Sport | 20:30 / 20.04.2019
12291
6 daqiqa o‘qiladi

Gvardiola chempionlik tempini tushirmayapti. «Siti» «Tottenhem»dan revansh oldi

Chempionlar ligasidagi alamli mag‘lubiyatdan uch kun o‘tib «shaharliklar» premer-ligada «shporlar»ni mag‘lub etib, birinchi o‘ringa qaytdi.

Angliya chempionati. Premer-liga. 35-tur
«Manchester Siti» - «Tottenhem Hotspur» - 1:0 (1:0)
Gol: Foden, 5. 
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Lyaport, Stouns, Gyundogan, De Bryuyne (Fernandinyu, 38), Zinchenko, Foden (Silva, 85), Aguero (Sane, 66), Sterling, Bernardu Silva.
«Tottenhem»: Gassaniga, Fertongen, Alderveyreld (Lorente, 78), Deyvis, Sanches, Foyt, Eriksen, Dayyer (Vanyama, 61), Alli (Rouz, 69), Son Xin Min, Lukas Moura.
Ogohlantirishlar: Vanyama, 86. Sterling, 90+3. Fertongen, 90+3. 
Hakam: Oliver (Angliya).
20 aprel. Manchester. «Etihad» stadioni.

Taskin
Bir necha kun muqaddam «Etihad»da mavsumning eng tomoshabop o‘yinlaridan biri aynan shu ikki jamoa ishtirokida o‘tgandi - «Tottenhem» VAR yordamida Gvardiolaning «Manchester Siti»sini YeChLda g‘olib bo‘lish umidisiz qoldirgandi. Endi kataloniyalik mutaxassisda yagona ovunch bor - APLda oltin medallar uchun «Liverpul» bilan chempionlik poygasi. Uch kun ichida «Tottenhem»ga qarshi ikkinchi o‘yindagi g‘alaba «shaharliklar»ni turnir liga jadvalining birinchi o‘ringa qaytarishi mumkin edi.

«Shporlar»ning tajribaviy tarkibi
«Siti»ni faqat g‘alaba qoniqtirardi, allaqachon chempionlik poygasini tark etgan londonliklar uchun ham ichki chempionatda ochko zarur - uchinchi o‘rin uchun ayni vaqtda yana uch jamoa raqobatlashmoqda. «Arsenal», «Chelsi» va «MYu» Maurisio Pochettino jamoasi ochko yo‘qotishiga ko‘z tikmoqda.

Argentinalik mutaxassis Manchesterda ko‘pchilikni hayron qoldirgan holda tajribaviy tarkibni maydonga tushirdi. Chorshanba kungi o‘yindan farqli ravishda «shporlar» bugungi o‘yinni 3 nafar markaziy himoyachi bilan boshlashdi, asosiy tarkibga Sanches, Foyt, Deyvis va Dayyer qaytdi, o‘yin arafasida mushaklarini jarohatlab olgan Loris o‘rnini yanvar oyidan buyon maydonga tushmagan Gassaniga egalladi.

Fodenning goli
Argentinalik darvozabonning tarkibga qaytishi muvaffaqiyatli chiqmadi - o‘yinning 5-daqiqasidayoq Foden Aguero tashlab bergan to‘pni boshi bilan bo‘sh qolgan darvozaga joyladi va «shaharliklar»ning Angliya chempionatida gol urgan 2000 yildan keyin tug‘ilgan ilk futbolchisiga aylandi. «Siti» safidagi oxirgi 10 o‘yinida ushbu 18 yoshli yarimhimoyachi 6 gol urishga erishdi (avvalgi gollar Angliya Kubogi yoki Angliya Ligasi kubogi doirasida urilgan).

Penalti yo‘q
O‘yindagi tezkor gol hech kimni hayron qoldirgani yo‘q - axir uch kun oldingi o‘yinda 11 daqiqaga kelib muxlislar 4ta gol guvohi bo‘lib ulgurishgandi. Ammo bu safar tabloda hisob boshqa o‘zgarmadi. Garchi bu o‘yinda ikki darvozabonga ham yetarlicha ish topilgan bo‘lsada - Eriksen va Son Xin Min bir necha marta Edersonning mahoratini sinovdan o‘tkazishdi, Gassaniga ham De Bryuyne, Zinchenko va Agueroning zarbalarini bartaraf etishiga to‘g‘ri keldi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Fertengon o‘z jamoasi jarima maydonida Bernardu Silvaga qo‘pollik ishlatgandek ko‘ringandi, ammo hakamning hushtagi jim qoldi.

De Bryuynening jarohati
Hisobda oldinga chiqib olgan «Manchester Siti» o‘yinni nazorat qildi, lekin tanaffus arafasida jamoa muxlislarini xafa qiladigan hodisa ro‘y berdi. Jamoa yetakchisi Kevin de Bryuyne darvoza tomon zarba berish chog‘ida oyog‘ini shikastlab oldi va o‘yinni davom ettira olmadi - uning o‘rnini Fernandino egalladi. Bu belgiyalik futbolchi uchun mavsumda uchinchi jarohat bo‘ldi.

Uokerning qo‘li
O‘yinning ikkinchi bo‘limi ham «shaharliklar»ning hujumlari bilan boshlandi. «Shporlar»da hujumga o‘tishga imkon bo‘lmadi va ikkinchi bo‘limning dastlabki 15 daqiqasida mehmonlar faqat to‘pni o‘z jarima maydonlari atrofidan uzoqlashtirish bilan band bo‘lishdi - Fertongen va Foyt bor e'tiborini Aguero va jamoaning hujumlarini qaytarishga qaratishdi. Hujumlar bartaraf qilingach hujumga o‘tgan «Tottenhem»da jiddiy vaziyat bo‘ldi, bu vaziyatda jarima maydonida Alli bilan to‘p uchun kurash vaqtida to‘p Uokerning qo‘liga tegdi, hakam hushtagi yana jim qoldi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida jamoalar hujumkorlikni kuchaytirishdi - Sane gol urishiga bir baxya qoldi, uning zarbasini Gassaniga oyoqlari bilan qaytarib yubordi, Lukas Moura esa yaqin masofadan Edersonni dog‘da qoldirolmadi. Pochettino o‘yinni qutqarib qolish uchun maydonga Lorenteni ham tashladi, ammo ispaniyalik hujumchi bu safar o‘zini ko‘rsata olmadi.

«Manchester Siti» Fodenning yagona goli bilan bir hafta ichida ikkinchi marta «Tottenhem»ni mag‘lub etdi, ammo bu safargi g‘alaba jamoa muxlislariga quvonch olib keldi - «shaharliklar» yana «Liverpul»ni quvib o‘tib, turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Mavzuga oid