O‘zbekiston | 18:54 / 27.04.2019
11256
8 daqiqa o‘qiladi

Tashkent Law Spring: xalqaro yuridik forum qanday o‘tdi?

25-26 arpel kunlari poytaxtda xalqaro yuridik forum ─ Tashkent Law Spring bo‘lib o‘tdi. “Huquq jadal modernizatsiya davrida” mavzusidagi forumda 37 mamlakatdan mingdan ziyod yuridik soha vakillari ishtirok etdi. “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” davlat dasturi doirasidagi mazkur forumning o‘tkazilishidan maqsad jahon yuridik hamjamiyatini O‘zbekiston qonunchiligi bilan yaqindan tanishtirish, mamlakatdagi islohotlar mohiyatni obektiv tarzda yetkazib berishdir.

 

Huquq sohasida yetti muhim chaqiriq

Forumning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov nutq so‘zladi. U o‘z nutqida O‘zbekiston huquq tizimidagi yettita muhim chaqiriq xususida to‘xtalib o‘tdi:

“Qonunlar ijrosi.Taraqqiyot strategiyasi doirasida hozirga qadar 90ta qonun, 2000dan ziyod Prezident qaror va farmonlari qabul qilindi. Endi ularni to‘laqonli ijro etish, amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etish qoldi. Mazkur hujjatlarning real samarasini har bir fuqaro kundalik hayotida his etishi kerak.

Investitsiyalar.O‘zbekiston rivojlanishi uchun investitsiyalar muhim. Sarmoyadorlar pul kiritishi uchun esa biz qulay investitsion muhit yaratishimiz lozim. Qonunlar barqarorligi ta'minlanishi lozim, investor o‘zini nima kutayotganini bilishi kerak. Moliya-bank, soliq tizimida katta o‘zgarishlar qilinyapti, yerni xususiylashtirish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Ertaga bizga investor kelishi uchun biz bugun kerakli sharoitni yaratishimiz lozim.

Mulk huquqi. Mulk huquqini ta'minlash eng asosiy masalalardan biri. Jamiyatda, davlat organlarida mulk huquqi qadriyat sifatida ta'minlanishi kerak. Mulk huquqi ta'minlanmas ekan, muammolardan xoli bo‘la olmaymiz.

Mehnat qonunchiligi. Investitsiyalar haqida gap ketganda aksariyat iqtisodiy imkoniyatlar haqida o‘ylaydi. Ammo mehnat qonunchiligini ham nazardan qochirmaslik lozim. Hozirgi “Mehnat kodeksi” sovet ittifoqi konsepsiyasi asosida ishlayapti. Unda ijtimoiy yuklama juda ko‘p. Mayli, davlat organlarida bu yuklamani saqlab qolamiz, lekin xususiy sektorda egiluvchanlik prinsipi amal qilishi kerak. Mehnat qonunchiligini liberallashtirish orqali mehnat bozorini rivojlantirish, mehnat resurslarining raqobatbardoshligini oshirish mumkin.

Fuqarolik huquqi. Qonunchiligimizning “malikasi” bo‘lgan fuqarolik huquqi ham eskirdi. Yaqinda fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqdik. 2020 yil iyul oyigacha “Fuqarolik kodeksi”ning yangi tahririni tayyorlashimiz kerak. Yangi kodeks iqtisodiyot rivoji uchun impuls bo‘ladi, bu markaziy ahamiyatga ega.

Qishloq xo‘jaligi nazorati. O‘zbekiston iqtisodiyotining katta hajmini qishloq xo‘jaligi egallaydi. Bu sohaga iqtisodiyotning zamonaviy tamoyillarini olib kirish lozim. Klasterlar tuzilyapti, sohani huquqiy nuqtai nazardan tartibga solishimiz kerak.

Sud-huquq tizimi. Sud tizimi hukumatning mustaqil institutiga aylanishi darkor. Sohadagi qator muammolar hal etildi, lekin hali yechimini kutayotgan masalalar ham bor”.

Shuningdek, Ruslanbek Davletov jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, internetdagi munosabatlarni tartibga solish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi.

Xalqaro tajriba va tavsiya

Forum doirasida investitsion muhitni yaxshilash, hukumat shaffofligini ta'minlash, ma'muriy islohot, iqtisodiyotda davlat aralashuvini kamaytirish, korrupsiyaga qarshi kurash, yuridik ta'lim kabi yo‘nalishlarda alohida muhokama sessiyalari bo‘lib o‘tdi. Unda xalqaro ekspertlar o‘z tajribalari bilan bo‘lishdi hamda O‘zbekistondagi huquq sohasini isloh qilishda o‘z tavsiyalarini bildirishdi.

Arman Vatyan, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha Moliya boshqarish sektori rahbari:

─ Fuqarolar davlat va jamiyat uchun daxldor har qanday qarorning qabul qilinish jarayonida ishtirok etishi lozim. Hukumat aynan qaysi xalqaro reytinglarda yuqori pog‘onalarga qarab intilish kerakligini belgilashi kerak. E'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan yana bir muhim jihat bor: to‘g‘ri, ko‘p hollarda ma'lumotlar ochiq e'lon qilinayotgan bo‘lishi mumkin, ammo ular qanchalik sifatli va ishonchli?

Murod Husanov, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning konsultanti:

─ Mamlakatda davlat va xizmat sirlari tushunchasiga aniqlik kiritilishi, bunday sirlarga qanday axborotlar kirishi aniqlashtirilishi lozim. Davlat cirlari tushunchasi ostida axborotlarga sanksiya qo‘yilishi ustidan aniq mexanizmlar nazorat olib borishi kerak.

Devid Butcher, Reed Smith xalqaro yuridik firmasi partnyori:

─ O‘zbekiston hukumati tezkorlik bilan rivojlanayotgan mamlakatlar taraqqiyot yo‘lini chuqur tahlil qilishi kerak. Turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori reytinglarni egallagan davlatlar bunga qanday qilib erishdi, ularning rivojlanish siri nimada? Buni chuqur tadqiq etish, kerakli xulosalarni amaliyotga joriy etish lozim. To‘g‘ri, O‘zbekiston ham rivojlanyapti, ammo bu ko‘rsatkich hali keragidan past.

Saymon Koks, Buyuk Britaniyalik mutaxassis:

─ Agar mamlakat tashqi investorlarni jalb etmoqchi bo‘lsa, o‘zidagi iqtisodiy holat haqida doimiy ravishda hisobotlarni e'lon qilib borishi lozim. Bu yerda qaysi investorlar ishlayapti, ular o‘z ishini qanday yo‘lga qo‘ya oldi, qanchalik foyda ko‘rdi? Shu kabi ma'lumotlar ochiq e'lon qilinsa, mablag‘ egasini jalb qila olish mumkin.

Eng..., Eng..., Eng...lar aniqlandi

Forum doirasida “Eng yaxshi korporativ xizmat”, “Eng yaxshi advokat”, “Eng yaxshi advokatlik tuzilmasi” yo‘nalishlari bo‘yicha nominatsiyalar e'lon qilingan edi. Tanlov g‘oliblarining nomi e'lon qilindi. Unga ko‘ra:

“Eng yaxshi korporativ xizmat”:

1-o‘rin ─ Lukoil Uzbekistan Operating Co yuridik xizmati;

2-o‘rin ─ “O‘zSanoatqurilishbank” yuridik xizmati;

3-o‘rin ─ Samarqand avtomobil zavodi yuridik xizmati.

“Eng yaxshi advokat” ─ Safar Kattaboyev (“Protsessual kafolat” advokatlik byurosi).

“Eng yaxshi advokatlik tuzilmasi” ─ “Sevinch” advokatlik hay'ati (boshqaruvchi ─Abdivali Norboyev). 

Advice.uz  onlayn yuridik maslahatchi

Forumning ochilish marosimida Adliya vazirligining huquqiy maslahat berishga mo‘ljallangan advice.uz portali rasman ish boshlagani to‘g‘risida tantanali e'lon qilindi.

Mazkur portal Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Britaniyaning Citizens Advice tarmog‘i tajribalariga tayangan holda yaratildi. “Loyihaning maqsadi odamlarga bepul onlayn yuridik maslahat berish. U qiyin huquqiy iboralar asosida emas, balki keng aholi uchun tushunarli tilda yaratilgan”, ─ deydi Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan.

Forum avvalida bildirilganidek, mazkur muhokamalarda bildirilgan fikrlar, ekspertlar mulohazalari, xalqaro yuridik tashkilotlar tajribasidan milliy qonunchilikni rivojlantirish uchun foydalanilishi kutilmoqda.

Tashkent Law Springʻning uchinchi kunida norasmiy, madaniy tadbirlar rejalashtirilgan bo‘lib, xorijlik mehmonlar Buxoro, Samarqand, Xiva bo‘ylab sayohat qilishadi.

Mavzuga oid