Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sarrini faqat Gvardiola ustidan g‘alaba qutqaradi. Bugungi o‘yinlar anonsi
Yevropada bugun 24 fevral, yakshanba kuni o‘tkaziladigan muhim o‘yinlar anonsi bilan tanishing.
«Bolonya» – «Yuventus». 19.00. «Renato Dall’Ara» stadioni.
«Manchester Yunayted» – «Liverpul». 19.05. «Old Trafford» stadioni.
«Chelsi» – «Manchester Siti». 21.30. «Uembli» stadioni.
«Monako» – «Lion». 01.00. «Lui II» stadioni.
Angliya
Angliyada bir kunda ikkita katta o‘yin bor - Liga kubogi finalida «Chelsi» «Manchester Siti»ga qarshi saf tortadi. Bu o‘yinda londonliklar jamoasi bosh murabbiyi Maurisio Sarrining taqdiri ham hal etiladi. Angliya Kubogida «MYu»dan qabul qilib olingan mag‘lubiyatdan (0:2) keyin Sarri shogirdlari ichki turnirlarda yana bir kubok uchun imkoniyatni yo‘qotdi. Mahalliy matbuot esa Roman Abramovich Sarrini ishdan bo‘shatib, unga 5 million yevro miqdorida tovon puli to‘lashga tayyorligi, shuningdek, uning o‘rniga tayinlanishi mumkin bo‘lgan nomzodlar haqida yoza boshladi.
«Chelsi» muxlislarining allaqachon sabr kosalari to‘lgan va italiyalik mutaxassis iste'fosini talab qilish boshlangan. O‘yinlar vaqtida uning sha'niga qaratilgan haqoratli so‘zlar ishlatilmoqda. Futbolchilar ham murabbiyning ish uslubidan qoniqmayapti. Masalan, himoyachi Antonio Ryudiger shunday dedi: «Charchoqmi? Yo‘q, biz jarima maydonidan jarima maydoniga qadar yugurmayapmiz. Biz faqat taktika ustida ishlayapmiz. Murabbiy shunday ishlashni yoqtiradi. Ko‘pchilik futbolchilar uchun bu yangicha mashg‘ulot. Sen xuddi maktab o‘quvchisidek o‘tirasan va murabbiyni tinglaysan. Lekin biz o‘z ishimizni qilishimiz kerak emasmi?».
Sarri jamoada qolishi uchun yagona imkonga ega - Gvardiola jamoasini mag‘lub etish va kubokni qo‘lga kiritish bilan birga, ikki hafta muqaddam APL doirasida qabul qilib olingan alamli mag‘lubiyat (0:6) uchun qasos olish. «Chelsi»ni ketma-ket ikki o‘yin kutmoqda, keyingi turda jamoa «Tottenhem»ga qarshi derbida maydonga tushadi. Bu o‘yinlarda jamoadan haqiqiy qahramonlik ko‘rsatish talab etiladi.
Sarri jamoasi joriy mavsumda «kuchli oltilik» vakillariga qarshi o‘yinlarda nihoyatda muvaffaqiyatsiz ishtirok etmoqda. Jyeymi Karrager bekorga «Sarri «Chelsi»ni «Arsenal»ga aylantirib qo‘ygani» haqida kinoya qilmadi.
Kunning ikkinchi top-o‘yini Manchesterda kechadi. Sulsher shogirdlari bugun mavsum chempionligi uchun asosiy ikki da'vogardan biri «Liverpul»ni qabul qiladi. Keyingi vaqtlarda Klopp jamoasi ishonchsiz harakat qilmoqda va «Manchester Siti» bosimi ostida ko‘p ochko yo‘qotmoqda. Yangi yilda mersisaydliklar jamoasi barcha turnirlardagi 8 uchrashuvdan faqat 3tasida g‘alaba qozona oldi. «MYu»ga qarshi o‘yin «Liverpul» uchun mavsumdagi eng hal qiluvchi o‘yin bo‘lishi mumkin.
Bu o‘yin «MYu» uchun ham ahamiyatli, jamoa YeChLga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘ringa mustahkam joylashib olish harakatida. Bugungi o‘yinga Jyessi Lingard va Antoni Marsiyal ham tayyor bo‘lgan.
Italiya
«Yuventus» Chempionlar ligasida «Atletiko»ga qarshi kechgan safar uchrashuvidagi mag‘lubiyatga (0:2) qanday reaksiya beradi. Bu mag‘lubiyat Italiya chempionatidagi barqarorlikka salbiy ta'sir ko‘rsatmaydimi? Massimiliano Allegri jamoasi allaqachon eng yaqin ta'qibchisi «Napoli»ni 13 ochkoga ortda qoldirgan. Yakshanba kuni jamoa va Krishtianu Ronaldu muxlislarning tanqidlariga qanday javob qaytaradi? Portugaliyalik yulduz YeChLda 6 o‘yinda atigi 1 gol urdi, Italiya chempionatida esa uning natijalari ancha yaxshi - 24 o‘yinda 19 gol.
Bugun Allegri qanday tarkibni maydonga tushiradi? Raqib ancha kuchsiz «Bolonya». Lekin bu jamoa ayni vaqtda turnir jadvalining quyi qismida joylashgan bo‘lsada, ikki tur muqaddam «Inter»ni mag‘lub etolgandi.
Mavzuga oid
18:11 / 03.06.2026
Abduqodir Husanov APLda transfer narxi eng ko‘p oshgan futbolchilar o‘ntaligiga kirdi
12:01 / 25.05.2026
«Arsenal» kubok ko‘tardi, «Siti» va «Liverpul» afsonalari bilan xayrlashdi
15:56 / 22.05.2026
«Ketishim sababini so‘ramang». Gvardiola «Siti» bilan xayrlashdi
02:16 / 20.05.2026