Jamiyat | 09:38 / 14.05.2019
16794
3 daqiqa o‘qiladi

Talabalar yotoqxonalarida autsorsing tizimini joriy qilish taklif etildi

Illyustrativ foto

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida oliy ta'lim muassasalarining talabalar turar-joylarida autsorsing tizimini joriy qilish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida 83 ta talabalar yotoqxonasi mavjud bo‘lib, 21 169 ming talabani qabul qilib, yana 21 mingdan ziyod talabalar uchun turar-joyga ehtiyoj mavjud. Har yangi o‘quv yilidan yotoqxonaga joylashish muammosi ularni qiynab keladi. 

Yotoqxona nizomiga ko‘ra, talabalar yotoqxonaga joylashish uchun ariza topshirishadi. Oliy ta'lim muassasasining ichki komissiyasi tomonidan ehtiyojmand talabalargagina yotoqxona ajratiladi. Ba'zida mahalladan kam ta'minlanganligi haqida ma'lumotnoma ham talab qilinadi. Agar talaba Toshkent viloyatida istiqomat qilsa, unga yotoqxonadan joy ajratilmaydi, sababi u uyidan qatnab o‘qishi mumkinligini vaj qilib ko‘rsatiladi. 

“Natijada, ko‘plab talabalarning ijarada yashashiga to‘g‘ri keladi. Ijaraga ma'qul narxlarda uy topish, ijara haqini, kommunal to‘lovlarni to‘lash, ortiqcha transport xarajatlari va boshqalar talabalarning doimgi muammolariga aylangan bo‘lib, bu albatta talabaning o‘z e'tiborini faqat o‘qishga qaratishiga xalaqit beradi”, - deyiladi murojaatda.

Bildirilishicha, yangi yotoqxonalar qurish, mavjudlarini ta'mirlash, bo‘sh turgan binolarni oliy ta'lim muassasalari tomonidan ijaraga olinishi ham muammoni to‘liqligicha yecha olmaydi.

“Shu sababli, autsorsing tizimini joriy qilish kerak. Oliy ta'lim muassasalarining vakolatidan yotoqxona masalasini chiqarib tashlab, xususiy sektorga o‘tkazish kerak. Talab va taklif ko‘p bo‘lgan joyda, albatta, rivojlanish bo‘ladi. Xususiy sektor yangi binolar qurish, eskilarini rekonstruksiya qilish, yotoqxona xizmatlarini yaxshilash kabi ishlarni amalga oshiradi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Ta'kidlanishicha, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzurida ushbu ishlarni monitoring qilishga mas'ul bo‘lgan boshqarma tuzilishi, u yotoqxonalarga joylashish tizimining adolatliligi, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning darajasi, bino va jihozlarning yaroqliligi va shu kabi ko‘rsatkichlarni tahlil qilib borishi, o‘rnatilgan talablarga javob bermaydigan xususiy sektor vakillari bilan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqishi kabi vakolatlarga ega bo‘lishi kerak.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, oliy ta'lim muassasalari tasarrufidagi talabalar turar-joylarini autsorsing tizimi orqali xususiy sektorga berishni taklif qilaman”, - deya yakunlanadi murojaat.

Mavzuga oid