Sport | 13:20 / 21.02.2019
17629
10 daqiqa o‘qiladi

Penalti, penalti va qizil kartochka. Lekin «Siti» VAR’ni ojiz qoldirdi

Foto: Reuters

Inglizlar Gelzenkirxendagi o‘yinda penaltidan ikkita gol o‘tkazishdi, bir kishi kam bo‘lib qolishdi va baribir g‘alaba bilan qaytishdi.

«Shalke» (Germaniya) – «Manchester Siti» (Angliya) – 2:3 (2:1)
Gollar: Aguero, 18 (0:1). Bentaleb, 38 – penalti (1:1). Bentaleb, 45 – penalti (2:1). L.Sane, 85 (2:2). Sterling, 90 (2:3).
«Shalke» (Gelzenkirxen): Fermann, Bruma, S.Sane, Nastasich, Kalidjuri, Serdar, Bentaleb, Makkenni (Skrsibski, 77), Ochipka, Mendil (Burgshtaller, 65), Ut (Xarit, 88).
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Fernandinyu, Otamendi, Lyaport, De Breyne (Zinchenko, 87), Gyundogan, Silva (Kompani, 70), Sterling, Aguero (L.Sane, 78), Bernardu Silva.
Ogohlantirishlar: Otamendi, 37. Ut, 41. Fernandinyu, 43. S.Sane, 73. Ederson, 90+5. Burgshtaller, 90+5.
Chetlatish: Otamendi, 68.
Hakam: del Serro Grande (Ispaniya).
20 fevral. Gelzenkirxen. «Feltins-Arena».
Javob o‘yini – 12 mart.

Qur'a natijalaridan keyin «Manchester Siti»ning omadi kelgani, «Shalke»ga qarshi o‘yinlar natijasi oldindan ma'lumligi aytilgan bo‘lsada, bu o‘yin kamida ikki futbolchi uchun, Matii Nastasich hamda Leroy Sane uchun ahamiyatli edi. Birinchisi Gelzerkirxenga kelishdan avval «Siti» sharafini himoya qilgan, ikkinchisi «Shalke» tarbiyalanuvchisi sanaladi. Maydon egalari ustozi Domeniko Tedesko serbiyalik futbolchini boshlang‘ich tarkibda tushirdi, Gvardiola esa Saneni zaxirada madad kuchi sifatida ushlab turishga qaror qildi.

Agueroning rekordi

O‘yinning ilk daqiqalaridanoq maydon egalari oldinga tashlanishdi, «Shalke»ning 5 himoyachisi doimiy bosim ostida ushlab turildi. Barchadan ko‘proq Serxio Aguero faollik ko‘rsatdi, u jamoasining keyingi 9 o‘yinidan 6tasida hisobni ochuvchi golni urgandi. Argentinalik hujumchi raqibni pressing qilar va zarba berish uchun qulay payt poylardi. Unga ilk xavfli vaziyatni sheriklari yaratib berishdi, to‘p jarima maydoniga olib kirildi va Agueroga kuchli zarba yo‘lladi, lekin bu vaziyatda Ralf Fermann zarbani bartaraf etdi. 

Bo‘lim o‘rtalariga kelib «Siti»ning maydondagi ustunligi hisobda ham aks etdi. Maydon egalarining o‘zi golga sababchi bo‘lishdi, Mark Ut maydon markazida ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashda yutqazdi, «Shalke» futbolchilari esa hakamga qoida buzilganini uqtirishga kirishib ketishdi, bu vaqtda Aguero ta'qibi ostidagi mezbonlar himoyachisi to‘pni darvozabonga uzatdi, dovdirab qolgan Fermann esa to‘pni raqibning ikki futbolchisi o‘rtasidagi himoyachiga, Leroy Sanening ukasi Salif Sanega uzatdi, ammo Silva chaqqonroq harakat qildi va to‘pga ega chiqib, uni bo‘sh darvoza qarshisida qolgan Agueroga tashlab berdi. Mezbonlar hakamga bosim uyushtirishda davom etishdi (holbuki, nemis futbolchilarining o‘zi Ut bilan bog‘liq vaziyatdan keyin o‘yinni davom ettirishgandi), ispaniyalik hakam Karlos del Serro Grande videotakrorni ko‘rib chiqib, golni inobatga oldi.

Shu tariqa, Aguero Chempionlar ligasi tarixida qatorasiga yettita safar o‘yinida gol urgan ingliz klubi futbolchisiga aylandi.

VAR va Bentalebdan duplet

Hisobda oldinda borayotgan «Manchester Siti» hujum qilishda davom etdi, ammo endi ishtiyoq biroz pasaygandi. «Shalke» esa raqibni maydon markazida qat'iylik bilan kutib ola boshladi va kichik follar ko‘paydi. Shunday vaziyatlardan birida maydon markazida to‘pni egallab olgan nemislar Daniyel Kalidjurini zarba berish nuqtasiga chiqarishdi, ammo kuchli zarba yo‘lidan mehmonlar himoyachisi Nikolas Otamendi chiqib keldi. To‘p o‘z yo‘lida himoyachining qo‘liga tegib, maydondan tashqariga chiqib ketdi. Hakam avvaliga burchak to‘pi belgiladi, ammo nemis futbolchilari bosimi ostida videohakamga murojaat qilib, qarorini o‘zgartirdi. U Otamendiga sariq kartochka ko‘rsatib, «nuqta»ni ko‘rsatdi.

Bundan oldinroq «Shalke» murabbiylar shtabida g‘alati holat kuzatildi. Arbitr futbolchilarning e'tirozlarini tinglab, ularga nega penalti emas, burchak zarbasi belgilaganini tushuntirayotganida, Tedesko va yordamchi murabbiylar smartfonda videotakrorni ko‘rib bo‘lishgan va hakamga apellyatsiya qila boshlashgandi.

Qayd etish kerakki, hakam videotakrorni ko‘rmadi, u videohakam Alexandro Ernandes-Ernandesning maslahati bilan ish tutdi. U monitorga bormadi, ikki jamoa sardorlarini chaqirib, ular bilan vaziyatni muhokama qildi. Keyin Ernandes-Ernandesga quloq tutib, penaltiga ruxsat berdi. Bu muhokamalar jarayoniga 4 daqiqa ketdi. Barchasi shubhali ko‘rinardi. O‘yindan keyin aytishlaricha, o‘yin vaqtida monitor ishlamay qolgan va bosh hakam videoyozuvni ko‘ra olmagan. U videoassistent yordamiga tayanishga majbur bo‘lgan.

Nabil Bentaleb penaltini aniq ijro etdi - u to‘pni o‘ng burchakka yo‘lladi, Ederson chapga sakradi.

Bir necha daqiqa o‘tib gelzenkirxenliklarning Sanesi birinchi goldagi xatosini tuzatdi, u jarima zarbasi belgilangan vaqtda raqib jarima maydonida qulay pozitsiyaga chiqib bordi. Bu vaqtda markaziy himoyachiga aylangan Fernandino Saneni yiqitdi va Grande yana bir bor 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi.

Bentaleb bu safar to‘pni chap burchakka tepdi, Ederson yana chap burchakka sakradi ammo to‘pga yetolmadi. Jazoirlik futbolchi qatorasiga 15-marta penaltini aniq ijro etdi.

Xaloskor Sane va Sterling

Ketma-ket tarsakilardan keyin Gvardiola «Shalke»ni pressing bilan qiynab qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo hisobdagi ustunlik va ko‘p sonli muxlislarning qo‘llab-quvvatlovlari ostida harakat qilayotgan mezbonlar o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmadi. «Siti» uzoq vaqt davomida «Shalke» himoyasini buzib o‘ta olmadi, ikkinchi bo‘limning oxirgi 10-daqiqasigacha manchesterliklar darvoza tomon birorta zarba berishmadi, himoya yorib o‘tilib, jarima maydoniga kirilganda esa inglizlar jamoasi futbolchilari yiqilishga shoshilishardi. Hakam bu tomoshalarni e'tiborsiz qoldirdi, lekin Otamendini Gvido Burgshtallerga ishlatgan qo‘polligiga e'tibor qaratdi - ikkinchi sariq kartochka va mehmonlar bir kishi kam bo‘lib qolishdi. Qiziq jihati, bu argentinalik futbolchi uchun faoliyatidagi ilk qizil kartochka bo‘ldi.

O‘yin oxirlab borayotganida Gvardiola o‘z Sanesini maydonga tashladi. Sane esa minnatdorchiligini uzoq kuttirmadi, maydonga tushganiga 7 daqiqa o‘tganida hisobni tenglashtiruvchi golni urdi. Rahim Sterling jarima zarbasi ishladi, Sane uni ajoyib tarzda ijro etdi. Avvaliga Leroy qo‘lini tepaga ko‘tardi, ammo keyin tribunadagi muxlislardan hissiyotga berilgani uchun uzr so‘radi.

Hisob 2:2 bo‘lib turganida maydonga Kevin de Bryuyne o‘rniga Aleksandr Zinchenko tushirildi. O‘yin qahramoni Sterling bo‘ldi, u o‘z darvozaboni uzatgan to‘pni o‘ziga bo‘ysundirdi va raqib jarima maydoniga yorib kirib, Fermanning yaqin burchagini ishg‘ol etdi - 3:2!

«Shalke»ga durangni saqlab qolish uchun bir necha sekund yetmay qoldi. «Siti» muhim g‘alaba bilan qaytadigan bo‘ldi. Hakamning qarorlari «Siti»ga to‘sqinlik qila olmadi.

Mavzuga oid