Jamiyat | 16:03 / 02.04.2019
25587
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi: quvalik uch egizak chaqaloq vazirlikning doimiy nazoratida

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Kun.uz saytida Quva tumani Akbarobod qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro Odina Jumayevaning uch egizak farzandini boqishning o‘ziga xos mashaqqatlari, ularning salomatligi bilan bog‘liq muammolari haqida material e'lon qilingan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, Odina Jumayevaning asosiy muammosi farzandlariga sun'iy sut mahsulotlarini yetkazib berishdagi qiyinchiliklar bo‘lgan. Uch egizak farzandlarning tibbiy nazorati esa 80-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri Ilhom Umaraliyev hamda patronaj hamshirasi Mahliyo Yangiboyeva tomonidan muntazam olib borilmoqda. Darhaqiqat, ona va bola salomatligi davlatimizning doimiy e'tiborida bo‘lib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan har bir tug‘ilgan bolaning sog‘lom voyaga yetishi muntazam nazorat qilib boriladi, deyiladi vazirlik xabarida.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Yaqinda Quva tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i A.Sotvoldiyev, birlashma boshlig‘ining o‘rinbosari D.Ibragimova hamda qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri I.Umaraliyev Odina Jumayeva xonadoniga tashrif buyurishib, chaqaloqlarning umumiy holatini yana bir bor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. Bundan tashqari, egizaklarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib borish uchun yo‘llanma berildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Shunga ko‘ra, shu yilning 1 aprel kuni Odina Jumayeva egizak farzandlari bilan tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan ajratilgan tez tibbiy yordam mashinasida viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib kelindi. Markazda bosh shifokor Sh.Qo‘chqorov boshchiligida pediatr, kardiolog, nevrolog, nefrolog, kardioxirurg, ortoped, reanimatolog hamda UTT shifokorlari tomonidan egizaklar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, egizaklarning kattasi Iqboljon va kenjasi Imronjonlarning ahvoli qoniqarli. O‘rtanchasi Islomjonda esa  kardiologik xastalik mavjudligi aniqlanib, kerakli tibbiy muolajalar o‘tkazildi. Ayni paytda uning sog‘lig‘i yaxshilanib bormoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Egizaklar ayni paytda umumiy amaliyot shifokori, kardiolog hamda patronaj hamshirasi tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Mavzuga oid