Jahon | 11:50 / 17.07.2019
78853
16 daqiqa o‘qiladi

Millat davlatni qutqargan kecha. Turkiya qanday «to‘ntarilmay qolgandi»?

Bundan 3 yil muqaddam, 2016 yilning 15 iyulidan 16 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish sodir bo‘lgandi. Turkiya davlatchiligi tarixida 5-marta kuzatilgan bu harbiy to‘ntarishga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangandi. Turk millati o‘z vaqtida birlasha olgan va davlatni qonli to‘qnashuvlardan saqlab qolgandi. Albatta, qurbonsiz emas... Uch yil avval 15 iyul tunida Turkiyada nimalar bo‘lgandi?

Ta'tildagi prezident, ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi va ruslarning ogohlantirishi...

Davlat to‘ntarishiga urinishga juda puxta tayyorgarlik ko‘rilgandi. Chunki, 15 iyul kuni oliy bosh qo‘mondon hisoblangan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ta'tilda edi. Marmaris orolida oilasi bilan dam olayotgan Erdo‘g‘an isyon boshlanishidan biroz vaqt avval bu haqda xabar oladi. O‘shanda Erondagi va arab nashrlari Turkiya hukumatidagi ishonchli manbalariga asoslanib, Erdo‘g‘anni rossiyalik harbiylar isyondan ogohlantirishganini yozishgandi.

Erdo‘g‘an dam olayotgan Marmarisdagi mehmonxonaga isyonchilar yetib borishganida, prezident u yerdan ketishga ulgurgandi, Erdo‘g‘an mehmonxonani isyonchilar yetib borishidan 30 daqiqa avval tark etgandi. Dalmandagi aeroportga yetib olgan Turkiya prezidenti Istanbulga uchishni rejalashtiradi, chunki uning Anqaradagi makoni qiruvchi samolyot va tanklarda o‘qqa tutilgan, u yer xavfsiz emasdi. Isyonchilar voqealar rivojlanib ketishidan avval mamlakat hududida barcha ijtimoiy tarmoqlarga kirishni bloklab qo‘yishadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, tvitterda Turkiya ko‘chalarida yurgan tanklar suratlari paydo bo‘ladi.

Yevropa va Osiyoning ayrilishi

Isyonchilar Turkiyadagi o‘ta muhim obektlarni, jumladan Istanbuldagi Otaturk xalqaro aeroporti, Yevropa va Osiyoni bog‘lab turuvchi Bosfor ko‘rfazi ustidagi ko‘prikni ham tanklar bilan egallab olishgandi. Shuningdek, mamlakatdagi yirik teleradiokompaniyalar ham isyonchilar qo‘liga o‘tadi. Qiruvchi samolyotlar milliy razvedka binosini o‘qqa tutishadi. Isyonchilar o‘z da'volarini TRT telekanali orqali e'lon qilishadi. Telekanalning mashhur boshlovchisi Tijyen Karash isyonchilarning bayonotini o‘qib eshittiradi: «Turkiya harbiy kuchlari hukumatni o‘z qo‘liga olganini e'lon qiladi. Biz mamlakatda buzilgan inson huquqlari va konstitutsion tartibni qaytarishga va'da beramiz. Xalqaro kelishuvlarning barchasi hamon amalda. Umid qilamiz, barcha davlatlar bilan iliq aloqalarni saqlab qolamiz».

Boshlovchining keyinchalik aytishicha, uning qarshisida qurol o‘qtalib bu bayonotni o‘qishga majbur qilishgan. Rajab Erdo‘g‘anni xoin deb atagan isyonchilar mamlakatda harbiy holat e'lon qilishadi. Istanbulga barcha reyslar bekor qilinishi nimalar bo‘layotgani haqida butun dunyoga signal beradi. Istanbulga kelayotgan barcha samolyotlar havoda ortga qaytishga majbur bo‘lishadi. Istanbulga kiradigan har qanday yo‘llar yopiladi.

Mahalliy vaqt bilan soat 23:33da harbiy kengash Turkiyani qo‘lga olgani haqida e'lon qilganidan so‘ng OAVda Rajab Erdo‘g‘an Germaniyadan siyosiy qochoqlik so‘ragani haqida xabarlar paydo bo‘ladi. Bu vaqtda isyonchilar prezident qo‘riqchilarini zararsizlantirgan holda uning saroyini egallaganliklarini, harbiy kengash raisi va Turkiya harbiy havo kuchlari rahbari qo‘lga olingani e'lon qilinadi. Mamlakatning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Binoli Yildirim telekanallardan birida chiqib harbiylar davlatni to‘ntarishga urinayotganini e'lon qiladi va Erdo‘g‘an uchun oxirigacha kurashishini ma'lum qiladi.

To‘ntarishni qutqarib qolgan iPhone

Mahalliy vaqt bilan soat 00:30da isyonni bostirish uchun katta qadam tashlanadi. Hali isyonchilar qo‘liga o‘tib ulgurmagan telekanallardan birida favqulodda chiqish bo‘lishi e'lon qilinadi. Boshlovchi qo‘lidagi iPhone'ni kameraga qaratib efir boshlanishi bilan telefondagi odamga so‘z beradi. Ne ko‘z bilan ko‘rishsaki, iPhone'da Facetime dasturi orqali aloqaga chiqqan Rajab Erdo‘g‘an turardi. Prezident shunday deydi: «Mamlakatda bo‘layotgan voqealar isyon ekanini aytmoqchiman. Hammasining ortida AQShda yashayotgan Fathulloh Gulen turibdi. Xalqning kuchi mana shunday kunda ko‘rinadi. Sizlarni maydonlarga chiqib davlatni saqlab qolishga chaqiraman. Men sizga ishonaman».

Foto: AFP / Ozan Kose

Erdo‘g‘anning bu gapidan so‘ng mamlakat aholisi o‘zi yashaydigan shaharlarning markaziy maydonlariga chiqa boshlaydi. Imkon boricha qurollangan xalq qo‘liga Turkiya bayrog‘ini olib isyonni bostirish uchun ko‘chaga chiqadi. Istanbul meri Ibrohim Go‘kchi ham tvitterdagi sahifasida odamlarni maydonlarga chiqishga chaqiradi. Diniy rahnamolar ovoz kuchaytirgichlar orqali qonuniy prezidentni himoya qilishga chaqiradi. Bu vaqtda isyon borgan sari kattalashib borardi. Anqarada yirik portlashlar sodir bo‘ladi. Istanbul va Anqara aeroportlarida otishmalar boshlanadi.

Prezidentning havoda sarson bo‘lgan samolyoti

Isyon avj olayotgan bir vaqtda Rajab Erdo‘g‘anning samolyoti havoda sarson bo‘ladi. OAV Anqaradan Istanbulga deb uchgan «birinchi bort» aslida Germaniyaga qarab uchgani va prezident Germaniyadan siyosiy qochoq maqomini so‘ragani haqida yozadi. Biroq unga Germaniyadan joy berishmagach, Erdo‘g‘an Buyuk Britaniyaga qarab yo‘l olgani haqida xabar tarqaladi.

Maxsus kuchlar hammasini hal qilishadi

Foto: Murad Sezer / Reuters

Isyon bostirilishida asosiy ishni mamlakatning maxsus kuchlari qilishadi. Erdo‘g‘an to‘ntarishga urinishning tepasida turganini aytgan Fathulloh Gulen mamlakatdagi o‘rta qatlam harbiylarini o‘z tomoniga og‘dirgandi. Harbiy elita Erdo‘g‘an tomonda qoladi. Isyonchilar quruqlik askarlari, jandarma va harbiy havo kuchlari harbiylari edi, Turkiya maxsus kuchlari hamon hukumat nazoratida bo‘lgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Prezidentga bo‘ysunuvchi maxsus kuchlar avvalo Istanbul aeroportini o‘z nazoratiga oladi. Bu vaqtda millionlab turklar ko‘chalarga chiqib harbiylarga qarshi kurashni boshlagandi. Bosfor ko‘prigidan Istanbulga o‘tishni istagan aholi vakillariga qarata o‘t ochiladi va ko‘plab odamlar halok bo‘ladi. Tongga borib maxsus kuchlar va politsiya vaziyatni o‘z nazoratiga oladi. 16 iyul kuni soat 08:19da Bosfor ko‘prigi qayta ochiladi.

«Bizga shunchaki mashg‘ulot bo‘ladi deyishgandi...»

Foto: Gokhan Tan / Getty Images

Vaziyat jiddiylashib ketgach, harbiylarning ko‘pchiligi o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘ladi. Chunki isyonga harbiylarning bir necha guruhi aloqador bo‘lgan, xolos. Aksariyat askarlar esa nimada qatnashayotganlarini tushunishmagan ham. Ularga katta masshtabdagi harbiy mashg‘ulot o‘tkaziladi, deb aytishgandi. Shu bois oddiy askarlar odamlarga qarata o‘q uzishmaydi. Juma kuni sodir bo‘lgan to‘ntarishda harbiy maktabda o‘qiydigan bolalar ham olib chiqilgandi.

Mahalliy vaqt bilan soat 03:30da Erdo‘g‘an Istanbul aeroportiga qo‘nib odamlar oldida nutq so‘zlaydi va Anqaraga uchib ketadi. Biroq prezident saroyiga yana havo zarbalari beriladi. 16 iyul kuni tonggi soat 07:00da Erdo‘g‘an yana Istanbul aeroportida chiqish qilib odamlarni hammasi tinchib ketguniga qadar ko‘chalarni tark etmaslikka chaqiradi. Chiqish davomida Erdo‘g‘an harbiy to‘ntarishga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlanganini ma'lum qiladi. Prezident Turkiyada uch oylik favqulodda rejim e'lon qiladi. 16 iyul kuniyoq Turkiyada isyonchilarni tutishga qaratilgan ulkan operatsiyalar boshlanib ketadi. Yuzlab askarlar o‘z xohishi bilan hukumat kuchlariga taslim bo‘ladi.

Injirlikdagi baza nega yopib qo‘yilgandi?

16 iyul kuni Turkiyaning Injirlik shahrida joylashgan NATOning harbiy havo kuchlariga tegishli baza yopib qo‘yiladi. Keyinchalik faqat kirish parvozlarini qabul qilgan Injirlikdagi bazadan bir muddat birorta uchoq uchib ketmaydi. Chunki Turkiya hukumati bu baza vakillari isyonda qatnashganidan gumon qiladi.

Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Injirlikda AQShning Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan, shu bois Pentagon bu borada tezda munosabat bildirdi va baza yopib qo‘yilganini ma'lum qiladi. Ma'lum bo‘lishicha, isyon vaqtida Injirlikdagi bazaga ham hujum qilishgan va hukumat kuchlari qo‘lga olinganlarni ozod qilgan.

«Ssenariy muallifi» - Fathulloh Gulen

Foto: Charles Mostoller / Reuters file

Turkiya AQShda istiqomat qiluvchi Fatxulloh Gulenni isyonning tashkilotchisi va homiysi deb e'lon qildi. Ba'zi manbalarga ko‘ra boyligi 30 milliard dollarligi aytilgan Gulen AQShdan turib barchasini nazorat qilgani va uning ko‘rsatmalarini Turkiyadagi harbiylar orasidagi tarafdorlari bajarib turishgani iddao qilingan. Uning tarafdorlari harbiylarning o‘rta qatlamiga mansub bo‘lishgan. Ular orasida harbiy prokuror, 46 nafar ofitserlar bor. OAV isyonning yetakchisi Muharram Kyose ekanini yozadi. Yetakchi sobiq Turkiya harbiy havo kuchlari rahbari Akin O‘zturk degan variant ham yo‘q emas.

Hammasi Injirlikdan nazorat qilingan

Isyondan so‘ng Injirlikdagi baza rahbari Bakir Erjon qo‘lga olinadi. Turkiya tomoni hammasi aynan Injirlikdan turib nazorat qilinganini taxmin qilgan. Shu bois isyon bostirilgach, mahalliy OAVda markaziy razvedka byurosining aralashuvi haqida ko‘p yozildi.

Turkiya uchun odatga aylangan to‘ntarish...

Albatta, isyonning haqiqatga eng yaqin varianti sifatida Fathulloh Gulen tomonidan uyushtirilgani aytiladi. Ammo boshqa variantlar ham yo‘q emas. Turkiya uchun harbiy to‘ntarish yoki to‘ntarishga urinish yangilik emas. Bungacha 1960, 1971, 1980 va 1997 yillarda Turkiyada harbiy davlat to‘ntarishlari bo‘lib o‘tgan. Shu bois, bu yerda chetdan hech kim aralashmagan va isyon harbiylarning o‘z tashabbusi degan versiya ham mavjud. Harbiylar aynan Erdo‘g‘an vaqtida mamlakatning siyosiy ishlariga unchalik ham aralasha olmay qolishdi va bu ularda norozilik kayfiyatini paydo qilgani aniq. Biroq bir narsani ta'kidlash kerak, Erdo‘g‘an isyondan ikki kun oldin harbiy immunitet to‘g‘risida qonunni imzolagandi. Unga ko‘ra, mamlakat hududidagi operatsiyalarda qatnashgan harbiylarga nisbatan sud ish ocha olmasdi. Qonunda komandirlarga nisbatan faqat bosh vazir roziligi bilan ish ochilishi ko‘zda tutilgan.

«Hammasini Erdo‘g‘an uyushtirgan...»

Foto: REUTERS/Huseyin Aldemir

Erdo‘g‘an isyonning tashkilotchisi deb atagan Fathulloh Gulen ertasiga bu haqda chiqish qilib o‘z taxminini bildirgandi: «Hammasini Erdo‘g‘anning o‘zi uyushtirdi. Bu ishlar kelgusida ko‘plab odamlarni ayblash uchun xizmat qiladi».

Erdo‘g‘an amalga oshmay qolgan to‘ntarishga urinishdan so‘ng xalqining aql bovar qilmas ishonchiga sazovor bo‘lgani bor gap. Ekspertlar yaqin-yaqingacha parlamentar respublika bo‘lgan Turkiya 15 iyuldan so‘ng superprezidentlik davlatiga aylanganini aytadilar. Bu versiyani quvvatlaydigan bir ma'lumot bor. OAVda aytilishicha, Erdo‘g‘an Marmarisdagi mehmonxonadan chiqib Istanbulga qarab uchganda isyonchilarning ikkita qiruvchi samolyoti uni ta'qib qilgan, lekin ular imkon bo‘lsa-da, «birinchi bort»ga o‘q uzmagan.

Harbiy to‘ntarishga urinishdan so‘ng Erdo‘g‘an AQSh prezidenti Baraka Obamaga murojaat qilib «Xizmat» harakati yetakchisi Fathulloh Gulenni Turkiyaga qaytarishni, mamlakat aynan uni isyonchilar rahbari deb bilishini ma'lum qildi. Turkiyada isyonchilarni jazolash uchun o‘lim jazosini tiklash ham ko‘rib chiqildi. Bu mamlakatning Yevropa Ittifoqiga kirishiga to‘siq bo‘lsa-da, Turkiya hukumati gulenchilarning borligi rivojlanishga yo‘l qo‘ymaydi deb hisoblardi. Isyon mamlakatning iqtisodiy ahvoliga ham jiddiy ta'sir qildi. Turk lirasi qadrsizlanishi oqibatida mamlakat bir kechada 100 milliard dollar zarar ko‘rdi.

WikiLeaks nashri isyon haqida uning boshlanishidan bir hafta oldin olgan ma'lumotlarini e'lon qilgani yana shov-shuvlarni paydo qildi. 23 iyul kuni prezident gvardiyasi tarqatib yuborildi va mamlakatning kuch tuzilmalarida yoppasiga «tozalash» boshlandi. O‘n minglab odamlar tergov qilindi. 15 iyul Turkiya milliy bayramlari qatoriga kiritildi va bu kunni turklar milliy birlik kuni sifatida nishonlashni boshladilar.

Isyon oqibatida 265 kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida maxsus xizmatlarning 17 nafar askari ham bo‘lgan. Harbiy to‘ntarishga urinishda uchta harbiy kema, 74ta tank, 246ta BTR, 3 992ta o‘qotar qurol, 35ta samolyot va 37ta vertolyotdan foydalanilgan. Isyondan so‘ng 3 mingdan ziyod harbiylar, 100 mingdan ziyod davlat xizmatchilari ishdan olingan. Ta'lim sohasida 27 ming kishi ishdan ketgan. 15 iyul voqealaridan so‘ng 3ta axborot agentligi, 16ta telekanal, 23ta radiostansiya, 45ta gazeta va 15ta jurnal faoliyati to‘xtatilgan. 20ta saytga kirish taqiqlangan va 29ta nashriyotning litsenziyasi olib qo‘yilgan. 88 nafar OAV xodimi qo‘lga olingan va 330 nafar jurnalist akkreditatsiyasidan mahrum qilingan.

Millat qahramonligi...

Foto: REUTERS/Tumay Berkin

Yuqorida voqealar rivojini imkon boricha to‘liq esladik. Ammo asosiy fikr shuki, 15 iyul voqealarining asosiy qahramoni Rajab Erdo‘g‘an yoki Fathulloh Gulen emas davlatining taqdiriga befarq bo‘lmagan millat, yuzini hech kim ko‘rmasa-da, millati uchun jon bergan askarlar. Millionlab xalq qochib, yashirinish uchun joy qidirmadi va vatan taqdiri uchun maydonlarga intildi. O‘z bayrog‘ini, millatini va hech qachon birovga qaram bo‘lmagan Turkiyasini asrab qoldi.

Harbiylar ularni aldashganini aytishmoqda va shu bois ular tinch aholiga o‘q uzishmadi, ammo askarlar chindan ham odamlarni qirish uchun tanklarga chiqqan bo‘lishi ham mumkin edi. Ya'ni, o‘sha maydonlarga chiqqan odamlar o‘limga tik boqib ko‘chaga chiqishdi. Vatan taqdiri uchun kurashishdi, tanklar ostiga yotishdi, jon berishdi. Balki shuning uchun Turkiya bugun buyuk davlatga aylangandir, balki shuning uchun bu davlat hech qachon kimga qaram bo‘lmagan, balki shuning uchun bu davlat beshtalab davlat to‘ntarishlaridan keyin ham omon qolgandir...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid