O‘zbekiston | 12:11 / 23.04.2019
10669
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston sug‘orish davrida suv limiti bo‘yicha qo‘shnilar bilan kelishib oldi

Foto: Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati

Toshkent shahrida Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi (DSXMK)ning navbatdagi 76-yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev, Qozog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Yerlan Nisanbayev, Tojikiston Respublikasi energetika va suv resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari Sulton Rahimzoda, Turkmaniston Suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasining suvdan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Baygeldi Bayjonov hamda DSXMK ijroiya organlari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda 2018-2019 yillar novegetatsiya davrida Sirdaryo va Amudaryo havzasidagi suv omborlari kaskadlarining ishlash rejimi va limitdan foydalanish natijalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida 2019 yilgi vegetatsiya davrida Sirdaryo va Amudaryo havzalaridagi davlatlarning suv olish limitlari hamda Amudaryo havzasidagi suv omborlarining ishlash rejimi prognozi tasdiqlandi.

Sirdaryo havzasidagi suv omborlarining ishlash rejimi prognozi O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi vakillari tomonidan kelishib olindi va Tojikiston Respublikasi vakili “Baxri Tochik” suv omboridan suvni chiqarish bo‘yicha takliflarini berdi.

Shuningdek, Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha harakatlar dasturini ishlab chiqishda DSXMK a'zolari va ijroiya organlarining ishtiroki to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Ushbu dasturni ishlab chiqishda DSXMK a'zolari ilgari surgan taklif va mulohazalar asosida Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining ilmiy-axborot markazi (DSXMK IAM) tomonidan “Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish tadbirlari dasturi”ni ishlab chiqish bo‘yicha bildirilgan takliflarini umumlashtirib, Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasining ijroiya qo‘mitasiga, milliy va mintaqaviy loyihalar ro‘yxatiga kiritishga qaror qilindi.

Shu bilan birga, Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining ilmiy-axborot markazi hamda Amudaryo va Sirdaryo havzasi suv xo‘jaligi birlashmalarining 2019 yil 7-8 may kuni Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasining ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etishiga, shuningdek, “Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish tadbirlari dasturi”ni mintaqaviy ishchi guruhlarining 2-yig‘ilishi doirasida keng muhokama qilishga kelishib olindi.

Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining navbatdagi 77-yig‘ilishi 2019 yil sentabr oyining ikkinchi o‘n kunligida Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Nur-Sulton shahrida o‘tkaziladigan bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid