Jahon | 18:21 / 14.07.2025
5569
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda dunyodagi eng qimmat metall qazib olinadi

Ushbu metall tibbiyotda, kosmik kemalarni qurishda, shuningdek, zargarlik buyumlarini yaratishda qo‘llaniladi.

Foto: Shutterstock

Ayni paytda Qozog‘iston osmiy-187 metallining yagona eksportchisi bo‘lib, u sayyoradagi eng qimmat element hisoblanadi. 2025 yil holatiga ko‘ra, uning bir grammi narxi 10 ming dollargacha yetishi mumkin, deb yozdi El.kz.

Ma’lum qilinishicha, osmiy-187 noyob izotop bo‘lib, ko‘kish jiloga ega kumush-oq rangli metalldir. Ushbu metallning bunday astronomik narxi nafaqat go‘zalligi, balki noyobligi bilan ham bog‘liq. Misol uchun, Qozog‘iston uni eksport qilishni boshlashdan oldin, taklif kamligi tufayli, 1 grammi narxi 100 ming va hatto 200 ming dollargacha yetar edi.

Biroq, ta’kidlanganidek, Qozog‘iston yagona eksportchi davlat sifatida bozorni barqarorlashtira oldi, garchi bu metall hali ham oltindan 300 barobar va platinadan 400 barobar qimmatroq.

Qozog‘istonda osmiy-187 qazib olishning asosiy manbai Ulitau mintaqasida joylashgan ruda konlari ekani ko‘rsatilgan. U yerda bu metall noyob konsentratsiyada topilgan - 100 gramm rudadan atigi 0,02% osmiyni olish mumkin, bu dunyodagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi.

Ushbu metallni qazib olish va tozalash jarayoni juda murakkab. Osmiy-187 qayta ishlanmagan shaklda zaharli bo‘lgani sababli, jarayon o‘ta aniqlik, ilg‘or texnologiya va qat’iy nazoratni talab qiladi.

Nashr ta’kidlaganidek, osmiy-187 nafaqat noyobligi, balki o‘ziga xos xususiyatlari tufayli ham juda qimmatlidir. Osmiy qotishmalari o‘ta mustahkam detallarni yaratishda, xususan, kosmik kemalarni qurishda ishlatiladi.

Ta’kidlanishicha, shuningdek, ushbu metall koritizon kabi dorilarni sintez qilishda katalizator bo‘lib xizmat qiladi va undan tibbiy implantlarda foydalaniladi. Bundan tashqari, brilliantga o‘xshash osmiy kristallari eksklyuziv zargarlik buyumlarini yaratishda ishlatiladi.

 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid