O‘zbekiston | 20:09 / 27.02.2019
8278
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 fevral kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston Respublikasi bilan Jahon banki guruhi o‘rtasidagi samarali sheriklik jadal rivojlanib borayotganini alohida ta'kidladi.

Keyingi yillardagi izchil aloqalar va konstruktiv muloqot ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, uni yangi istiqbolli dasturlar bilan boyitishga xizmat qilgani qayd etildi. O‘zaro hamkorlik samaradorligi va ushbu nufuzli xalqaro moliya instituti investitsiyalari hajmi salmoqli darajada oshdi. 

Bugungi kunda hamkorlik portfelini bankning 4,5 milliard dollarlik imtiyozli moliyaviy resurslarini jalb etgan holda amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan 40ga yaqin loyiha tashkil etadi. Ular raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, energetika, transport, shahar va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, ilg‘or va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligini intensiv rivojlantirish, ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish kabi ko‘plab muhim soha va yo‘nalishlarni qamrab olgan.

2020 yilgacha mo‘ljallangan uzoq muddatli Sheriklik dasturi doirasida o‘tgan yili bankning Direktorlar kengashi tomonidan qiymati 1,4 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi loyihalar ma'qullandi.

Bundan tashqari, Jahon bankining yetakchi ekspertlari soliq tizimi va fuqarolik aviatsiyasi tarmog‘ini isloh etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Jahon banki guruhi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Bank-moliya sohasini rivojlantirish, tadbirkorlik va iqtisodiyotning real sektorini qo‘llab-quvvatlash, davlat korxonalari va agrosanoat kompleksini isloh etish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga davlat-xususiy sheriklik mexanizmini joriy etish va boshqa yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim ekani alohida ta'kidlandi.

Iqtisodiy kengash doirasida uzoq muddatli hamkorlik dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Jahon banki vitse-prezidenti Siril Myuller davlatimiz rahbariga samimiy qabul hamda O‘zbekistonda bank loyihalarini amalga oshirishga qaratilayotgan e'tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

U O‘zbekistonning qimmatli qog‘ozlari xalqaro fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirilgani, suveren reytinglar olingani hamda mamlakatimizning xalqaro reytingi oshgani yangi bosqichda amalga oshirilayotgan keng miqyosli iqtisodiy islohotlarning dunyodagi e'tirofi ekanini alohida ta'kidladi.

Jahon banki O‘zbekiston va butun mintaqaning barqaror taraqqiyotiga ko‘maklashish maqsadida mamlakatimiz bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyorligi ta'kidlandi. 

Mavzuga oid