Jahon | 15:24 / 27.03.2019
49008
4 daqiqa o‘qiladi

Litva sudi SSSR mudofaa vazirini 10 yillik qamoqqa hukm qildi

Foto: TASS/Stanislav Krasilnikov

Vilnyus (Litva) okrug sudi harbiy jinoyatlar va insonga qarshi jinoyatlarda ayblangan SSSR sobiq mudofaa vaziri Dmitriy Yazovni sirtdan 10 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqida «Interfaks» xabar bermoqda.

1991 yilning 13 yanvarida Vilnyusda sodir bo‘lgan tartibsizliklar bo‘yicha ish yuzasidan eshituvlar bo‘lib o‘tdi. Litva Bosh prokuraturasi versiyasiga ko‘ra, SSSR oliy rahbariyati ularni tashkillashtirish ortida turgan. Sudda xuddi shu ayblov bo‘yicha KGB sobiq zobiti Mixail Golovatovga ham hukm chiqarildi, u 12 yillik qamoqqa mahkum etildi.

1991 yilning 13 yanvarida Vilnyusda sodir bo‘lgan tartibsizliklar
Foto: AP Photo/Alexander Zemlianichenko

94 yoshli Yazov Litvani SSSR tarkibiga qaytarish maqsadida uyushgan harbiylashgan guruhni tashkil etishda ayblanmoqda. Tergov versiyasiga ko‘ra, 1990 yilda tuzilgan guruhga 160 nafar harbiylar va siyosatchilar kirgan. Sobiq mudofaa vaziri Kommunistik partiya ko‘magida Boltiqbo‘yi davlatida hokimiyatni qo‘lga olish rejasini ishlab chiqish haqida ko‘rsatma bergan. Rejada davlat boshqaruvi organlari, aloqa yo‘llari va davlat matbuoti, jumladan, Matbuot va telemarkaz uyini egallab olish nazarda tutilgan.

Ayblov xulosasiga muvofiq, SSSR IIV sobiq rahbari Boris Pugo, SSSR KGB raisi Vladimir Kryuchkov, shuningdek, Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasi kotibi va Siyosiy byurosi a'zosi Oleg Shenin Yazov bilan birgalikda harakat qilgan.

1991 yilgi tartibsizlar ishi doirasida Rossiya, Belarus va Ukrainaning 67 fuqarosi nomi qayd etilgan. Ularning aksariyati sirtdan javobgarlikka tortilgan. Avvalroq, Rossiyaning faqat ikki fuqarosi sud oldida javob bergani ma'lum qilingandi - Vilnyusda yashovchi, 1991 yili 107-motoo‘qchilar diviziyasi raketa-artilleriya qurollar xizmati boshlig‘i bo‘lgan Gennadiy Ivanov, hamda Litvada hibsga olingan, qurolli kuchlar faxriysi, zaxiradagi polkovnik, rossiyalik Yuriy Mel. U, prokurorlar ma'lumotiga qaraganda, teleminoraga hujum paytida sovet tanklaridan birida bo‘lgan.

2016 yilda Litva tergovga yordam berish masalasi bo‘yicha Rossiyaga murojaat qildi va SSSR sobiq prezidenti Mixail Gorbachyovga Vilnyus okrug sudiga chaqiruv to‘g‘risidagi hujjatlarni topshirishni so‘radi, biroq Moskva Vilnyusga huquqiy yordam ko‘rsatishdan bosh tortdi. 2018 yil 23 iyulda Rossiya Tergov qo‘mitasi Litva Bosh prokuraturasi va sudining shu ish bilan shug‘ullanayotgan mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish ochdi.

1991 yil boshida, Litva SSSRdan ajralib chiqishi haqida e'lon qilganidan deyarli bir yil o‘tib, Vilnyusda tartibsizliklar boshlandi. 13 yanvarga o‘tar tunda sovet qo‘shinlari shahar telemarkaziga hujum uyushtirdi, amaliyot davomida 15 kishi halok bo‘ldi, 700dan ortiq inson yaralandi. Ushbu hodisalar yuzasidan Litva prokuraturasi 20 yil muqaddam ish ochgan. 2010 yilda 23 nafar gumondorga (ko‘pchiligi rossiyalik, ikkisi - Belarus fuqarosi) nisbatan ishlar bo‘yicha belgilangan muddat bekor qilindi. Yevroittifoq hududida gumonlanuvchilar qidiruvga berildi.

Bundan oldin, Rossiya TIV SSSR davrida Markaziy Osiyoda yuz bergan ocharchilik mavzuidagi chiqishlarni ig‘vogarlik deb atagandi.

Mavzuga oid