Iqtisodiyot | 23:01 / 04.06.2019
32577
8 daqiqa o‘qiladi

Davlat-xususiy sherikchiligi o‘zi nima? Agentlik direktori bilan suhbat

Yaqin ikki yil ichida yangi tushuncha sifatida yangrayotgan davlat-xususiy sherikchilik sohasi bo‘yicha ko‘plab insonlarda, hattoki yuristlar orasida ham bir qator savollar tug‘ilmoqda. Mavhumliklar va savollarimizga javob topish maqsadida Davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish agentligi direktori G‘olib Xoljigitov bilan suhbatlashdik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

— Davlat-xususiy sherikchiligi o‘zi nima?

— Bu avvalo uzoq muddatli shartnoma, bitimdir. Bu bitimning o‘ziga xos alomatlari shundan iboratki, loyihaning xatari, moliyaviy manbalar ham xususiy sektor zimmasida bo‘ladi. Bu moliyaviy manbani olib kirishdan nima manfaatdor degan savol tug‘ilishi mumkin. Avvalo bu davlatning talabi bor joylarga kiritiladi. Aholi infratuzilmalarini oshirishga qaratilgan sohalar aeroportlar, yo‘llar, tibbiyot sohasi bo‘lishi mumkin. Bu loyihalar 3 yildan 49 yilgacha bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, loyiha murakkabdir. Chunki, vaqtlar o‘tib ko‘p narsalar, masalan narxlar, iste'molchilar, mamlakat demografiyasi o‘zgarishi mumkin. Shuning uchun, buni puxta tayyorlash lozim. Loyihani tayyorlashda g‘oyadan boshlab shartnomani imzolashga 18 oygacha vaqt talab etiladi. Bunga zamonaviy menejment tizimini joriy qilish ham mumkin.

— O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tganiga salkam 30 yil bo‘lmoqda. Nega aynan hozir bu qonun qabul qilinishga zarurat tug‘ildi?

— Demak, davlat-xususiy sherikchilik qonunlari, yangi loyihalar dunyoning 130dan ziyod davlatida amalga oshib kelmoqda. O‘zbekiston, to‘g‘risini aytish kerak, bu masalada ozroq kech qoldi. Shunga qaramay, ishlar tez jadallashmoqda. Ayrim mamlakatlarda qonun yo‘q, ayrim mamlakatlarda agentlik yo‘q. Bizda agentlik tashkil qilingandan 6 oy o‘tib, qonun tashkil etildi. Mana endi biz ham qonunchilik shakllangan davlatlarga juda ham yaqin keldik. Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 29 aprelda qabul qilingan 4300-sonli qarorda 15ta yirik loyihalar qabul qilindi. 2 milliard dollardan oshiq bo‘lgan bu loyihalar jumlasiga, aeroportlar, yo‘llar, suv ta'minoti, elektr energiyasi ta'minoti sohalarida bo‘ladi. Bu strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Investitsiyalarni jalb qilish uchun asos sifatida ishlar olib borilmoqda. Davlat-xususiy sherikchilik sohasining bunga nima daxli bor? Masalan, turizmni olaylik. Turizm uchun avvalo mehmonxonalar qurish kerak. Yo‘llar yaxshi bo‘lishi kerak, aeroportlar yaxshi bo‘lishi kerak. Bular biznes uchun infratuzilmaning sifatini oshiradi. Bu mahalliy investorlar uchun qulayliklar keltiradi. Masalan, hozir aeroport sig‘imi 2,5 million yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lsa, lekin talab 5 million hisoblanadi. 1-2 yil o‘tib 10 millionga ham yetar, balki.

— Qonunda asosiy maqsadlardan biri sifatida infratuzilmalarni rivojlantirish va iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash deyilgan. Yaqin yillarda qanday rejalar ko‘zda tutilgan?  

Hadeb infratuzilma deyishdan maqsad, bu hamma sohaga ta'sir o‘tkazadi. Shuning uchun yo‘l, aeroport, gaz, elektr, suv jamoat infratuzilmasisiz iqtisodiy rivojlanishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Energetika sohasida ham o‘zgarishlar ketmoqda. Misol uchun, energetika vazirligi tashkil etildi. Elektr energetika sohasini ham uchga bo‘lish yakunlandi, deyish mumkin. Bular: ishlab chiqarish, uzatish va sotish. Davlat-xususiy sherikchiligi aynan shunday masalalarda yaxshi shakllanadi. Ikkinchi soha bu – transport yo‘nalishi. Bu sohada ham vazirlik tashkil qilindi. O‘zbekiston havo yo‘llari tizimida ham uchga bo‘linish jarayoni boshlanmoqda. Aeroportlar, aeronavigatsiya va havo yo‘llari alohida bo‘lmoqda. Oldin bular bitta yaxlit holda faoliyat yuritgan. Bu ikki soha kabi suv ham juda muhim. Ayrim joylarda suv yetishmasligi bor gap. Biz suv ta'minotini shakllantirishga qaratganmiz. Shuningdek, ijtimoiy sohalar bo‘lgan sog‘liqni saqlash va ta'lim ham bu sohada juda muhim. Bu yo‘nalishlarga davlat-xususiy sherikchiligi qaratilgan. 5 yilda bu bo‘yicha ishlar amalga oshirilsa, O‘zbekiston iqtisodiyotiga juda katta turtki bo‘ladi. O‘rta Osiyo hududida eng raqobatbardosh hududga aylanishi mumkin.

— Bu soha ba'zi davlatlarda yo‘q, ba'zilarida yangi yoki oldindan bor deb aytib o‘tdingiz. Bizda buni yo‘lga qo‘yish uchun qaysi davlatlar tajribasidan foydalanildi?

— Birinchi loyihasi Yevropa tiklanish va taraqqiyoti banki tomonidan tayyorlab berilgan. Qonunni tayyorlash jarayonida moliya korporatsiyalari, masalan Jahon banki ham o‘z hissasini qo‘shgan. Bundan tashqari, AQSh, Fransiya, Germaniya, Italiya, shuningdek Rossiya va Qozog‘iston davlatlari tajribalari ham o‘rganilgan. Ularning mutaxassislari bu yerga taklif qilindi. Mamlakatimizning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib ular bilan birgalikda ushbu qonun tayyorlandi.

— Davlat-xususiy sherikchiligi bo‘yicha inrfatuzilmalar juda ham muhimligini aytib o‘tdingiz. Ushbu sohada qilinayotgan investitsiyalar asosan qaysi yo‘nalishda bo‘lishi kutilmoqda?

— Bu sohalar investorlar uchun juda ham qiziq soha. Misol uchun, quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magi natijasida tender yakuniga yetmoqda. Navoiyda 100 megavatt stansiyani nazarda tutyapman. Sog‘liqni saqlash sohasida gemodializni olaylik. Bu ikki soha bo‘yicha ishlar olib borilmoqda va sentabr oylarida tugatish ko‘zda tutilmoqda. Quyosh panellari bo‘yicha 42ta, gemodializ bo‘yicha 11ta dunyoning yirik xorijiy korxonalari qiziqish bildirgan.

— O‘zbekistonda ko‘plab yo‘llar holati qoniqarli holatda emas. Sizningcha, islohotlar qachon bu yo‘llarni ham qamrab oladi?

— Bunday savollar ko‘p berilmoqda. Hozir hamma institutlar qarab turgani rost. Yo‘llar masalasida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan Toshkent-Andijon pulli yo‘li qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyihaning birlamchi bosqichi hozir bu o‘rganishdir. Ya'ni, qanday bo‘ladi, xalq ko‘taradimi yoki yo‘q, boshqa muqobil yo‘l ham bo‘ladimi, qaysi transport turiga to‘lov belgilanadi kabi savollar turibdi. Hozir agentligimizning asosiy vazifasi shu kabi bir-ikki loyihani amalga oshirish. Muvaffaqiyatli amalga oshsa, keyingi loyihalar tezkorlik bilan amalga oshiriladi. Tajribaga ega bo‘lamiz, mutaxassislarimiz ham shakllanadi. Chunki, bu sohada juda ehtiyot bo‘lish lozim. Uzoq yillik loyihalarda xato qilinsa, ertaga davlat budjetiga zarar bo‘lishi mumkin. Misol uchun, Turkiya davlat-xususiy sherikchilik bo‘yicha ilg‘or davlatlaridan biri hisoblanadi. Lekin hozir AQSh dollari kursi o‘zgargani, ya'ni ikki barobar oshgani sababli ko‘plab shartnomalar bekor bo‘lmoqda, qolganlarini davlatning o‘zi sotib olib o‘z zimmasiga olmoqda. Biz ham loyihani puxta o‘rganib yo‘l muammosiga o‘xshash masalalarni hal qilamiz. Bunga ancha vaqt kerak.

Bahodir Ahmedov suhbatlashdi

Mavzuga oid