Jamiyat | 11:00 / 27.02.2019
16443
2 daqiqa o‘qiladi

Ra'no Shodiyeva: “Mehrli qo‘llar” - muhtojlar boshini silashga tayyor!”

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi tashabbusi bilan Toshkent shahrining bir nechta ko‘chalarida muhtoj insonlar uchun “Mehrli muzlatgichlar” astoydil xizmat qilib kelmoqda. Undagi “Kerak bo‘lsa oling, imkon bo‘lsa soling”, degan yozuvlar kimnidir savob qilishga shoshirsa, kimgadir yordam qo‘lini cho‘zadi.

Mazkur loyiha Toshkent shahrining 15 dan ortiq hududida amalga oshirilib, aholi gavjum joylarda oziq-ovqatlar solingan muzlatgichlar o‘rnatildi.

- “Mehrli muzlatgichlar” “Mehrli qo‘llar” ijtimoiy rivojlanish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarimizdan biri, - deydi markaz rahbari Ra'no Shodiyeva. - Bu xayrli loyihada saxiy yurtdoshlarimizning alohida o‘rni bor. Chunki saxovatli insonlar tomonidan bugungi kunga qadar payme click tizimi orqali hisobimizga 1 milliard so‘m yig‘ildi. Mazkur mablag‘larni imkoniyati cheklangan, kam ta'minlangan oilalardagi yoshlarning operatsiyalari, dori-darmonlari va tibbiy-ko‘riklari uchun sarflayapmiz. “Mehrli qo‘llar“ xayriya loyihasi doirasida tekin kiyim-kechaklar magazinini ham ochganmiz. Har shanba kuni kiyimga ehtiyoji bor kam ta'minlangan oilalar vakillari va imkoniyati cheklangan insonlar ushbu magazinga kelib, o‘ziga kerakli kiyimlarni olib ketishmoqda. Maqsadimiz muhtoj insonlarga chin yurakdan beminnat yordam berish. 

Loyihaning bir qismi bo‘lgan “Mehrli muzlatgichlar” esa muhtoj insonlarga yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Ular muzlatgichlardagi mahsulotlardan kerakligini olib, foydalanishyapti.

Har kuni homiylar tomonidan ushbu muzlatgich to‘ldirib borilmoqda. Loyiha respublikamiz bo‘ylab amalga oshiriladi.

 

Mavzuga oid