Rossiya aviakompaniyasi O‘zbekistondan Il-114-100 samolyotlarini sotib olmoqchi
Rossiyaning «Yakutiya» aviakompaniyasi amaldorlar va senatorlarga O‘zbekistondan Kanada dvigatellariga ega, hozirda foydalanilmayotgan Il-114−100 6ta samolyoti sotib olinishini qo‘llab-quvvatlash taklifi bilan chiqdi. Bu haqda TASS aviakompaniya rahbari Vladimir Gorbunovga asosan xabar bermoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, samolyotlarning sotib olinishi bilan 2023 yilda Rossiya dvigateliga ega Il-114 paydo bo‘lguniga qadar Arktika mintaqalari ta'minotida uzilishlar ro‘y berishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
«O‘zbekistonda Pratt & Whitney firmasi dvigatellari bo‘lgan 6ta Il-114-100 samolyoti turibdi. Krasnoyarskning «KrasAvia» aviakompaniyasi bilan uchtadan samolyotni olishimiz mumkin. Ushbu samolyotlarda uchishga ikkita mintaqani o‘rgatishimiz kerak», - dedi Gorbunov.
Uning aniqlik kiritishicha, gap davlat tomonidan subsidiyalanuvchi lizing kompaniyasi tomonidan samolyotlar xarid qilinishi va keyinchalik foydalanishga topshirilishi haqida ketmoqda.
Gorbunovning so‘zlariga ko‘ra, bunday xarid qiymati taxminan 50 mln dollarni tashkil etadi. Bu miqdorga trenajyorlar, qo‘shimcha uskunalar va ehtiyot qismlar kiradi.
O‘zbekistondagi Il-114−100, Gorbunovning aniqlik kiritishicha, 2006 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan davrda ishlab chiqarilgan va o‘tgan yildan beri foydalanilmayapti, sababi yo‘lovchilar soni ortishi tufayli A320’ga almashtirilgan.
«Bu Rossiya samolyotlari, Rossiyaning tur sertifikati bor. Ularni sotib olish va nazorat ostidagi foydalanishga topshirish kerak. Agar ular Yoqutistonda parvoz qilsa, unda ular barcha joyda uchishi mumkin», - deya ta'kidlab o‘tdi u. Qo‘shimcha qilinishicha, bunday qadam Il-114−300’ni yetkazib berish boshlanishida kuzatilishi mumkin bo‘lgan ko‘plab «bolalik kasalliklari»dan qutqaradi.
Il-114−300 SSSR davridagi Il-114 samolyotining chuqur modernizatsiyasi hisoblanadi. U yo‘lak qoplamasi beton va qattiq tuproqqa ega bo‘lmagan aeroportlarda foydalanishga mo‘ljallangan bo‘lib, bu qo‘llanish doirasini kengaytiradi.
O‘tgan yilning may oyi boshlarida MAK Il-114-100 samolyotlarining tijoriy ekspluatatsiyasini to‘xtatgandi. O‘shanda Milliy aviakompaniyaning Il-114-100 samolyotlarini ekspluatatsiyadan chiqarish tadbirlari rejasiga muvofiq, aviaparkda mavjud bo‘lgan 6ta samolyot sotuvga qo‘yilishi aytilgandi.