21:08 / 16.02.2019
18548

Toshkent shahar hokimiyati OTMlarni ko‘chirish taklifidan bexabar bo‘lgan

O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Toshkent davlat texnika universitetining shahardan tashqariga ko‘chirilishi haqida shahar hokimiyatining xabari yo‘q. Bu haqda 16 fevral kuni Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, press-anjumanda shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev «otaxon» oliy ta'lim muassasalarining chetga chiqarilishi haqidagi taklifni OAVdan bilganini aytgan.

«Bunday masala ko‘tarilayotganligi haqida o‘zimiz ham ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan ma'lumotlar orqali xabar topdik. Bu haqida hokimiyat apparatida hech qanday gap bo‘lgani yo‘q», – dedi Ortiqxo‘jayev.

15 fevral kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari​ Tursun Ahmedov O‘zbekistondagi ikki yirik oliy ta'lim muassasasi – O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti bino va joylashuvini shahardan tashqariga chiqarishni taklif etgandi. U taklifini asoslab quyidagi fikrni bildirgan:

«Biz oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tekshirish institutlari yirik shaharlarda qanday joylashtirilganini jahon tajribasi misolida chuqur o‘rgandik. O‘rganishlardan kelib chiqqan holda, aytish mumkinki, yirik institut va ta'lim muassasalari shahar tashqarisida yo atrofida joylashadi. Bu (o‘zgarish nazarda tutilmoqda - tahr.) ertaga bo‘ladi, degani emas. Balki, 5 yil yo ma'lum vaqtdan keyin bo‘lar, negaki, yirik megapolislarning o‘ziga xos qonuniyati bor. Unda ko‘proq biznes markaz, xizmat va savdo markazlari joylashadi, boshqa obektlar shahar atrofi yo tashqarisida bo‘lishi nazarda tutiladi», – deydi u.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi. Ayni paytda nazariy bilimlarni amaliyot bilan chambarchas bog‘lash uchun O‘zMUning 3 ta dala-amaliyot maydoni, 32 ta o‘quv-ilmiy laboratoriyasi, 3 ta o‘quv-ilmiy-tajriba markazi, 1 ta OTMlararo ilmiy laboratoriyasi va 2 ta noyob obektning moddiy-texnik bazasi takomillashtirilmoqda.

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti esa 1920 yil tashkil etilgan muassasasa hisoblanadi. Unda jami 334ta o‘quv auditoriyasi, 117ta laboratoriya va sport inshootlari mavjud.

Mavzuga oid
Top