Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda o‘lchovli yombilarni sotish tartibi belgilanadi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan va qimmatbaho metallardan tayyorlangan o‘lchovli yombilarni sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan va qimmatbaho metallardan tayyorlangan o‘lchovli yombilarni sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan aholining investitsion va jamg‘arish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida turli o‘lchamlardagi yombilar muomalaga chiqariladi.
Sotish va qaytarib xarid qilib olish obekti bo‘lib O‘zbekiston Respublikasining amaldagi standartlariga mos keluvchi yombilar hisoblanadi.
Yombilarni sotish va qaytarib xarid qilib olish Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari va tijorat banklari orqali amalga oshiriladi.
Markaziy bankning rasmiy veb-saytida yombilarni sotadigan va qaytarib xarid qilib oladigan bank shoxobchalarining manzili haqidagi ma'lumotlar e'lon qilinib boriladi.
Tijorat banklari tomonidan yombilarni sotish va qaytarib xarid qilib olish Markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasida tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Yombilar sotuvi jismoniy shaxslarga naqd va naqd pulsiz hisob-kitob shaklida, yuridik shaxslarga to‘lovni pul mablag‘lari o‘tkazilishi yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Yombilarning sotuv narxi har kuni, milliy valutada, qimmatbaho metallning Markaziy bank tomonidan belgilanadigan 1 gramm narxi va Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan marjaga asosan belgilanadi hamda Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.
Yombilarni qaytarib xarid qilib olish bank shoxobchalari orqali amalga oshiriladi.
Qadog‘i buzilmagan but holatdagi yombilarni qaytarib xarid qilib olgan bank shoxobchasi uning egasi bilan hisob-kitoblarni 2 kundan oshmasdan amalga oshiradi.
Bunda yuridik shaxsning vakili yombilarni tasarruf etish huquqi borligi to‘g‘risidagi ishonchnomani taqdim etishi kerak.
Yombilarni qaytarib xarid qilib olish narxi yombilar topshirilgan kundagi qimmatbaho metallning Markaziy bank belgilagan 1 gramm narxiga va ushbu narxga qo‘llaniladigan Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan chegirmaga asosan Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Qaytarib xarid qilib olishda, qadog‘i buzilgan yoki shubhali holatdagi yombilar, bank shoxobchalari tomonidan ularni Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasiga texnik ekspertizadan o‘tkazish uchun yuborishga asos bo‘ladi.
Yombilarning asillik darajasini aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan texnik ekspertiza uchun to‘lov yombilar egalaridan undirilmaydi.
Texnik ekspertizadan o‘tkazishga zarurat yuzaga kelgan holatda, yombilarni qaytarib xarid qilib olish uchun topshirgan jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida yombilarni qaytarib xarid qilib olish to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Dalolatnoma uch nusxada tuziladi va ulardan bir nusxasi bank shoxobchasida, ikkinchi nusxasi yombi egasida hamda uchinchi nusxasi texnik ekspertiza o‘tkazilishi uchun yombilar bilan birga Asillik palatasiga taqdim etiladi.
Yombilar bank shoxobchalari tomonidan 10 kundan oshmagan davrda texnik ekspertiza o‘tkazish uchun Asillik palatasiga yuborilishi kerak.
Asillik palatasi tomonidan 10 kun davomida texnik ekspertiza o‘tkazilib, uning natijalari haqida tuzilgan dalolatnoma bank shoxobchasiga taqdim etiladi.
Bank shoxobchasi, Asillik palatasining texnik ekspertiza o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi dalolatnomasini olganidan so‘ng, mazkur yombi egasi bilan hisob-kitoblarni 3 kundan oshmagan davrda amalga oshiradi.
Yombilar ularning texnik xususiyatlarini tasdiqlovchi sertifikat bilan, qadoqlangan holda, muomalaga chiqariladi. Har bir yombi sertifikati identifikatsiya seriya raqamiga ega bo‘ladi va mazkur raqam yombining yuza qismida ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Yombi qadog‘ining buzilishi uni texnik ekspertizadan o‘tkazishga asos bo‘ladi.
Qadog‘i buzilgan yoki qadoqsiz yombilar bank shoxobchasida to‘lov asosida qadoqlangan va sertifikatga ega yombilarga almashtirilishi mumkin. Yangi qadoqlangan va sertifikatga yombilarning berilishi 30 kun davomida topshirilgan yombini Asillik palatasida texnik ekspertizadan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
12:29 / 26.03.2026
Noqonuniy tilla savdosi: tezkor tadbirlarda yirik holatlar aniqlandi
07:37 / 11.02.2026
Qizil metall uchun kurash: mis bozorida kuchlar nisbati
11:54 / 14.06.2025
Toshkentda quyma oltinga o‘xshatib tayyorlangan metallarni 70 ming dollarga sotayotganlar ushlandi
14:38 / 28.05.2025