Iqtisodiyot | 09:31 / 20.03.2019
11769
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari bo‘yicha qaror qabul qildi

Vazirlar Mahkamasining “Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish va bozor munosabatlarini joriy qilish, paxta xomashyosini qayta ishlash hamda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish tarmoqlarining integratsiyalashuvini yanada kengaytirish maqsadida qabul qilingan.

Qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, to‘qimachilik sanoati tashkilotlari - zamonaviy paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlar tashkil etish tashabbuskorlarining 2019 yil paxta xomashyosi hosilidan boshlab, respublika hududlarida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlarini tashkil etishning klaster shaklida tegishli ilovaga muvofiq tashkil etish hamda kengaytirish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilindi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilari ularga ajratiladigan imtiyozli kredit mablag‘larini agrotexnologik xaritalar doirasida erkin tasarruf etish huquqiga ega bo‘ladi.

Belgilab qo‘yilishicha, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilari tomonidan fermer xo‘jaliklariga beriladigan yoqilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni himoya qilish vositalari, o‘simliklar rivojlanishining regulyatorlari, defoliantlar va boshqa kimyoviy vositalar soliq solinadigan obekt hisoblanmaydi.

Bildirilishicha, “Peshkuteks” MChJ QK, “Namimpekstekstil”, MChJ, “Daka Tex” MChJ XK, “Sherobod tekstil invest” MChJ, “Surxonteks” MChJ, “Nortex Style” MChJ XK va “Baht Invest Hamkor Tex” MChJ tomonidan paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlarini tashkil etishning klaster shakllari tugatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlarini moliyalashtirish mexanizmini joriy etishga doir asoslangan takliflar kiritadi.

Mavzuga oid