O‘zbekiston | 18:35 / 15.05.2019
15854
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «Rosatom» korporatsiyasi bosh direktorini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Rossiyaning «Rosatom» atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi O‘zbekiston-Rossiya o‘zaro manfaatli hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish doirasida ilg‘or texnologiya va bilimlarni jalb etgan holda mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida "O‘zatom" agentligi tashkil etilgan va faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha o‘n yilga mo‘ljallangan konsepsiya qabul qilingan.

Bo‘lajak AES uchun maydon tanlash bo‘yicha muhandislik tadqiqotlarining birinchi bosqichi yakunlandi, xalqaro talablarga muvofiq loyihaning atrof-muhitga ta'siri baholanmoqda va texnik hujjatlar tayyorlanmoqda.

Aholini atom energetikasi va yadroviy texnologiyalarning rivoji to‘g‘risida keng xabardor qilish maqsadida bugun "O‘zatom" agentligi binosida Atom texnologiyalari axborot markazi ochildi.

Bundan tashqari, yangi o‘quv yilidan Toshkentda “MMFI” milliy tadqiqot yadroviy universitet filiali o‘z ishini boshlaydi.

Uchrashuvda mamlakatimizda qabul qilingan "yo‘l xaritasi" asosida AES qurilishi loyihasini sifatli tayyorlash va amalga oshirishni ta'minlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mamlakatimizda yangi tarmoqni rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga alohida e'tibor qaratildi.

"Rosatom" davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi. Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va keng ko‘lamda amalga oshirish borasidagi intilish qat'iy ekani ta'kidlandi.

Mavzuga oid