O‘zbekiston | 14:55 / 01.04.2019
4415
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori: «Diydor» yoshlar eksperimental teatr-studiyasi» tashkil etildi 

Vazirlar Mahkamasining “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasi” faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi va Toshkent shahar hokimligining Madaniyat vazirligi muassisligidagi “Diydor” rejissyorlik va aktyorlik mahorati teatr-studiyasi” davlat muassasasi negizida "Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasi" davlat muassasasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Quyidagilar teatr-studiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi: 

mamlakatimizda teatr san'atini yanada rivojlantirish, teatrlashtirilgan ommaviy tadbirlarning g‘oyaviy-badiiy saviyasi va ta'sirchanligini kuchaytirish, iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini oshirish, yuqori malakali teatp ijodkorlarini amaliy tayyorlash;

teatr san'ati sohasida malakali yosh rejissyorlar, aktyorlar, dramaturglar, notiqlik san'ati bo‘yicha mutaxassislarni izlab topish va ularning mahoratini oshirish maqsadida professional truppa hamda havaskorlik jamoasini tashkil etish;

aktyorlik san'ati va rejissyorlik bo‘yicha teatr va san'at muassasalarining ijodiy xodimlari hamda oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarining talaba va o‘quvchilari uchun amaliyot kurslari (ijodiy ustaxona) tashkil etish;

xorijiy davlatlardan malakali mutaxassislarni jalb etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi teatrlarning yosh iste'dodli aktyorlari va boshqa ijodiy xodimlari uchun doimiy ravishda trening, mahorat darslari, teatr san'ati bilan bog‘liq o‘quv-tajriba mashg‘ulotlari hamda maxsus loyiha bo‘yicha tajriba spektakllari yaratish;

mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda gastrol faoliyati, festival, ko‘rik-tanlov, teatrlashtirilgan shoular, ma'ruzalar, madaniyat, san'at, ilm-faning atoqli arboblari bilan uchrashuvlar, dam olish va ijodiy kechalar, maqsadli teatrlashtirilgan marosim kechalari va boshqa tomosha tadbirlarini tashkil qilish va o‘tkazishni ta'minlash.

Quyidagilar teatr-studiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

teatr-studiyaning spektakl, tomoshalar namoyishi va gastrol faoliyatidan tushadigan mablag‘lar:

xalqaro moliya institutlari hamda donor tashkilotlar grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Mavzuga oid