O‘zbekiston | 15:16 / 25.07.2019
5880
3 daqiqa o‘qiladi

 “O‘zbekistonda professional testologlar tayyorlanmaydi” ─ Davlat test markazi vakili

Foto: KUN.UZ

“O‘zbekistonda professional testolog mutaxassislar yo‘q. Bu esa tizimda, ayniqsa, viloyatlarda mutaxassislar borasida muammolarni keltirib chiqaradi”. Bu haqida Davlat test markazi bo‘lim boshlig‘i Elvira Urayeva Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan “Test sinovini o‘tkazishga oid davlat siyosati: abituriyent va pedagog xodimlarning chet tilini bilish darajasini baholash” mavzusidagi matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi.

Ma'lumki, Davlat test markazida chet tilini bilish darajasi beshta ko‘nikma (grammatik va leksik salohiyat, tinglab tushunish, o‘qish, yozish, gapirish) asosida baholanadi. Dastlabki uchta ko‘nikma kompyuterlar yordamida, yozish va gapirish ko‘nikmalari inson omili asosida, ya'ni mutaxassislar tomonidan baholanadi. Bunda mutaxassislarning to‘g‘ri va xolis baholay olish salohiyati xususida DTM vakillari munosabat bildirdi.

“Chet tilini bilish darajasini aniqlash uchun 15 mingdan ziyod abituriyent ariza topshiradi. Ularni nazorat qilish, baholash uchun juda ko‘p mutaxassislar kerak. Toshkent shahridagi imtihonlarda tekshiruvchilarning ishini nazoratga olishimiz mumkin. Viloyatlarda esa bu masalada OTM rektorlariga murojaat qilamiz, baholovchi komissiyaga S1 darajaga ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb qilishlarini so‘raymiz. Bizning komissiyalarimizdagi barcha mutaxassislar ham S1 darajaga ega emas, lekin shunday bo‘lishiga harakat qilyapmiz”, ─ deydi DTM vakili Elvira Urayeva.

Vakilning qayd etishicha, har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida olingan ballar o‘rtasida katta tafovut bo‘lgan hollarda imtihon jarayonida yozib olingan audio va videoyozuvlar o‘rganiladi, talabgorning ishi qayta ko‘rib chiqiladi. Davlat test markazida 14ta til bo‘yicha imtihonlar olinadi, lekin imtihon oluvchilarning hammasi ham professional baholovchilar emas.

“Mutaxassislarimiz asosan filologlar, tilshunoslar. Testologiya, imtihon qabul qilish, baholash bo‘yicha mutaxassislarimizni qayta tayyorlaymiz. Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Davlat test markazi xodimlarini qayta tayyorlayapmiz, ularni testologiyaga ixtisoslashtirishga harakat qilyapmiz. Hududlarda imtihon jarayonlariga faqatgina DTM xodimlarini emas, shartnoma asosida yuqori malakali mutaxassislarni ham jalb qilishga urinamiz. O‘zbekistonning bironta oliy ta'lim muassasasida testolog mutaxassislar tayyorlanmaydi. Ilmiy ishlar qilinmaydi, dissertatsiyalar yoqlanmaydi”, ─ deydi mutaxassis.

Mavzuga oid