Jamiyat | 18:00 / 26.05.2019
56066
9 daqiqa o‘qiladi

«Rishtonda nima gaplar?» Tuman markazidagi buzilish ishlari haqida

Ma'lum bir hududda eski, ko‘rinishidan bugungi arxitektura talablariga javob bermaydigan binolar buzilib o‘rniga yangilari qurilishi zamon talabi va zarur holat.        

Axir dunyoning eng chiroyli shaharlari ham buzilib qurilmaganida bugungi ko‘rinish paydo bo‘lmas edi. Faqat o‘ziga xos arxitektura yechimiga ega san'at darajasida baholanadigan, muzey va boshqa turistlar uchun ma'lum qiymatga ega binolar bundan mustasno.

Qisqasi, bu jarayon amalga oshirilishi, lekin uyi, joyi buzilayotgan kishilarga aziyat yetmasligi kerak. Bu esa eng muhim masala.

Murojaat ortidan Farg‘ona viloyatidagi Rishton tumanida bo‘ldik. Ayni payt tuman markazida qayta qurish ishlari boshlanishi bois katta yo‘l bo‘yidagi uy-joylar va turli yo‘nalishda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi binolar buzilmoqda.  

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Yo‘l bo‘yidagi uy va do‘konlari buzilayotgan kishilar bilan suhbatlashganimizda ular binolar uchun tuman hokimligi joy va konpensatsiya puli ajratilishi haqida bildirganini aytishdi. Lekin, ular va hokimlik vakillari ham qayerdan yer maydoni berilishi va kompensatsiya pulining miqdori haqida aniq ma'lumot bera olishmadi.

Bozordagi mavhumlik...

Rishton markazidagi «Dehqon Bozori»da faoliyat yurituvchi savdogarlarning esa umuman boshi qotgan. Sababi, ularda turg‘un do‘konlarining yerga egalik huquqini beruvchi qarorlari va kadastr hujjatlari mavjud. Bozor berkitilib, uning atrofidagi uy-joylar, bozorga kirish joylarida buzilish ishlari boshlanib ketgan.

Dehqonchilik va oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi kishilarga esa, tuman markazi chetidagi bir vaqtlar paxta tayyorlash punkti bo‘lgan maydonda savdo qilishlariga ruxsat berildi. Biroq u joy  vaqtinchalik ekan.

Hozirgi kunlarda dehqon bozorida do‘konlarga ega yuzga yaqin tadbirkorning boshi qotgan. Ular tirikchilik manbai bo‘lgan do‘konlaridan ayrilib qolish xavfi ostida.

«Men Sherzod Otaboyev mana shu bozorda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelaman. Oilamdagi 11 jonni boqish uchun mana shu do‘konni yurgizamiz. Hech qanday ogohlantirishlarsiz bozorimizni shart yopib qo‘yishdi. Buzilar ekan. Bozorni bo‘lsa bir tashlandiq, hech qanday sharoiti yo‘q joyga ko‘chirishdi. Hamma sarson. Ro‘za kunida xalqqa ham, tadbirkorga ham qiyin bo‘ldi. Ertaga nima bo‘lishini o‘ylab boshimiz qotib o‘tiribmiz. Nahotki, hokimiyatdan biror odam chiqib, nima bo‘layotganini tushuntirmasa», deydi tadbirkorlardan biri.

Kelgusida faoliyati noaniq bo‘lib turgan yana bir savdogar Gulnoza Faxriddinova suhbatga qo‘shildi: «Men oila a'zolarimiz bilan 10 yildan beri mana shu Rishton dehqon bozorida aksioner sifatida ish yuritib kelamiz. Bu bozorimiz buzilishi haqidagi birinchi holat emas. 2018 yil fevral oyida do‘konimizni buzishgan, keyin uzoq tortishuvlardan keyin yana qurishga ruxsat berishgan edi. Yangi do‘kon qurdik. Bu esa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Katta mablag‘ sarfladik. Endi yana do‘konlarimiz buzilyapti. Bizning keyingi taqdirimiz nima bo‘ladi? Bizni himoya qiladigan kim bor? Hech narsani tushunmayapmiz», deydi u.

Darhaqiqat, bozordagi holat o‘ta tushunarsiz. Bozor yopib qo‘yilgan. Rekonstruksiyaga tushgan, biroq do‘konlar taqdiri noma'lum. Tadbirkorlar esa hayron.

Aynan shu bozorda Dima Qayum taxallusi bilan tanilgan bloger Dilshod Boltaboyevning xalq kutubxonasi joylashgan. Kutubxonaning ham keyingi taqdiri so‘roq ostida.

Hokimlikda

Biz bo‘layotgan o‘zgarishlarga oydinlik kiritish maqsadida Rishton tuman hokimligiga bordik. Tuman hokimi kundalik ishlari bilan chekka hududlarda ekan. Mutasaddilarning deyarli barchasi buzilish va qurilish ishlari bilan band. Qayta qurish ishlari bo‘yicha shtab va ishchi guruhlar ish olib boryapti.    

Tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Sodiqjon Haydarov Rishton tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish taklifiy loyihalari ishlab chiqilayotgani, tuman markazida joylashgan turar joy va noturar joy obektlarini shaharsozlik me'yorlari asosida qayta qurish ishlari boshlangani haqida gapirib berdi: «Tuman hokimining 2019 yil 13 maydagi 2852-sonli qaroriga asosan Rishton markazidagi katta yo‘l yoqasida joylashgan turar joy va noturar joylar buzilyapti. Bu ishlar bosqichma-bosqich olib boriladi. Hozirda 150ta noturar va 180ga yaqin turar joylarni buzish va zamon talabiga mos ravishda qurish ishlarini boshlaganmiz. Ma'nan eskirgan binolar o‘rnida ikki qavatli birinchi qavati maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo do‘konlari, ikkinchi qavati turar joy sifatida foydalanadigan binolar quriladi. Har bir buzilgan bino uchun joy va kompensatsiya puli beriladi. Maqsadimiz Rishtonni obod va ko‘rkam qilish», dedi mutasaddi.

Hokimiyatda ko‘cha bo‘yidagi dorixona binosi buzilayotgan ikkita tadbirkor bilan suhbatlashganimizda, ular binolari qo‘qqisdan buzilishga tushgani va hali berilishi kerak bo‘lgan yer maydon va pul miqdori haqida tushunchaga ega emasliklarini bildirishdi.

Biz hokim o‘rinbosariga dehqon bozori yopib qo‘yilgani va uning buzilishiga oid savollarni berib vaziyatga oydinlik kiritdik. Ma'sul bu savollarimizga quyidagicha javob qaytardi: «Bozorimiz rekonstruksiya qilinadi. Shuning uchun uni «Buyum bozori»ga ko‘chirdik. Ko‘rgan bo‘lsangiz bozorda turli tovarlar aralash sotilardi. Sharoit talab darajasida emasdi. Rekonstruksiya loyihasini ishlab chiqamiz. Ayrim do‘konlar buziladi, ba'zilari qoladi. Hammasini avvaldan ogohlantirganmiz. Xalq kutubxonasiga kelsak, bu binoni buzmay saqlab qolishga harakat qilamiz».

Afsuski, bozordagi tadbirkorlar va hokimiyat vakilining gaplari bir-biriga mos kelmadi.

Hokim o‘rinbosari bizni loyihalar bilan tanishtirdi.

Bozorchilar hali ham mavhumlik ichida

To‘g‘risi, biz tuman hokimi o‘rinbosarining dehqon bozori taqdiri bo‘yicha bergan ma'lumotlaridan qoniqmadik. Axir, bozor buzilar ekan, bor-budi mana shu do‘kon bo‘lgan tadbirkorlarning taqdiri nima bo‘lishini jo‘yali o‘ylash kerak edi-ku? Dehqon bozori oxirgi uch yil davomida kamida beshinchi bor buziladigan bo‘ldi-yov.. Rejasiz chiqarilgan qarorlar bilan o‘tgan yili yangi ikki qavatli do‘kon qurgan tadbirkorlar bor.

Biz ayni paytda boshqa joyga ko‘chgan bozorda ham bo‘ldik. Sharoit umuman yo‘q. Oziq-ovqat mollari va dehqonchilik mahsulotlari bir kunda sifatini yo‘qotmoqda. Chang-to‘zonda qandolatchilik mollari bir necha soatda aynib qolyapti.

Maqola yozish jarayonida bozordan aloqaga chiqqan tadbirkorlar Rishton bozorining kirish qismida buzilish ishlari boshlanganini bildirishdi. Tadbirkorlar shok holatida.

Yurtda bunyodkorlik, qurilish, yangilanish jarayonlari kechgani qanday yaxshi. Biroq har bir loyiha boshlanmasidan oldin, do‘ppini olib o‘ylanish kerak emasmidi?

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlarni qo‘llash, ularga shart-sharoit yaratish bo‘yicha aytgan so‘zlarini keltiramiz: «Mulk egasiga zarari to‘la qoplanmaguncha, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish va ko‘chmas mulkni buzish tartibi bekor qilindi».

Rishton dehqon bozorida ertaga tirikchiligi nima bo‘lishini o‘ylab, o‘yiga yeta olmayotgan tadbirkorlar esa tuman hokimligidan jo‘yali javob kutishmoqda.   

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri
tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid