgan ismlar ma’lum qilindi
18:37 / 23.10.2023
Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomasini qayd etish sohasidagi hujjatlar tizimlashtiriladi
08:23 / 10.07.2023