Sport | 00:51 / 15.07.2019
11296
3 daqiqa o‘qiladi

Budapesht Gran-prisining so‘nggi kuni: yaponlarning ustunligi, medalsiz qolgan o‘zbek polvonlari

Vengriya poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha Budapesht Gran-pri turniri yakuniga yetdi.

Bugun og‘ir vaznli polvonlar g‘oliblik uchun tatamiga tushdi. Erkaklar -90, -100 va +100 kg, ayollar -78 va +78 kg vaznda o‘z imkoniyatlaridan foydalanishdi.

-90 kg vaznda Nikolas Shirazadishvili (Ispaniya) g‘olib bo‘ldi. U finalda dzyudo vatani vakili Mukai Shoichironi taslim etdi. Uchinchi o‘rinlar gruziyalik Beka Gviniashvili va kubalik Silva Moralesga nasib etdi. Mazkur vaznda bahslarda qatnashgan ikki o‘zbekistonlik — Yahyo Imomov va Davlat Bobonovlar birinchi davradayoq musobaqani tark etib ulgurdi.

-100 kgli polvonlar bahslarida yaponiyalik Aaron Vulfga teng keladigan raqib topilmadi. U hal qiluvchi bahsda estoniyalik Grigori Minaskin ustidan Ippon bahosi bilan g‘alaba qildi. Uchinchi o‘ringa koreyalik Cho Guham va Semion Katharina ega chiqishgan. Bu vaznda kurashlarda ishtirok etgan o‘zbekistonlik dzyudochilar Muhammadkarim Xurramov va Sherali Jo‘rayev ikkinchi davrada musobaqani tark etdi.

Mutlaq vaznda o‘zbekistonlik Bekmurod Oltiboyev bronza uchun kurashda gruziyalik Zaalishvili Gelaga yutqazib beshinchi o‘rindan joy oldi. Birinchi o‘rin isroillik tajribali sportchi Or Sassonga nasib etdi. U yaponiyalik Kageura Kokoroni qo‘shimcha vaqtlarda yengib g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. uchinchi o‘rinning yana biriga mezbon S.Richard ega chiqdi.

Ayollar o‘rtasida -78 kg.gacha bo‘lgan dzyudochilar kurashida Aguiar M. (Braziliya) birinchi, R.Sato (Yaponiya) ikkinchi, K.Antomarchi va P.Nataliyelar uchinchi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. 78 kg.dan og‘ir dzyudochi qizlar bellashuvida T.Vakaba (Yaponiya) g‘olib bo‘ldi. Keyingi sovrinli o‘rinlarni Ch.Rouhou (Tunis), Vang Yan (Xitoy), Ortiz Idalys (Kuba) lar egalladi.

Turnir yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida yaponiyalik dzyudochilar yaqqol ustunlik bilan 5 ta oltin, 3 ta kumush bilan birinchi, Braziliya ikkinchi va kosovoliklar uchinchi bo‘lishdi. 82 davlat vakillari ichida o‘zbekistonliklar ikki bronza medali bilan turnirni 16 o‘rinda yakunladi. 

Mavzuga oid