Eng mashhur o‘g‘ri ayollar
O‘g‘rilik bir qarashda erkaklarning odatidek tuyuladi. Lekin tarixda shunday o‘g‘ri ayollar, firibgarlik bilan shug‘ullangan xonimlar o‘tganki, ular zaifalar bo‘lsalar-da, kuchli jins vakillarining ancha-munchasini ortda qoldirganlar.
Sonka «Zolotaya Ruchka»
Rossiya imperiyasi tarixidagi eng mashhur o‘g‘ri ayol – Sonka «Zolotaya Ruchka» (Sheyndlya-Sura Leybovna Solomoniak) 1846 yilda yahudiy oilasida tug‘ildi. Otasining qonunbuzar do‘stlari ko‘p bo‘lib, bu holat uning tarbiyasiga ta'sir qilmay qolmaydi.
Sonka imperiyaning cheksiz hududlarida sochilib ketgan yirik shaharlarni aylanib yurarkan, yuzlab odamlarni ship-shiydam qilib ketgan. Uning domiga ilinganlar orasida savdogarlar, bankirlar, harbiylar, sudxo‘rlar, turli-tuman amaldorlar, qo‘yingki puli bo‘lgan barcha soha vakillari bo‘lgan.
Eng mashhur va samarali usulini u poyezdlarda va mehmonxonalarda qo‘llardi. Poyezdda boyvachchaning choyiga uyqu dori berib bor-budini o‘marsa, mehmonxonada badavlat odam yotgan xonaga tong sahar kirib borar, agar u uyg‘onmasa, borini supurib ketar, uyg‘onib qolsa darhol yechinishni boshlar va keyin xonani adashtirib yuborganini bahona qilardi. Shu usul bilan u birgina general Frolovning xobgohidan 240 ming rublni o‘g‘irlab ketadi. Bu 5-10 so‘mga qo‘y, 30-50 so‘mga qoramol sotib olish mumkin bo‘lgan davrlardagi o‘g‘irlik edi.
Ko‘plab marta qamalishiga qaramay o‘z odatidan voz kechmagan bu ayol haqida pesalar sahnalashtirilgan, filmlar ishlangan, kitoblar yozilgan.
Kessi Chedvik
XIX asrda yashab o‘tgan bu ayol 14 yoshidayoq cheklarni qalbakilashtirib qo‘lga tushgan. Keyinchalik u folbinlikni odat qilib, Amerika shaharlari bo‘ylab kezganicha mijozlarini chuv tushirishga kirishadi va aql bovar qilmas boylikni o‘maradi.
1897 yilda u o‘z davrining eng badavlat ishbilarmonlaridan biri bo‘lgan Endryu Karnegining uyi yoniga boradi va o‘zini xuddi uyga kirib chiqqanday tutib, atrofdagilarga Karnegi imzosi bo‘lgan 2 million dollarlik veksel ko‘rsatadi va o‘zini Karnegining nikohdan tashqari qizi deb tanishtiradi. Qiyoslash uchun oddiy ishchining bir kunlik maoshi o‘sha paytlarda 1 dollar atrofida bo‘lgan.
Shahar bo‘ylab magnatning qizi bo‘yicha xabarlar tarqaladi va darhol ayol atrofida gumashtalar paydo bo‘ladi. Keyingi 8 yil davomida «magnat qizi» hashamat ichida yashaydi. Banklar unga istaganicha qarz berishar, hech kim Karnegidan bir og‘iz so‘rashga botinmasdi. Kessi Chedvik bir qarzini yopish uchun ikkinchisini olar, o‘zi ham istaganicha pul sovurardi. 1904 yilga kelibgina uning firibi oshkor bo‘ldi va 14 yilga qamaldi.
Knyaginya Tarakanova
XVIII asrning yetmishinchi yillarida Parijda o‘zini rus malikasi deb atagan xonim paydo bo‘ladi va nazokati bilan hammaning e'tiborini o‘ziga qaratib oladi. Bankirlar, zodagonlar orasida tanish-bilishlar orttirgach, katta-katta ssudalar olishni boshlaydi va sulolasining sharqdagi boyliklari bilan uzishni va'da qilib, hammani ishontiradi. O‘zini rus imperiyasi vorisi Yelizaveta Petrovnaning qizi deb tanishtirgan Tarakanova xonim hatto Angliya banklarini ham chuv tushira boshlaydi.
Tez orada uning qilmishlari haqida Yekaterina II xabardor bo‘ladi va graf Aleksey Orlov uning buyrug‘iga ko‘ra xonimni qo‘lga olishga kirishadi. Reja juda oson va samarali edi. Orlov xonimga turmushga chiqishni taklif qiladi va to‘yni o‘z kemasida o‘tkazishini bildiradi. Albatta uni darhol qo‘l-oyog‘ini bog‘lab Rossiyaga qaytarishadi hamda Tarakanova xonim tergov hibsxonasida vafot etadi. Sir ochilgan bo‘lsa-da, endi u boyliklarni qaytarishning iloji yo‘q edi.
Doris Peyn
XX asrning eng mashhur olmos o‘g‘risi G‘arbiy Virginiyadagi kambag‘al oilada dunyoga keladi. Qora tanlilar huquqlariga havas qilib bo‘lmaydigan o‘sha yillarda u dastlab kiyim o‘g‘irlash bilan o‘g‘rilik olamiga qadam qo‘ygan.
Ammo bu juda mayda ishlar bo‘lib, katta daromad qilib bo‘lmasdi. Shundan keyin u zargarlik do‘konlarini o‘mara boshlaydi. Dorisning ish uslubidagi o‘ziga xoslik shundaki, u doim sotuvchining ko‘z o‘ngida o‘g‘irlagan, talonchilik qilmagan, hech kimga qurol o‘qtalmagan va hamisha xushmuomala bo‘lgan. O‘g‘irlik haqida odatda ancha vaqt o‘tgandan keyin bilishardi.
O‘g‘irlik san'atini kuchaytirgan sari brilliantlar salmog‘i ham osha boshlaydi. U Amerika bo‘ylab safarlari davomida yuzlab zargarlarni shilib oladi va zerikkanidan Yevropaga jo‘naydi. Ko‘hna qit'ada ham ko‘plab qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlaganiga qaramay qochib qutulishga muvaffaq bo‘ladi.
Faqat 1984 yilga kelibgina politsiya uning iziga tushadi va uyiga kelgan izquvarlar hayratda qolishadi – millionlab dollarlik taqinchoqlarni o‘marib pullagan ayol qashshoqlikda kun kechirardi. Buning sababi tez orada ma'lum bo‘ldi – Doris giyohvandlikka chalingan o‘g‘li va saratondan azob chekayotgan onasini davolatish uchun katta mablag‘ sarflagan ekan. Shuningdek, u qolgan pullarni onkologik gospital va mahalliy cherkovga xayr qilib yuborgani ma'lum bo‘ldi.
Bu holning o‘ziga xos jihati shundaki, ayolga xayrixohlar ham paydo bo‘ldi va Doris yengil jazo bilan qutulib qoldi. Lekin xonim keksayib qolganda ham o‘z qilig‘idan voz kechmaydi va 2015 yilda 84 yoshli Doris Peyn yana 5 yilga kesilib ketdi.
Abror Zohidov tayyorladi