Jahon | 21:18 / 24.04.2019
26825
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston prezidenti lavozimi uchun kurashga ayol nomzod qo‘shildi 

Foto: Sputnik / Abzal Kaliyev

Qozog‘iston parlamenti deputati, 58 yoshli Daniya Yespayeva mamlakat prezidenti saylovlarida ishtirok etishini ma'lum qildi. Shu tariqa saylovlarda ishtirok etish istagini hozircha 4 kishi bildirdi. 

Yespayeva nomzodi “Aq jol” partiyasi qurultoyi ishtirokchilari tomonidan ilgari surilgan. Deputat saylovoldi nutqida ayol tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishga va davlat idoralarida korrupsiyaga barham berishga va'da bergan.

“Fikrimcha, men ayol, ona sifatida bu muammoni atroflicha o‘rganib, real, to‘g‘ri yechimlar topa olaman”, deb aytgan Yespayeva.

Qozog‘istonning navbatdan tashqari prezident saylovlari 9 iyunda bo‘lib o‘tadi. 23 aprelda hukmron “Nur Otan” partiyasidan prezident saylovlarida ishtirok etish uchun amaldagi prezident Qosim-Jomart Toqayev nomzodi taklif qilingandi. 

Bundan tashqari, saylovlarda ishtirok etishga Qozog‘iston kasaba uyushmalari federatsiyasi vakili Amangeldi Taspixov va “Uly Dala kyrandary” harakatidan Sadibek Tugel ariza topshirgan.

Nomzodlar taklif qilinishi jarayoni 28 aprelgacha davom etadi.

Mavzuga oid