O‘zbekistonda ayollarga qanday imtiyozlar berilgan?
Qonunchilikda ayollarga bir qator imtiyozlar berilgan bo‘lib, ularning aksariyati mehnat qilish bo‘yicha huquqlarni ta'minlashga qaratilgan. Bu haqda Adliya vazirligi telegram kanalida aytiladi.
Xususan:
1. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Homilador ayolni yoki uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda ma'lum qilishi shart.
2. Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko‘rsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta'siridan holi bo‘lgan ishga o‘tkaziladi.
Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta'siridan holi bo‘lgan ish berish masalasi hal etilgunga qadar, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.
3. Ikki yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin bo‘lmagan taqdirda, bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar avvalgi ishidagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta'siridan holi bo‘lgan ishga o‘tkaziladi.
4. Homilador ayollarni va o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
5. Uch yoshga to‘lmagan bolalari bor, budjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta'minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga o‘ttiz besh soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.
6. Homilador ayolning, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayolning, shu jumladan homiyligida shunday bolasi bor ayolning yoki oilaning betob a'zosini parvarish qilish bilan band bo‘lgan shaxsning iltimosiga ko‘ra, ish beruvchi tibbiy xulosaga muvofiq ularga to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasi belgilashga majburdir.
7. O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bitta va undan ortiq bolani (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan yolg‘iz ota, yolg‘iz onaga (beva erkaklar, beva ayollar, nikohdan ajrashganlar, yolg‘iz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga yillik ta'tillar, ularning xohishiga ko‘ra yoz vaqtida yoki ular uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtda beriladi.
8. O‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam bo‘lmagan muddat bilan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta'til beriladi.
O‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga ularning xohishiga ko‘ra, har yili o‘n to‘rt kalendar kundan kam bo‘lmagan muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda ta'til beriladi. Bunday ta'til yillik ta'tilga qo‘shib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda undan alohida (to‘liq yoxud qismlarga bo‘lib) foydalanilishi mumkin.
9. Ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda – yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta'tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.
Homiladorlik va tug‘ish ta'tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug‘ishga qadar amalda bunday ta'tilning necha kunidan foydalanilganidan qat'i nazar ayolga to‘liq beriladi.
10. Ayolga, uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta'til ham beriladi.
Bolani parvarishlash ta'tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta'tillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan uch yil, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi.
11. Ikki yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga, dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari, bolani ovqatlantirish uchun qo‘shimcha tanaffuslar ham beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda bir marta har biri o‘ttiz minutdan kam bo‘lmagan muddat bilan beriladi. Ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi bo‘lgan taqdirda, tanaffusning muddati kamida bir soat qilib belgilanadi.
Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va o‘rtacha oylik ish haqi hisobi bo‘yicha haq to‘lanadi.
Bolasi bor ayolning xohishiga ko‘ra, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qo‘shib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining (ish smenasining) boshiga yoki oxiriga ko‘chirilib, ish kuni (ish smenasi) shunga yarasha qisqartirilishi mumkin.
12. Homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonun hujjatlarida belgilangan tegishli ijtimoiy to‘lovlar bilan ta'minlagan holda amalga oshiradi.
13. Davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun mas'ul bo‘lgan homilador ayollar, bolani ikki va uch yoshgacha parvarish qilish bo‘yicha ta'tilda bo‘lgan ayollar, ular ishga chiqqandan keyingi birinchi yil davomida attestatsiyadan o‘tkazilmaydi.
14. Tegishli ish stajiga ega bo‘lgan ayollar ellik to‘rt yoshga to‘lganda pensiyaga chiqishi mumkin.
Mamlakatda Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifalari xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga moddiy yordam ko‘rsatish, xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashda ko‘maklashish hisoblanadi.
Bundan tashqari qonunchilikka muvofiq, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar beriladi. Bunda boshlang‘ich badal (25%) maxsus fond yoki talabgor ishlayotgan tashkilot tomonidan to‘lab beriladi.
Jinoyat qonunchiligiga ko‘ra ham ayollarga ayrim jazolarni qo‘llash bo‘yicha cheklovlar mavjud.
Xususan jinoiy jazo tariqasida majburiy jamoat ishlari yoki axloq tuzatish ishlari homilador ayollarga, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga nisbatan qo‘llanmaydi.
Bundan tashqari, homilador ayollarga va uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar ehtiyotsizlik oqibatida yoki qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etsa ularga nisbatan ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo tayinlanmaydi.
Ayolga nisbatan uzoq muddatga (20 yildan ortiq 25 yildan ko‘p bo‘lmagan) yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin emas.
Shuningdek, homilador ayolning jinoyat sodir etishi jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida hisoblanadi.
Mavzuga oid
18:05 / 25.10.2024
“Barchasi ota-onamning qo‘llovi tufayli”: Microsoft elchisiga aylangan o‘zbek qizi
18:26 / 16.09.2024
IIBning sharmandali “rezultat”i hamda “yasalgan” jinoyat: xasta va himoyasiz ayol qamoqqa tashlandi
15:31 / 08.09.2024
O‘zbekistonda ishlayotgan ayol shifokorlar soni ma’lum qilindi
14:45 / 18.06.2024