O‘zbekiston | 11:33 / 27.03.2019
31714
3 daqiqa o‘qiladi

Yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulkni endi notariussiz sotish mumkin

Foto: Fotolia

Fuqarolik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi (20.03.2019 yildagi O‘RQ–531-son Qonun), deb yozmoqda Norma.
 
Ayni paytgacha ko‘chmas mulkning barcha oldi-sotdi shartnomalari notarial tartibda tasdiqlanishi lozim edi. Endi hammasi bevosita ko‘chmas mulk obektiga bog‘liq.
 
Kvartira, uy yoki ularning qismlari, shuningdek mulkiy kompleks sifatida umuman korxonaning oldi-sotdi bitimlarini majburiy notarial tasdiqlash tartibi saqlanib qoldi. Tegishincha, agar yer uchastkalari, binolar, inshootlar, ko‘p yillik dov-daraxtlar va boshqa ko‘chmas mulk obektlari sotilsa, notarius huzuriga borish shart emas.  
 
Quyidagi jihatlarga e'tibor qaratish lozim:
 
birinchidan, majburiy notarial tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun talabi bekor qilindi, biroq istalgan taraflardan biri avvalgidek uning notarial shakliga rioya etilishini talab qilishi mumkin (FKning 110-moddasi 2-qismi);
 
ikkinchidan, istalgan ko‘chmas mulk obektiga, hatto notarius tomonidan tasdiqlanmagan bitimlar bo‘yicha mulk huquqining o‘tishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Eslatib o‘tamiz, mulk huquqi yuzaga kelgan (o‘tgan) kundan boshlab bir oy mobaynida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat qilish lozim. Iyun oyidan boshlab ushbu muddatni buzganlik uchun jarima sola boshlaydilar;
 
uchinchidan, Fuqarolik kodeksida faqat ko‘chmas mulk obekti turiga qarab notarial tartibda tasdiqlash majburiyligi belgilandi. Biroq Qonunchilik palatasida tuzatishlarni muhokama qilish jarayonida faqat yuridik shaxslarga tegishli ko‘chmas mulkni majburiy tartibda tasdiqlash bekor qilinishi haqida so‘z yuritilgan edi.
 
Ehtimol, qonun loyihasining ushbu qismiga keyinroq Senatda tuzatish kiritilgandir, biroq bitim sub'yektlari tarkibiga (yuridik, jismoniy shaxslar) doir shartlarga qonunosti va idoraviy hujjatlar darajasida ham aniqlik kiritilishi mumkin. Misol uchun, Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga tegishli tuzatishlar kiritilishi kerak.
 
Qonun 21.03.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid