Jamiyat | 10:20 / 29.06.2019
9551
4 daqiqa o‘qiladi

Kamharakatlilik – o‘lim xavfini yuzaga keltiruvchi yetakchi omil

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan haftaning har shanba kuni mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli ommaviy sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etilmoqda. 29 iyun kuni ham ushbu ezgu an'ana davom etgan holda, “Jismoniy faollik – uzoq umr garovi” shiori ostida yurtimiz bo‘ylab turli tadbirlar tashkil etildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, bugungi taraqqiyot tufayli insoniyat hayot tarzida kamharakatlilikka odatlanayotgani ko‘plab tibbiy-ijtimoiy muammolarga sabab bo‘lmoqda. Dunyo miqyosida qayd etilayotgan o‘lim holatining har to‘rtdan biriga aynan shu omil sabab bo‘lmoqda. Masalan, sut bezi va yo‘g‘on ichak saratoni, qandli diabet, yurak ishemik kasalliklari yuzaga kelishining 25-30 foiziga ana shu jihat  jiddiy turtki bo‘ladi.

Bunday muammoning oldini olish har bir insonning o‘z qo‘lida. To‘g‘ri, bugungi tig‘iz ish kuni soatlab sport mashg‘ulotlari bajarishga imkon bermasligi mumkin. Biroq, hech bo‘lmaganda kunda-kunora 20-30 daqiqalik jismoniy mashqlarni  bajarish, kuniga 1-2 kilometr piyoda yurish uchun hammada imkon topiladi. Shifokorlarning aytishicha, ana shu ozgina harakat ham organizmni kislorodga to‘yintirish, modda almashinuvini yaxshilashda ijobiy natija beradi. Bunday kun tartibiga odatlangan inson xafaqon, infarkt, insult, saraton kabi og‘ir kasalliklardan o‘zini himoyalaydi.

Shundan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorlikda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini va jismoniy faollikni targ‘ib etish bilan bog‘liq ommaviy tadbirlarga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xalqimizga tibbiy-profilaktika va patronaj yordamini ko‘rsatish, onalar va bolalar salomatligini muhofazalash bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘lami ham kengayib borayotir. Yurtimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida fuqarolarimizning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1990 yildagi 67 yoshdan 2018 - yilda 74 yoshga uzaydi.

Har shanba kuni yurtimiz bo‘ylab an'anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ommaviy sog‘lomlashtirish tadbirlari bu boradagi xayrli ishlarni izchil davom ettirish, xalqimiz salomatligini asrashda muhim omil bo‘lmoqda. Bu galgi aksiya ham poytaxtimiz va barcha hududlarda uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

Aksiya doirasida yirik tadbirlardan biri poytaxtimizdagi “Milliy” stadionda o‘tkazildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi xodimlari, turli davlat va nodavlat tashkilotlar va keng jamoatchilik vakillari, faol yoshlar 5 kilometrlik masofani piyoda bosib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan ushbu ommaviy tadbirlarda yurtimizdagi tibbiyot muassasalari shifokorlari, hududlardagi hamkor tashkilotlar vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.

Mavzuga oid