O‘zbekiston | 15:23 / 25.07.2019
9815
4 daqiqa o‘qiladi

Nega bu yil CEFR imtihoni uchun qabul kechikdi?

Foto: Time Education

Chet tilini bilish to‘g‘risidagi CEFR imtihoni uchun joriy yilda yuzaga kelgan uzilishlar sababi haqida Davlat test markazi chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi mutasaddilari tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lumot berildi. 

«Aslida, bu yil CEFR imtihoni kechikdi, deb aytish noto‘g‘ri. Chunki hech qaysi normativ huquqiy hujjatda ushbu imtihonning yiliga necha marotaba va qaysi paytlari o‘tkazilishi tartibi belgilanmagan. Vazirlar Mahkamasining «Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorida ham CEFR imtihoni o‘tkazilish vaqti Davlat test markazi tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan», deya izoh berdi Davlat test markazi chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi boshlig‘i Sardor Rajabov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi kutishning asosiy sababi ta'lim yo‘nalishida chet tili birinchi fan bo‘lgan abituriyentlarga B2, ikkinchi va uchinchi blok bo‘lganlarga esa B1 talab qilinishi to‘g‘risidagi qaror loyihasining ishlab chiqilishi va uning 29 dekabrda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi bilan bog‘liq bo‘ldi. 

«Aytish mumkinki, bu oddiy qaror emas. Tegishli vazirlik va idoralar fikri o‘rganilib, undan so‘ng Vazirlar Mahkamasi ham qaror loyihasini alohida ko‘rib chiqib tasdiqladi. Qaror qabul qilinishi biroz muddatga cho‘zilganligi uchun biz ma'lum muddatga kutib turishga majbur bo‘ldik», deydi bo‘lim boshlig‘i Sardor Rajabov.

Shuningdek, mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra,  agar Davlat test markazi hali qaror tasdiqlanmay turib, test imtihonini o‘tkazib yuborganda ungacha bo‘lgan jarayonda olingan B1 sertifikati OTMlar tomonidan qabul qilinmasligi mumkin edi. Lekin shunday bo‘lsa-da, DTM CEFR imtihonini topshirish uchun registratsiyani qaror tasdiqlanmasdan oldin boshlagan. Sababi abituriyentlar o‘z sertifikatlarini OTMlarga qabul boshlanmasdan oldin olishlari kerak bo‘lgan.

Ma'lumot uchun: 2019 yilda CEFR imtihoni bir marta o‘tkazilgan bo‘lsa-da, jami 13 844 nafar talabgor ariza bilan murojaat qilgan, ularning 3 260 nafari, ya'ni 23.5 foizi barcha talablarni bajarib, sertifikatga ega bo‘lishdi. 

Sertifikat nomzodlarining tahliliga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2018 yilda 12 902 ta B1, 798 ta B2, 59 ta S1 darajasi uchun ariza topshirilgan bo‘lsa, joriy yildagi o‘zgarishdan so‘ng raqamlarda keskin o‘zgarish qayd etildi.  Va 2019 yil 6 032 ta ariza B1 darajasi uchun qabul qilingan bo‘lsa, 7 708 nafar nomzod B2 uchun registratsiya qilingan.

Mavzuga oid