O‘zbekiston | 10:28 / 16.02.2019
8065
3 daqiqa o‘qiladi

DTM qoshida yangi markaz tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Oliy ta'lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududlar markazida har yili Davlat test markazi tomonidan qo‘yiladigan talablar asosida mebellar (bir kishilik stol va stullar) bilan jihozlangan katta sig‘imli zallardan iborat bino yoki inshootlarni test sinovlarini o‘tkazish uchun ajratishi belgilab qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi test sinovlari jarayonini yoritish maqsadida shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videofiksatsiya qurilmalari, mobil aloqa to‘lqinini to‘suvchi (glushitel), barmoq izlarini tekshiruvchi, metallodetektorlar, monitorlar bilan har yili test sinovlari o‘tkaziladigan binolarni jihozlaydi.

2020 yildan boshlab:

Davlat test markazini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mobil aloqa to‘lqinini to‘suvchi (glushitel), barmoq izlarini tekshiruvchi, videokuzatuv kameralari hamda audioyozuv qurilmalari xarid qilinadi;

barcha test sinovlari Davlat test markaziga ajratilgan bino va inshootlarda tashkil etiladi.

Davlat test markazi qoshida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Xalqaro o‘quv-ilmiy markazi tashkil etiladi.

Xalqaro o‘quv-ilmiy markazning vazifalari etib quyidagilar belgilanishi mumkin:

xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda shartnoma asosida qisqa yoki uzoq muddatli testologiya yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish o‘quv kurslarini tashkil etish;

manfaatdor vazirlik va idoralar, tashkilotlar xodimlari hamda xohlovchilarni chet tillari bo‘yicha malakasini oshirish;

tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda chet tilini bilish va egallash darajasini baholash bo‘yicha xalqaro tan olingan tashkilotlar sinovlarini hamkorlikda tashkillashtirish.

Xalqaro o‘quv-ilmiy markaz faoliyati, ushbu markaz tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlardan tushgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Xalqaro o‘quv-ilmiy markaz rahbari Davlat test markazi direktori tomonidan tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid