O‘zbekiston | 18:23 / 08.05.2019
12122
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident zargarlik tarmog‘ini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni zargarlik tarmog‘ini rivojlantirish, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga sharoitni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

«Zargarlik mahsulotlari butun dunyoda talab yuqori bo‘lgan tovarlardandir. Jahon zargarlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi yiliga 5-6 foizga o‘sayotgani, tovar aylanmasi 250 milliard dollardan oshayotgani uning ulkan eksport salohiyatidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda bu tarmoq e'tibordan chetda qolgandi. Zargarlik korxonalari asbob-uskunalarining 80 foizi eskirgan, ayrimlarida ishlab chiqarish to‘xtagan edi. 

Qimmatbaho metallarni zargarlarga sotishda ham ko‘plab cheklovlar bor edi. Joriy yil 1 martdan boshlab qimmatbaho metallarni ishlab chiqaruvchilarga birja orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berildi.

Endigi maqsad – zargarlikni chinakam sanoat darajasiga olib chiqish», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbari buning uchun xomashyodan samarali foydalanish, tarmoqqa faol investitsiya jalb etib, zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish kerakligini ta'kidlagan.

«Tilla, platina va kumush narxi yuqoriligi sababli tizim korxonalari aylanma mablag‘i ko‘p emas. Shu bois zargarlik sanoatida soliq yukini qayta ko‘rib chiqish, import qilinadigan xomashyo va uskunalarni bojxona to‘lovlaridan ozod qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Davlat zargarlik korxonalariga xalqaro brendga ega kompaniyalar investitsiyalarini jalb qilish, ishlab chiqaruvchilar uchun qimmatbaho metallar xarid qilishga imtiyozli kredit ajratib, ularni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.

Yurtimizda zargarlik asosan taqinchoqlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Aslida esa bu sohaning yo‘nalishlari ko‘p. Tilladan yasalgan soat, ruchka va turli esdalik sovg‘alari, kumushdan tayyorlangan oshxona to‘plamlari jahon bozorida juda xaridorgir. 

Masalan, 4 kilogramm kumush ishlatiladigan bitta oshxona to‘plami o‘rtacha 4 ming dollar turadi. Mamlakatimizda yiliga yuz tonnadan ziyod kumush ishlab chiqarilishini inobatga olsak, bunday mahsulotlar eksportini bir necha million dollarga yetkazish mumkinligi oydinlashadi. 

Yana bir masala. O‘zbekistonda berill, ametist, feruza, malaxit, lazurit, opal kabi qimmatbaho toshlar zaxiralari bo‘lsa-da, ular sanoat darajasida o‘zlashtirilmagan.

Shulardan kelib chiqib, yig‘ilishda zargarlikning barcha turlarini rivojlantirish, tarmoq uchun zarur toshlarni o‘zlashtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Hozirda yakka tartibdagi zargar-tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqiga ega emasligi sababli vositachi do‘konlarga topshirishga majbur bo‘lmoqda. Shuningdek, asillik darajasini belgilash, tayyor zargarlik buyumlarini chet elga olib chiqishga oid tartiblarning murakkabligi ham aholi va tadbirkorlarga noqulaylik tug‘dirmoqda», deyiladi xabarda.  

Prezident mazkur masalalarni hal etish uchun zargarlik mahsulotlarini erkin bozorga olib chiqishdagi to‘siqlarni olib tashlash, yakka tartibda zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini sotish huquqini berish zarurligini ta'kidlagan. 

Asillik darajasini belgilovchi tamg‘ani mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonaning o‘zi qo‘yishi, jismoniy shaxslar tomonidan zargarlik buyumlarini chet elga olib chiqish tartibi soddalashtirilishi lozimligi qayd etildi. Chakana savdo nuqtalarida zargarlik buyumlarini qabul qilish va sotishning elektron hisobini yuritish, noqonuniy savdoning oldini olish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. 

«O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga ham e'tibor qaratilgan. 

Yig‘ilishda berilgan topshiriq va zarur chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan qaror loyihasi tayyorlash vazifasi qo‘yilgan.

Mavzuga oid