Sport | 10:25 / 18.03.2019
16037
3 daqiqa o‘qiladi

Luis Suares O‘zbekiston bilan o‘yinga besh kun qolganda jarohat oldi

Foto: REUTERS

«Barselona» hujumchisi Luis Suares La Liga doirasidagi «Betis»ga qarshi bahsda jarohat oldi va shu boisdan 90-daqiqada Filippe Koutinoga almashtirildi.

32 yoshli futbolchi raqibga qarshi pressing qo‘llash vaqtida o‘ng oyog‘ini qayirib oldi, maydonni tark etayotib esa oyog‘ini yerga bosa olmadi. Hozircha uning shikastlanishi tafsilotlari, xususan qancha vaqt maydonga tusha olmasligi mumkinligi ma'lum emas.

Suares Urugvay terma jamoasi bosh murabbiyi Oskar Tabarez tomonidan mart oyidagi FIFA kunlarida Xitoyda tashkil etiladigan xalqaro musobaqada ishtirok etuvchi futbolchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Urugvay «China Cup» yarim finalida O‘zbekistonga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 22 mart kuni Nanning shahrida bo‘lib o‘tadi.

Yarim finalning ikkinchi juftligida mezbon Xitoy va Tailand termalari to‘qnash kelishadi. 25 mart kuni uchinchi o‘rin uchun bahs va final o‘yini bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Qayd etish kerak, Xitoydagi turnirda janubiy amerikaliklar tarkibida hujumchi Edinson Kavani ham qatnasha olmasligi mumkin. «PSJ» a'zosi 9 fevraldagi «Bordo» bilan bahsda sonidan jarohat olib, bir oy maydonga tusha olmagan edi. U 6 mart kuni YeChL 1/8 finalida «Manchester Yunayted»ga qarshi javob o‘yinining 90+9-daqiqasida zaxiradan o‘yinga qo‘shildi, ammo kecha «Marsel» bilan o‘yin qaydnomasiga kiritilmadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urugvay O‘zbekistonga qarshi o‘yinni yangi dizayndagi libosda o‘tkazishi xabar qilingan edi.

Ma'lumot uchun, Suares «Betis»ga qarshi kechagi bahsda (4:1) darvozani ishg‘ol etib, Ispaniya chempionatida eng ko‘p gol urgan urugvaylik futbolchilar ro‘yxatida peshqadam bo‘lib kelgan Diyego Forlanga yetib oldi. Har ikki hujumchi hisobida 128ta gol bor.

Mavzuga oid