O‘zbekiston | 20:53 / 19.02.2019
12067
2 daqiqa o‘qiladi

Gulistonda yangi mavze barpo etilmoqda

Keyingi yillarda Guliston o‘z nomiga monand obod bo‘lib bormoqda. Yangi uy-joylar, inshootlar, ravon yo‘llar qurilmoqda.

Shaharning yangi qiyofasi «Buyuk kelajak» mavzesida yorqin namoyon bo‘ladi. O‘tgan yili bu yerda namunali loyiha asosida 5 qavatli 8ta uy foydalanishga topshirildi. Yana 7 qavatli, 420 xonadondan iborat 10ta uy qurilishi davom etmoqda. 

Prezident mazkur mavzega tashrif buyurib, yangi ko‘p qavatli uylarni ko‘zdan kechirdi.

Prezident «Sirdaryo tajribasi»ni joriy qilish loyihalarini ko‘zdan kechirdi.

Shu yerda yoshlarni madaniyat va sport majmualariga jalb etish, ular o‘rtasida kompyuter savodxonligi va kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim taqdimoti o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, Yoshlar ittifoqi, Sport, Madaniyat va Xalq ta'limi vazirliklari, Ma'naviyat targ‘ibot markazi, Yozuvchilar uyushmasi tumanlardagi yoshlar bilan manzilli ishlaydi, ularning qiziqishlariga mos to‘garak va muassasalarga jalb etadi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi «O‘qituvchi» brendi ostida markaziy kitob do‘koni va «buk-kafe»lar tashkil etadi, shuningdek, elektron kitoblar tayyorlab tarqatadi.  

«Bilim, madaniyat, fidoyilik birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Ma'naviyat iqtisodiyotga ham asos bo‘ladi. Farzandlarimizni sog‘lom, bilimli, vatanparvar qilib tarbiyalash uchun hech narsani ayamaymiz. Ana shunday yoshlar bizning ertangi kunimiz», degan Shavkat Mirziyoyev.

Viloyatda ko‘p qavatli uylar va sport inshootlari qurish, ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan ishlar haqida ham ma'lumot berildi.

Mavzuga oid