Sog‘liqni saqlash vaziri navbatdagi salomatlik kuniga start berdi
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan bu galgi respublika ommaviy tadbiri «Salomatlik sari qadam kuni» deb nomlandi.
Aholining sog‘lom turmush tarziga amal qilishini qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy faollikka chorlashni maqsad qilgan mazkur tadbir yurtimizdagi barcha tuman va shaharlardagi istirohat bog‘larida o‘tkazildi.
Musobaqalarda hududda joylashgan barcha tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, korxona va tashkilotlardan kelgan jamoalar ishtirok etishdi. Ushbu kunning bayramona kayfiyatda o‘tishida tibbiyot sohasining ko‘zga ko‘ringan, tajribali shifokor olimlari bilan birgalikda tegishli hokimliklarning madaniyat bo‘limlari, san'at saroylari vakillari, o‘sha hududda yashovchi fan, madaniyat, san'at arboblari, sport namoyondalari, xalq orasida obro‘-e'tiborga ega kishilar ham munosib hissa qo‘shishdi.
Jumladan, poytaxtdagi Zahriddin Muhammad Bobur nomidagi markaziy ekobog‘da jam bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati hamda boshqa hamkor davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining ommaviy ravishda 4 kilometr masofaga yurishi bilan Salomatlik sari qadam kuniga start berildi. Shuningdek, har bir muassasa jamoalari shaxmat, shashka, yugurish, estafeta, arqonda sakrash, badminton, stol tennisi, sport yurishi, to‘siqlardan o‘tish estafetasi hamda halqa aylantirish sport turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Ushbu sport turlaridagi musobaqalarda qatnashish, avvalo, salomatlik garovi. Shuningdek, mantiqan fikrlash, xotira va diqqatni charxlaydi, bo‘g‘imlarning harakatchanligi yaxshilanib, kuch, tezlik, chidamlilik va qobiliyatni tarbiyalaydi. Bundan tashqari, yuqori yelka kamari, oyoq-qo‘llar mushaklari ishi faollashib, organizmning hamma a'zolari va tizimlari ishi rag‘batlantiriladi.
«Bugungi kunda odamlarda kamharakatlilik oqibatida yuzaga kelayotgan turli kasalliklar dunyo miqyosida global muammoga aylangan. Kamharakatli hayot tarzi shu tariqa davom etsa, kelgusida bemorlar tibbiyot tizimidagi barcha statsionar shifoxonalarga ham sig‘may qolishi mumkin. Bu nafaqat jamiyat uchun, balki har bir shaxsning o‘zi uchun ham jiddiy tashvishdir. Shu bois, sog‘lom turmush tarziga amal qilish yuqoridagi kabi global muammolarga yechim bo‘ladi. Prezidentimiz tibbiyot xodimlari oldiga kasallikni emas, avvalo, uning profilaktikasiga e'tibor qaratishni muhim vazifa sifatida qo‘yayotgani ham bejiz emas. Shuning uchun vazirligimiz ushbu yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlariga alohida e'tibor qaratib, bu borada ommaviy tadbirlarni muntazam o‘tkazib kelmoqda. Bu esa aholining jismoniy faollikka bo‘lgan qiziqishini oshirib, o‘z salomatligiga e'tiborli bo‘lishida muhim o‘rin tutmoqda. Bugungi tadbirni ham bejizga yurish bilan boshlamadik. Muntazam yurish qon bosimini me'yorda ushlaydi, xotirjamlik baxsh etadi. Masalan, toza havoda, hatto, yomg‘irli kunda ham atigi 25 daqiqa sayr qilsangiz, o‘zingizni yaxshi his qilasiz, tushkunlikni yengasiz», deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmonov.
«Ommaviy tadbir doirasida aholining salomatlik holatini baholash, noinfeksion kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini aniqlash hamda ularning profilaktikasi bo‘yicha tegishli maslahatlarni berish maqsadida vazirlik tomonidan «Salomatlik maydonchalari» tashkil qilindi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan «Sog‘lom turmush tarzi asoslari», «Sog‘lom ovqatlanish tamoyillari», «Jismoniy faollikning inson organizmiga ta'siri» mavzularida suhbatlar tashkil etilgani aholining sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan uyushtirilgan mazkur ommaviy tadbir yurtimiz bo‘ylab ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Eslatib o‘tamiz, kelgusi shanba, 30 mart vazirlik tomonidan mamlakatimiz hududlarida Velosipedda sayr kuni o‘tkaziladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Mavzuga oid
18:34 / 01.08.2023
Koreya banki O‘zbekistonni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash loyihasiga 74 mln dollar ajratadi
09:27 / 31.07.2023
Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filiali tashkil etiladi
09:50 / 21.07.2023
AQSh kompaniyasi O‘zbekiston tibbiyot sohasiga sarmoya kiritishni rejalashtiryapti
09:08 / 10.07.2023