Jahon | 19:38 / 21.02.2019
43556
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev Qozog‘iston hukumatini iste'foga chiqardi

Foto: kremlin.ru

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakat hukumatini iste'foga chiqarishga qaror qildi va uning iste'fosini qabul qildi. Bu haqda Oqo‘rda saytida ma'lum qilindi. 

Nazarboyevning ta'kidlashicha, Qozog‘istonda bir nechta, jumladan, industrial, ijtimoiy, infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlash va ta'lim davlat dasturlari qabul qilingan, biroq ular bo‘yicha hukumat tomonidan tizimli ish yo‘lga qo‘yilmagan va shu sababli aholining real daromadlari oshmagan.    

“Bugun davlatimiz uchun muhim qarorni qabul qilmoqdaman. Avvalgi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat barqaror edi. Bu, shubhasiz, ijobiy holatdir. Biroq hozirgi zamon uchun bu yetarlilik qilmaydi”, deb aytgan prezident.

Elbasining aytishicha, yangi hukumat turmush darajasini oshirish, iqtisodiyotni stimullash, strategik vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy qadamlarni ishlab chiqishi lozim.

Shu munosabat bilan Nazarboyev 21 fevralda hukumatni iste'foga chiqarish haqidagi farmonni imzolagan va bosh vazir lavozimiga vaqtinchalik Askar Maminni tayinlagan.  

Farmonga ko‘ra, hukumat a'zolariga hukumatning yangi tarkibi tasdiqlanmaguncha o‘z vazifalarini bajarish topshirilgan. 

Bungacha Qozog‘iston bosh vaziri sifatida Bakitjan Sag‘intayev ishlab kelayotgandi. Mamin esa bosh vazir birinchi o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan. 

Mavzuga oid