O‘zbekiston | 18:58 / 26.02.2019
65434
9 daqiqa o‘qiladi

Hukumatning yer uchastkalari bo‘yicha yangi qarori qabul qilindi

Foto: Depositphotos

Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik sub'yektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma obektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Nizom talablari qishloq xo‘jaligini yuritish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyojlar uchun hamda loyihalarni erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiradigan investorlar uchun berilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Yengil konstruksiyali infratuzilma obektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurishga yer uchastkalari faqat ushbu qurilishni amalga oshirishga talabgor bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarining yer uchastkalari doirasida hamda yer ijarasi shartnomasida belgilangan muddatga ajratiladi.

Tadbirkorlik sub'yektlariga ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquq bekor bo‘lganda yengil konstruksiyali infratuzilma obektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquq ham bir vaqtning o‘zida bekor bo‘ladi.

Tadbirkorlik sub'yektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma obektlari, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer ajratish sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik sub'yekti yer uchastkasiga yengil konstruksiyali obektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun arizani shaxsan yoki pochta aloqasi vositasi orqali tuman (shahar) hokimliklariga beradi (yuboradi).

O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali berilgan arizalar tuman (shahar) hokimliklariga avtomatik ravishda yuboriladi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

tadbirkorlik sub'yekti davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;

yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.

Tadbirkorlik sub'yektidan ushbu bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni va boshqa ma'lumotlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tuman (shahar) hokimligi tushgan arizani bir ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi va ularda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda ariza hamda tegishli hujjatlarni shu kunning o‘zida ijrochiga yuboradi.

Tuman (shahar) hokimligi ariza va hujjatlarda tegishli kamchiliklarni aniqlagan taqdirda, tadbirkorlik sub'yektiga ariza tushgan kunning ertasidan kechiktirmay kamchiliklarni aniq ko‘rsatgan holda asoslangan yozma xabar beradi. Ushbu xabarda ariza va hujjatlardagi kamchiliklar tegishli qonun hujjatlari normalariga asoslangan holda bayon etilib, ularni bartaraf etish va arizani qayta taqdim etish muddatlari ko‘rsatiladi.

Ariza ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilgan holda qayta taqdim etilgan taqdirda, tuman (shahar) hokimligi tomonidan shu kunning o‘zida ijrochiga yuboriladi.

Ijrochi besh ish kuni mobaynida yengil konstruksiyali obektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish materiallarini tayyorlaydi va ularni kelishish uchun bir ish kuni mobaynida vakolatli organlarga yuboradi.

Ijrochi tomonidan yer uchastkasi ajratish materiallarini tayyorlash davomida:

yengil konstruksiyali obektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun joylashadigan yer maydoni aniqlanadi;

yer tuzish hujjatlari, yer kadastrlari ma'lumotlari o‘rganiladi;

yengil konstruksiyali obektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun, birinchi navbatda, tadbirkorlik sub'yektiga ajratilgan yerlardagi qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlardan beriladi;

yer uchastkalarini tanlashda bog‘ va uzumzorlar hamda boshqa daraxtzorlar buzib tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, suv xo‘jaligi obektlaridan, muhandislik- kommunikatsiya infratuzilmalaridan foydalanishda noqulayliklar yaratmaslik holatlari inobatga olinadi.

Ijrochi tayyorlangan yengil konstruksiyali obektlar hamda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalarini tanlash materiallarini quyidagi vakolatli organ (tashkilot)larga:

a) xulosa olish uchun:

tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limiga;

tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasining (bo‘limining) yong‘in xavfsizligi bo‘limiga;

tuman (shahar) davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasiga, viloyatlar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga;

b) kelishish uchun:

tuman (shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limiga;

tuman (shahar) irrigatsiya bo‘limiga;

tegishli hududlar va inshootlardan rejim asosida foydalanadigan hamda ularni ekspluatatsiya qiladigan tashkilotlarga yuboradi.

Vakolatli organlar taqdim etilgan materiallarni uch ish kuni mobaynida kelishadi yoki tegishli xulosalar beradi. Vakolatli organlar taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagi xulosalardan birini chiqaradi:

yengil konstruksiyali obektlar hamda (yoki) yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalari ajratishning maqsadga muvofiqligi;

yengil konstruksiyali obektlar hamda (yoki) yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkalari ajratishning maqsadga muvofiq emasligi.

Ushbu bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan xulosa chiqarilgan taqdirda, ushbu xulosada yer uchastkasidan foydalanish, shaharsozlik, tabiatni muhofaza qilish, yong‘inga qarshi talablar, shuningdek, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etish talablari bayon etiladi.

Ushbu bandning uchinchi xatboshida nazar da tutilgan xulosa chiqarilgan taqdirda, ushbu xulosada tegishli qonun hujjatining aniq normalariga asoslangan holda bo‘sh yer uchastkasini ajratish imkoni yo‘qligining sabablari ko‘rsatiladi.

Tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi xulosasida quyidagilar ko‘rsatiladi:

yengil konstruksiyali obekt, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurilishi uchun tanlangan yer egalari, foydalanuvchilar va ijarachilarning nomi;

yer uchastkasining yer turi va sifat tavsiflari;

tuproqning unumdor qatlamini ko‘chirib olishning zarurligi;

yer egalari, foydalanuvchilar va ijarachilardan yer uchastkasini olib qo‘yishning shartlari (mavjud bo‘lsa).

Yer uchastkasiga yengil konstruksiyali obektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun materiallarni kelishish va (yoki) ular bo‘yicha xulosalar berish uchun vakolatli organlar tomonidan to‘lov undirilmaydi.

Ijrochi vakolatli organlardan tegishli xulosalarni olgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida yengil konstruksiyali obektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun kelishilgan materiallar asosida tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyaning (keyingi o‘rinlarda tuman (shahar) komissiyasi deb ataladi) dalolatnomasini va tuman (shahar) hokimining qarori loyihasini tayyorlaydi.

Yer uchastkasida yengil konstruksiyali obektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish bo‘yicha dalolatnoma faqat tuman (shahar) komissiyasining a'zolari tomonidan imzolanadi.

Yengil konstruksiyali obektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish bo‘yicha quyidagi materiallar ijrochi tomonidan tuman (shahar) hokimiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi:

tuman (shahar) hokimining tuman (shahar) qurilish bo‘limi, qishloq xo‘jaligi bo‘limi, irrigatsiya bo‘limi hamda yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi bilan kelishilgan qarori loyihasi;

vakolatli organlarning yengil konstruksiyali obektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish bo‘yicha xulosalari;

yengil konstruksiyali obektlarni, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalarni qurish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasi dalolatnomasi.

Tuman (shahar) hokimi o‘z vakolati doirasida yengil konstruksiyali obektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalarni qurish uchun yer uchastkasi ajratish to‘g‘risida ikki ish kuni mobaynida qaror qabul qiladi va ijrochiga taqdim etadi.

Tuman (shahar) hokimining yengil konstruksiyali obektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish to‘g‘risidagi qarorida quyidagilar aks ettirilishi kerak:

yengil konstruksiyali obektlar, shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar quriladigan yer uchastkasi kimga, qanday maqsadlar uchun va qancha muddatga (yer vaqtincha foydalanishga va ijaraga berilganda aniq muddati ko‘rsatiladi) beriladi, shuningdek, ularni qurish shartlari;

qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarish nobudgarchiliklari miqdorlari hamda ularni to‘lash muddatlari (mavjud bo‘lganda);

tuproqning unumdor qatlamini ko‘chirib olish taqiqlanganligi;

suv muhofazasi, ekologik, yong‘inga qarshi shartlar va talablar, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (zarurat bo‘lganda).

Mavzuga oid