Jahon | 14:30 / 13.06.2019
26355
2 daqiqa o‘qiladi

Ummon ko‘rfazida neft tankerlariga hujum qilindi

13 iyun kuni Ummon ko‘rfazida ikkita neft tankeri falokat signalini yo‘lladi, kemalar rahbariyati tankerlar shikastlanganini ma'lum qildi. Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, tankerlarga hujum uyushtirilgan.

«Saudiya Arabistonidan Singapurga qarab yo‘lga chiqqan neft tankeri noma'lum tomon hujumi oqibatida shikastlangan», deyiladi kema rahbariyati xabarida.

Singapurdagi BSM Ship Management kompaniyasi vakili bergan ma'lumotlarga ko‘ra, Tayvanning SRS nomli energetik kompaniyasi tomonidan yollangan, Norvegiya bayrog‘i ostida harakatlanayotgan Front Altair tankeri torpedo hujumiga uchragan va kemada yong‘in chiqqan, kema cho‘kishni boshlagan. Shuningdek, Panama bayrog‘i ilingan Kokuka Courageous tankeri ham hujumga uchragan. Ikkinchi kemada cho‘kib ketish xavfi yo‘q.

Arab nashrlari xabarlariga ko‘ra, hujumga yo‘liqqan kemalardan barcha dengizchilar - jami 44 kishi Eron sohilbo‘yi xizmati tomonidan qutqarilib, evakuatsiya qilingan.

Bu xabarlar ortidan neft narxi ko‘tarila boshladi. 

Londondagi ICE Futures birjasida Brent markasidagi neft narxi 1,8 dollarga ko‘tarildi (3 foiz)  va bir barrel uchun narx 61,77 dollarga yetdi.

Bu birinchi hujum emas

Shu yilning 12 mayida BAA qirg‘oqlari yaqinida 4ta neft tankeriga (BAA, Saudiya Arabistoni va Norvegiya) hujum uyushtirilgandi. O‘shanda BAA vakili bu hujum ortida «boshqa bir davlat» turganini iddao qilgandi.

BAA hisobotiga ko‘ra, 12 may kungi hujum juda yaxshi rejalashtirilgan va muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilgandi.

AQSh bu hujumda Eronni ayblagan, ammo rasmiy Tehron bu hujumga aloqadorligini rad etib, jahon hamjamiyatini bu hodisani sinchiklab o‘rganishga chaqirgandi.
 

Mavzuga oid