O‘zbekiston | 19:00 / 17.04.2019
110854
4 daqiqa o‘qiladi

“GAI” va haydovchi munosabati: “Ogohlantirish deymiz, ammo jarima solaveramiz”

So‘nggi paytlarda Ichki ishlar vazirligi, IIV YHXBB matbuot xizmati vakillari ishtirokida ko‘plab matbuot anjumanlari uyushtirilyapti. Ularda yo‘l harakati qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar, aholini, OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javoblar berilmoqda.

Bunday anjumanlarda sohaning yetakchi xodimlari bir gapni takrorlashni xush ko‘rishadi – bizning maqsadimiz jazolash, jarimaga tortish emas, ogohlantirish, tushuntirishlar orqali yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash!

Albatta, vazirlikning yuqori martabali vakillari chindan ham shunday ulug‘ maqsadlarni ko‘zlashar, ammo quyi bo‘g‘inlarda ishlovchi xodimlarning maqsadi boshqacharoq ekanligi ko‘p hollarda ayon bo‘lib qoladi. E'tiboringizni quyidagi videolavhaga, poytaxtning Muqimiy ko‘chasidagi holatga qaratmoqchimiz.

Videolavha ijtimoiy tarmoqlardan olindi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Ma'lumki, 15 aprelga qadar ham “Xalqlar do‘stligi” saroyi tomonidan Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelib, Muqimiy ko‘chasiga burilgan haydovchilarning aksariyati birinchi burilib olish joyidan ortga qaytishni (“razvorot” qilishni) rejalashtirishadi. Harakat tig‘iz, ko‘prik ostidan burilish yo‘q, hamma o‘sha joydan burilib olishni istaydi. Ammo (taxminan) kecha, 16 aprel kuni bu joyda ortga qaytish mumkin emasligi, harakat faqat to‘g‘riga yo‘nalishini anglatuvchi belgi qo‘yilgan, eskisi esa olib tashlangan.

Bu yo‘ldan muntazam foydalanuvchi haydovchilarning deyarli 90 foizi inersiya bo‘yicha burilmoqdalar va belgiga e'tibor bermay, o‘zlari bilmagan holda qoidani buzmoqdalar. Ko‘prikka yetmasdan esa oz emas, ko‘p emas 4 nafar “gai” xodimi qo‘li-qo‘liga tegmay qoidabuzarlarni “ovlash” bilan ovora. Ularning birortasi belgi almashtirilgan joyga borib endi “razvorot” taqiqlanganini tushuntirish, “qizil tayog‘i” bilan harakatni to‘g‘riga yo‘naltirish haqida o‘ylamaydi. Aynan qoidabuzarlikni kutadi va belgini ko‘rsatib, aybni bo‘yniga qo‘yib, bayonnoma rasmiylashtiradi (boshqa “chora”lar ko‘rishi haqida qo‘lidan tutmaganimiz sabab jim turishni afzal bildik). Yana kamiga birdaniga 5-6 avtomobilni to‘xtatib olib, harakatga xalaqit berishadi.

YHXX xodimining birinchi vazifasi jazolash emas, qoidabuzarlikning oldini olish emasmidi?

Endi tanganing ikkinchi tomoniga e'tibor qaratamiz. Bugun, 17 aprel kunidagi kuzatuvimizda aynan o‘sha joyda “gai” xodimlarini ko‘rmadik. Haydovchilarning aksariyati bu joyda ortga burilish mumkin emasligidan xabar topishgani aniq. Lekin ularning ko‘pchiligi “gai” yo‘qligini bilib, shartta burilishyapti va u tomonda harakatlanib kelayotgan oqimga kuchli xavf tug‘dirmoqdalar.

Ha, qars ikki qo‘ldan chiqadi. YHXX vakillari bizni jazolash payida, bizning ham yo‘llarda harakatlanish madaniyatimiz shunga muvofiq hamon rosa oqsamoqda...

Mavzuga oid