Light | 18:58 / 20.03.2019
44974
5 daqiqa o‘qiladi

Odamlar nega kam uxlayapti?

Bugun dunyo aholisining katta qismi o‘z vaqtida uxlamaslik ortidan kelib chiqadigan xastaliklardan aziyat chekmoqda. Normal 8 soatlik uyqu miqdori kamayib borayotganligi ham hech kimga sir emas.

Odatda, bu kabi muammodan qariyalar aziyat chekishadi. Lekin hayot shiddati oshib boravergani sari kasallik yosharib boryapti. Xo‘sh, biz nima uchun xotirjam uxlolmayapmiz? Sabablari nimada? Davo yo‘llari bormi?

Uyquni nevrologiyaning alohida yo‘nalishi bo‘lgan somnologiya fan sohasi bo‘yicha o‘rganadi. Somnolog-shifokorlar inson uyqusi bo‘yicha tadqiqot olib borishadi va uyqusizlik bilan bog‘liq kasalliklarni aniqlab, davolashadi. Somnologiya hozirgi vaqtda jadallik bilan rivojlanayotgan tibbiyot sohasidir. Ushbu fanni o‘rganish 1968 yilda Aleksandr Veyn tomonidan boshlab berilgan. U inson uyqusini yozib olib, tadqiq qilgan.

Normal uyqu qanday aniqlanadi?

Foto: shutterstock

Videomonitor orqali inson uyqusi yozib olinadi. Bemor uxlayotganda apparatura kerakli ma'lumotlarni qayd etadi va komyuter xotirasiga o‘tkazadi. Shundan so‘ng barcha ma'lumotlar to‘planib qayta ishlanadi va umumiy holat haqida xabar beriladi. Oxirida gipnogramma orqali uyqu tuzilishi, miqdori va sifati haqida ma'lumot olish mumkin.

Uyqu buzilishini qanday davolash mumkin?

Eng oddiy davo muolajasi farmakologik (dori vositalari) usul hisoblanadi. Bundan tashqari psixoterapiya, fizioterapiya, igna bilan davolash, fototerapiya (yorqin oq rang bilan davolash) kabi yo‘llar ham bor.

Ekspertlar nima deydi?

Neyropsixolog Zarifboy Ibodullayev:

«Inson miyasiga rohat bag‘ishlovchi eng kuchli malham – bu uyqu», degan edi Ibn Sino. Haqiqatan hayot tashvishlari yoki qandaydir sabab orqali uxlamay ishlaydigan, kam uxlab, ko‘p ishlaydiganlarda aqliy va ruhiy faoliyat sustlashib boradi. Bu nimalarda namoyon bo‘ladi? Uxlamasdan tinmay ishlash hech qachon ish unumdorligini oshirmaydi. Miya baribir o‘z alamini oladi. 

Yetarli darajada uxlamaydigan insonlar birovlar gapini eshitib turadi, biroq uni miyasi qabul qilmaydi, uning kasbiy ish faoliyati ham sustlashadi. Bundaylar qog‘ozbozlikdan nariga o‘tmaydi, ular jahldor va qo‘l ostida ishlaydiganlarga qo‘rs bo‘lib qolishadi. Ishda kofe ichib tetik yurishga harakat qilishadi-yu, yanada miya va yurakka zarar qilib qo‘yishadi. Ayniqsa 40 yoshdan oshganlar kuniga 6 soat uxlamasa, yurak-qon tomir kasalliklariga duchor bo‘lishlari mumkin».

Oliy toifali shifokor, somnolog, vertebrolog, epileptolog Zufar Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, odamlarning kam uxlashiga sabab yorug‘likning ko‘pligidir. 

«Inson faqat qorong‘i joydagina miriqib, xotirjam uxlay oladi. Ilgari elektr toki bo‘lmagan paytlarda odamlar o‘z vaqtida (undan oldin ham) uyquga ketishgan. Inson aqliy faoliyat bilan bugunchalik zo‘riqib shug‘ullanmagan. Uyqusizlik kasalligi deyarli bo‘lmagan. Hozirgi vaqtga kelib esa urbanizatsiya jarayonlari tezlashib ketayotgan bir davrda tinch, osuda joyni topish juda mushkul. Odamlar sutkasiga to‘xtamay ishlamoqda», —  deydi u.

Ma'lum qilinishicha, inson yetarli qorong‘i muhitda uxlamagani uchun organizmda melatonin gormoni hosil bo‘lmaydi. Ko‘zga tushgan yorug‘lik melatoninni parchalab yuboradi. U organizmni yoshartirish xususiyatiga ega bo‘lib, Melatonin yetishmasa, o‘z-o‘zidan inson qarishi tezlashadi. 

Uyqu me'yori buzilishi immunitet, xotirani pasaytiradi, qator asab kasalliklarini keltirib chiqaradi. Doimiy takrorlanuvchi uyqusizlik diabet, semirish, ozish, infarkt, insultga olib kelishi mumkin. Buning ortidan 60-70 yoshlilarda saraton kasalliklari kuzatiladi.

«Kunning uchdan bir qismini uyquda o‘tkazish me'yor, deb qabul qilinadi. 7-10 kun umuman uxlamaslik organizmni o‘ldiradi. Endi ikkinchi masalaga o‘tsak: tungi smenada ishlaydiganlar qanday qilib keyinchalik kuzatilishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni oldini olishlari mumkin? 45-50 yoshgacha tunda mehnat qilish mumkin. Buning sog‘liqqa zarari unchalik katta emas. Ammo bu yoshdan keyin ishlashni tavsiya qilmayman, chunki organizmda qarish jarayoni kechadi va u zo‘riqishlarga bardosh berolmaydi. Kunduzi uxlash tungi uyqu o‘rnini bosolmasligi aniq fakt. Shunday ekan, charchoqni qanday chiqarish mumkin? Albatta, jismoniy mashqlar va to‘g‘ri ovqatlanish eng oddiy va optimal usul hisoblanadi», —deya qo‘shimcha qildi Adamboyev.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid