O‘zbekiston | 10:39 / 13.07.2019
2157
2 daqiqa o‘qiladi

Willkie Farr xalqaro yuridik firmasi DXSh loyihalari bo‘yicha yordam beradi

Foto: Diego M. Radzinschi / ALM

Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida 10 dan ortiq vakolatxonalarga ega, 700 dan ortiq huquqshunoslarni qamrab olgan Willkie Farr xalqaro yuridik firmasi vakillaridan iborat delegatsiya Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi rahbariyati bilan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsion islohotlar, davlat-xususiy sheriklik loyihalari va qonunchilik yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi.

Willkie Farr kompaniyasi infratuzilma, energetika, moliya va tabiiy resurslardan foydalanish masalalarida xalqaro investorlar uchun loyihalarni amalga oshirish yuzasidan huquqiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatadi.
      
Uchrashuvda xalqaro yuridik firma vakillari joriy yilning 10 may kuni qabul qilingan «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va sarmoyaviy muhitni yaxshilashga asos bo‘lishini ta'kidladilar.
     
Yuridik firma mutaxassislarining fikricha, mazkur qonun jahon andozalariga mos ravishda ishlab chiqilgan va xalqaro talablarga javob beradi. Qayd etilganidek, hozirgi kunda respublikada investitsiya sohasida keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Kompaniya vakillari mamlakatdagi infratuzilma va davlat xizmatlari sifatini oshirishda, xususiy investitsiyalarni kirib kelishi va ilg‘or zamonaviy boshqaruv tajribasining joriy etilishida davlat-xususiy sheriklikni tutgan o‘rni juda muhim ekanligini takidladi.
     
Shuningdek, Davlat-xususiy sheriklik agentligi rahbari davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan 10dan ortiq yirik loyihalar va bu loyihalar ustida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida kompaniya vakillariga ma'lumot berdi.
    
Uchrashuv so‘ngida, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarda ishonchli huquqiy bazani shakllantirish, loyihalarni amalga oshirishda xorij tajribasini keng jalb qilish bo‘yicha Willkie Farr kompaniyasi vakillari bilan hamkorlikda ishlash va treninglar o‘tkazishga kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid